«Sher»ga aylangan Bikmaev yoxud futbolchi nihoyat matbuotda chiqish qildi

  • 3 mart, 2019, 09:35
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 2
  • Futbol
CHERY AUTO

Marat Bikmaev o‘tgan mavsumda sermahsul o‘yin namoyish etdi. Ayniqsa, «Lokomotiv» klubi bilan qator muvaffaqiyatlarga erishishida ushbu hujumchining mehnati katta bo‘ldi. Ammo O‘zbekiston terma jamoasi safida Osiyo Kubogida o‘zidan kutilgan o‘yinni ko‘rsata olmadi. Aksiga olib, nimchorak finalda Avstraliyaga qarshi uchrashuvda penaltilar seriyasida gol ura olmadi. Shundan so‘ng ushbu o‘yinchiga nisbatan tanqidlar ko‘payib ketgandi. O‘sha kezlarda biz ham Bikmaev bilan bog‘lanib suhbatlashishga urinib ko‘rgandik, biroq futbolchi hozir buning mavridi emasligini, o‘ziga kelib olish uchun biroz vaqt kerakligini aytib, ikki oylardan so‘ng gaplasha olishini ma’lum qilgandi. O‘sha paytda biz ham uning holatini to‘g‘ri tushungandik. Keyinchalik esa voqealar rivoji o‘zgarib, Marat «Lokomotiv»dan «Paxtakor»ga o‘tib ketdi. Bu jamoadagi ishtiroki esa muvaffaqiyatli boshlandi. Nihoyat, Shota Arveladze «Paxtakor»ni Osiyo Chempionlar ligasining guruh bosqichiga olib chiqa oldi. «Sherlar» Iroqning «Eyr Fors» hamda BAAda «Al Nasr» klublarini mag‘lub etgan holda hammani xursand qildi. E’tiborlisi, Bikmaev ikkala uchrashuvda ham gol urdi va jamoaning guruh bosqichiga chiqishida katta hissasini qo‘shdi. Natijada Bikmaev bilan muloqot qilish uchun yana bir bor urinib ko‘rishga qaror qildik, bu safar esa chindan ham ancha o‘ziga kelib olgan ekan, darhol taklifimizga rozi bo‘ldi va shu tariqa u bilan bir qator muhim masalalarda muloqot qildik.

Tecno

«Al Nasr» bilan o‘yin haqida

«Paxtakor» jamoasi haqiqatan Dubayda «Al Nasr»ga qarshi ajoyib o‘yin ko‘rsatdi va haqli ravishda g‘alaba qozonishning uddasidan chiqdi. Lekin uchrashuvdan oldin «sherlar»ning imkoniyatiga shubha bilan qaraganlar ham ko‘p edi. Negaki, raqib jiddiy va kuchli tarkibga ega edi. Ammo shunga qaramay, «Paxtakor» o‘z so‘zini ayta oldi. Bu g‘alabaning asosiy omili nima bo‘ldi? Marat Bikmaev esa bu xususida shunday dedi:

- Biz «Al Nasr» bilan uchrashuvga juda jiddiy tayyorgarlik ko‘rgandik. Chunki hammasi faqat bitta o‘yindan iborat edi. Biz esa barchasini yaxshi tushunib turgandik. Bundan oldin «Eyr Fors»ni yutgandik va o‘sha uchrashuvdagi g‘alabani tezroq unutishga harakat qildik. Chunki bizning asosiy raqibimiz «Al Nasr» ekanligini yaxshi bilib turgandik. Aynan ushbu o‘yinda hamma masala uzil-kesil hal bo‘lishi muqarrar edi. Biz esa saralash bahslaridan muvaffaqiyatli o‘tish uchun astoydil tayyorgarlik ko‘rgandik. Albatta, «Al Nasr»ga qarshi uchrashuv qiyin bo‘lishini ham bilardik. Ammo shunga qaramay, bu bahs biz uchun o‘ta muhim edi va g‘alaba qozonmasak bo‘lmasdi. Negaki, hamma shu g‘alabamizni xohlayotgandi. Oldimizga qo‘yilgan vazifani chiroyli tarzda uddalaganimizdan xursandman.

