
Shohjahon Ergashev AQShdagi ikkinchi jangini Las-Vegasda o‘tkazadi
Professional boksda mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelayotgan Shohjahon Ergashev (11-0, KO11) o‘zining navbatdagi kelasi yilning yanvar oyida o‘tkazadi.
12 yanvar kuni Las-Vegasdagi “MGM GRAND” arenasida bo‘ladigan to‘qnashuvda bokschimizning raqibi kim bo‘lishi shu hafta oxirida ma’lum bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, Shohjahon AQShdagi debyut jangini amerikalik Markiz Xavtornga qarshi o‘tkazib, ikkinchi raundda texnik nokautga uchratgan edi.
Biz shuningdek, uning okaenortidagi ilk taassurotlarini havola etmoqchimiz.
- AQShdagi ilk g‘alaba bilan tabriklaymiz. Bu jang qanday o‘tdi? Umuman bundan siz nima kutgan edingiz?
- Jangga yaxshi tayyorgarlik ko‘rgan edim. Sababi hozirda juda yaxshi sport formasidaman. Tez-tez ringga chiqib turganim tajribali raqibimni mag‘lub etishda qo‘l keldi. Hammasi rejadagidek ketyapti desam ham bo‘laveradi.
- 11-jang 11-nokaut. Ajoyib natija. Endi barcha sizdan chempionlik jangi qachon bo‘ladi deb kutishmoqda...
- To‘g‘ri. Hozirda o‘zimizni ham shu savol o‘ylantirmoqda. Umuman biz ham kutayotgan jang. Biroq bu ko‘proq promouterlarga bog‘liq. 12 yanvar kuni Las-Vegasda navbatdagi jangni o‘tkazishim rejalashtirilgan. Men ham tezroq chempionlik jangida ishtirok etishni istayman. Buni sabrsizlik bilan kutyapman. Sababi ayni kuchga to‘lgan vaqtim va yoshim ham shunga mos keladi. O‘zimni ko‘rsatishim shart. Sportchi bunday imkoniyatni qo‘ldan boy bermasligi kerak. Umuman kelasi yili rejada bu bor.
- Mashg‘ulotlar odatda O‘zbekiston va Rossiyada o‘tmoqda. Ammo janglar okaenortida bo‘lmoqda. Bu sizga qandaydir noqulaylik tug‘dirmayaptimi?
- Ko‘proq mashg‘ulotlarni Rossiyada o‘tkazayotganim rost. Shuningdek O‘zbekistonda ham bo‘ladi. Aslida bokschi yaxshi sport formasida bo‘lsa, unga qaerga borib jang qilish ahamiyatga ega emas. Endi bundan buyon mashg‘ulotlarni AQShning Detroyt shtatida o‘tkazaman. Solitaire Promotion promouterlik kompaniyasi va Cron Gim zalida bo‘lib o‘tadi.
Fikrlar