Ikkita o‘yinda ikkita gol

Aytish kerakki, Marat uchun «Paxtakor»dagi faoliyati omadli boshlandi. U ushbu klub tarkibida Osiyo Chempionlar ligasi saralash bahslarida ikkita o‘yin o‘tkazib, ikkita gol urdi. «Eyr Fors» hamda «Al Nasr» darvozalariga muhim gollarni urgan holda «Paxtakor»ning g‘alabalariga katta hissa qo‘shdi. Bikmaev uchun «Paxtakor»da gollar urish bir muncha osonroq kechayotgandek, go‘yo…

- Klubga kelganimda hech qanaqa muammo bo‘lgani yo‘q. Axir «Paxtakor» men uchun begona emas-ku. Jamoadagi ko‘pchilikni oldindan yaxshi bilardim. Shuning uchun bu klubga moslashishim menga sira ham qiyin bo‘lgani yo‘q. Buning ustiga barcha futbolchilar bilan tanishman va hammasini yaxshi bilaman. Baribir har qanday hujumchining birinchi galdagi vazifasi gol urish hisoblanadi. O‘z navbatida men ham shunga intilyapman. Xudoga shukrki, hozircha «Paxtakor»dagi faoliyatim juda yaxshi boshlandi. Eng muhimi, biz yutdik va Osiyo Chempionlar ligasining guruh bosqichiga chiqdik. Men gol uramanmi-yo‘qmi, buning jiddiy ahamiyati yo‘q. Muhimi, «Paxtakor»ning manfaati birinchi o‘rinda turadi.

Navbatdagi maqsad

«Paxtakor» OChL pley-off bosqichidan eson-omon o‘tib oldi. Endi barcha e’tibor guruh o‘yinlariga qaratiladi. Shunday ekan, «Paxtakor»ning keyingi maqsadi qanday bo‘ladi? Marat esa bu masalada quyidagicha javob qaytardi.

- Maqsadmi? Birinchi vazifamiz Chempionlar ligasining guruh bosqichiga chiqish edi va buni bajardik. Lekin hali keyingi maqsad haqida gaplashganimiz yo‘q. Balki keyinchalik yana qandaydir maqsad qo‘yishar. Har qanday holatda ham biz faqat g‘alaba uchun kurashamiz.

Guruhdagi raqiblar to‘g‘risida

Ammo endi yanada qiyin va murakkab uchrashuvlar kutmoqda. Chunki OChL guruh bosqichida bundan-da jiddiy raqiblar bor. Shu sababli «Paxtakor» yanada ko‘proq mehnat qilishiga to‘g‘ri keladi. Bikmaev guruhdagi raqiblar haqida ham to‘xtalib o‘tdi.

- Raqiblar to‘g‘risida to‘xtaladigan bo‘lsam, albatta guruhimizdagi jamoalar kuchli. Oson ishning o‘zi yo‘q. Biz hammasiga tayyormiz. Bilasizmi, o‘yinlarda kim ko‘proq g‘alabani xohlasa va jismoniy tomondan yaxshi tayyorgarlikka ega bo‘lsa, o‘sha jamoa yutadi. Biz guruh uchrashuvlarida ham munosib ishtirok etishga tayyorgarlik ko‘ramiz.

Bikmaev nima uchun «Paxtakor»ga o‘tdi?

Uch yil davomida «Lokomotiv» bilan chempionlikni qo‘lga kiritgan hujumchining nima uchun ushbu jamoani tark etgani ko‘pchilik uchun qiziq. Buning ustiga u «Paxtakor»ga o‘tgani ham yanada e’tiborli holat bo‘ldi. Negaki, futbolchi «Lokomotiv»ning asosiy raqobatchisi bo‘lgan «Paxtakor»ning safiga qo‘shildi. Ammo bu vaziyatda Bikmaev hammasi oddiy bo‘lganini aytdi.

- Mening «Paxtakor»ga o‘tishimning biror bir sababi bor deb o‘ylamayman. Hammasi juda oddiy. Mening «Lokomotiv» klubi bilan tuzgan shartnomam tugagandi. Keyin «Paxtakor» menga taklif bilan chiqdi. Ular mening jamoaga o‘tishimni xohlashgandi. Men esa ularning taklifini qabul qildim, shu xolos. Bu erda biror bir ortiqcha gap yo‘q.

Arveladze qanday murabbiy?

«Lokomotiv» ham, «Paxtakor» ham O‘zbekistonning kuchli klublari va ularda yaratilgan sharoitlar ham yaxshi. Shu ma’noda aytganda, Bikmaevda ikkala jamoani solishtirish imkoniyati paydo bo‘ldi. Buning ustiga «sherlar» ustozi Shota Arveladze bilan ilk bor ishlayotgan hujumchida ham murabbiy haqida qandaydir fikrlar paydo bo‘lgan bo‘lsa ajab emas.

- «Lokomotiv» bilan «Paxtakor» jamoalarini solishtira olmayman. Ikkala jamoada ham ajoyib muhit hukm suradi. Shota Arveladze haqida nima deyishim mumkin? Uni hamma yaxshi biladi. Arveladze faoliyati davomida top-klublarda o‘ynagan. U taniqli inson, shuning uchun o‘ziga yarasha nomi bor. Arveladzening mashg‘ulotlari juda qiziqarli. Hamma vaqt o‘z ishiga professional tarzda yondashadi. Aslida ham top-klublarda ish uslubi shunaqa bo‘lishi kerak. Umumiy ma’noda olganda, «Paxtakor»da hammasi yaxshi. Ortiqcha biror-bir muammo yo‘q.

«Lokomotiv»ga qarshi o‘yinlar

Ikkala klub chempionlik uchun kurashadi. Endi esa «Paxtakor» va Marat uchun «Loko» asosiy raqobatchisiga aylandi. U erda to‘rt yil to‘p surib yutuqlarga erishgan futbolchi bundan buyon o‘sha sobiq jamoasi uchun o‘yinlar qanday ahamiyat kasb etadi? Har holda temiryo‘lchilar bilan bo‘ladigan uchrashuvlar Bikmaev uchun qanday ta’sir ko‘rsatadi?

- «Lokomotiv»da to‘rt yil to‘p surdim va bor kuchimni ushbu klubga bag‘ishladim. Tabiiyki, buning o‘ziga yarasha xotiralari va hissiyotlari bo‘ladi. Sobiq jamoamga qarshi o‘yinlar qanday kechishi va o‘zimni qanday his qilishimni vaqt ko‘rsatadi. O‘sha kunlar etib kelaversin-chi. Bu to‘g‘risida yana nima desam ekan, bilmadim. O‘sha o‘yin kuni o‘zimni qanday his qilsam shunday bo‘ladi-da (kuladi). Buni o‘sha vaqtda aytaman.

Muvaffaqiyatsizlikni qanday unutdi?

Terma jamoamiz Osiyo Kubogida nimchorak finaldan qaytganidan keyin Marat Bikmaev bir muncha vaqt tushkunlikka tushib qolgandi. Lekin endilikda «Paxtakor» a’zosiga aylangan futbolchini ko‘ryapmizki, u hozirda o‘zini yaxshi his qilmoqda. Har holda ikkita o‘yinda ikkita gol urgani bunga misol bo‘la oladi. Bikmaev Osiyo Kubogidan keyin qancha vaqt tushkunlikka tushdi va bundan qanday qilib chiqib ketdi? Bunga o‘zi shunday dedi:

- Tushkunlikka tushganim yo‘q. Lekin yoqimsiz bo‘ldi. Masalan, men umuman boshqacha futbol o‘ynayman. Ammo o‘sha vaziyatga kelganda nimadir o‘xshamay qoldi. Buning ustiga Osiyo Kubogida o‘zim kutgan darajada o‘ynay olmadim. Balki menga nimadir etishmagandir. Eng asosiysi, bundan to‘g‘ri xulosa chiqarib olishim kerak. Shunchaki, bo‘lib o‘tgan ishlar yoqimsiz bo‘lgani uchun bularni ortda qoldirishga biroz vaqt kerak edi. Endi bu tarixda qolib ketdi. Shu sababli bo‘lib o‘tgan ishlarga ko‘p ham ahamiyat bermayapman. Muhimi, biz Osiyo Kubogida O‘zbekiston terma jamoasi safida bor kuchimizni berib, astoydil o‘ynadik. Sizga shuni ishonch bilan ayta olamanki, bemalol Osiyo Kubogi g‘olibligini qo‘lga kiritsak bo‘lardi.

Matbuotga bo‘lgan e’tibor

Shu o‘rinda Bikmaevdan matbuotga bo‘lgan e’tibori qandayligi haqida qiziqib ko‘rdik. OAVda chiqayotgan xabar va yangiliklarni kuzatib boradimi? Bu haqida quyidagicha javob qaytardi.

- Internet saytlariga doim ham kirib o‘qimayman. Bunga vaqtim ham bo‘lmaydi. Albatta, dam olgan paytlarimda goh-gohida xabarlarni o‘qib turaman. O‘zbek futboli to‘g‘risidagi maqolalarni, kim qanday o‘ynaganini, qaerda nimalar bo‘lgani haqidagi yangiliklarni o‘qiyman. Lekin internetda ko‘p qolib ketmayman.

Osiyo Kubogi haqida

O‘zbekiston terma jamoasining Osiyo Kubogidagi ishtirokidan keyin Bikmaev o‘zining yakuniy xulosasi haqida o‘z fikrlari bilan hali o‘rtoqlashmagandi. Shu o‘rinda futbolchi mazkur masala borasida ham o‘zining munosabatini bildirib o‘tdi.

- Hammasi yaxshi bo‘ladi. Asosiysi, bizda o‘sish bor. Ektor Kuper jamoaga o‘ziga bo‘lgan ishonch va xotirjamlikni bera oldi. Aynan shu narsalar bizga etishmay turgandi. Kuperning O‘zbekistonda ishlayotganiga endi yarim yil bo‘ldi. U biz bilan ko‘proq ishlasa jamoamiz yanada kuchli bo‘ladi. Men bunga to‘liq ishonaman.

Eldor Shomurodov to‘g‘risida

Osiyo Kubogida terma jamoamizning eng yaxshi o‘yinchilaridan biri Eldor Shomurodov bo‘ldi. U musobaqada davomida to‘rtta gol urib, o‘ziga bildirilgan ishonchni oqladi. Vaholanki, Osiyo Kubogidan oldin Marat Bikmaev asosiy hujumchi sifatida e’tirof etilayotgandi. Ammo Shomurodov Ummonga qarshi o‘yinda zaxiradan maydonga tushib gol urdi va o‘zi uchun yarimta imkoniyatdan foydalanib qoldi. Natijada asosiy tarkibda Bikmaevning o‘rnini egalladi. O‘z o‘rnida Marat Eldor haqida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

- Men buni to‘g‘ri qabul qilaman. Eldor Shomurodov zaxiradan maydonga tushib gol urdi va jamoaga kerakli g‘alabani taqdim eta oldi. Shunday ekan, albatta keyingi uchrashuvda uni maydonga tushirish kerak. Shaxsan meni bu holatni qo‘llab-quvvatlayman. Kim zo‘r sport formasida bo‘lib, gollar urayotgan bo‘lsa, o‘sha asosiy tarkibda maydonga tushishi kerak. Nega men zaxirada o‘tiribman, undan zo‘rman, degan tushuncha menda mutlaqo yo‘q. Tan olishimiz kerakki, o‘sha Osiyo Kubogida Shomurodov «ochildi». Musobaqadan katta tajriba oldi. U o‘zini ko‘rsatyaptimi, demak albatta asosiy tarkibda o‘ynashga haqli. Men uning uchun juda xursandman. Murabbiy ham to‘g‘ri qaror qildi, Eldor birinchi uchrashuvda zaxiradan maydonga tushib gol urgach, keyingi barcha o‘yinlarda boshlang‘ich tarkibda tushdi. Shunga yarasha Eldor yana gollar urib, asosiy tarkibda o‘ynashga munosibligini isbotladi. Hozirgi paytda yoshlarga yo‘l berish kerak, ayniqsa, gap terma jamoa haqida ketayotgan bo‘lsa. Shu bois men yoshlarni doim qo‘llab-quvvatlayman.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
kuperlox
03/03/2019 10:01
маратжон, ешларни кулласанг, терма жамоада уйнашдан бош торт. Сен талабга жавоб бермаяпсан, ешинг утиб колди. жч саралаш боскичи бошлангунча бирорта еш талант топайлик... уринни банд килма илтимос...
Dastan Uteuliev
06/03/2019 23:02
Марат ешларини хам уйла, пулларни эмас.