
Tahlil: Terma jamoamiz muvaffaqiyatining asosi nimada?
Hamyurtlarimiz uchun deyarli yakuniga etgan Osiyo o‘yinlari O‘zbekiston tarixiga alohida zarhal harflar bilan yozib qo‘yiladigan bo‘ldi.
Xususan, bunda nafaqat Osiyo o‘yinlaridagi ishtiroki tarixidagi eng ko‘p va eng sifatli medallarni qo‘lga kiritildi, balki, ko‘plab rekordlar ham yangilandiki, bunday yutuqlar g‘alabalar qadrini yanada oshiradi.
Keling, Jakartadagi natijalarimiz haqida so‘z ochishdan oldin, delegatsiyamizning Osiyo o‘yinlaridagi ishtiroki tarixiga biroz to‘xtalib o‘tsak.
Shu kunga qadar O‘zbekiston terma jamoasining Osiyo o‘yinlari tarxidagi eng yaxshi ishtiroki 2002 yilda Janubiy Koreyaning Pusan shahrida o‘tkazilgan Osiyo olimpiadasiga to‘g‘ri kelgandi. O‘shanda vatanimiz sharafini 175 nafar atlet himoya qilgan. Musobaqa yakuniga ko‘ra, terma jamoamiz a’zolari 15ta oltin, 12ta kumush va 24ta bronza, umumiy hisobda 51ta medalni qo‘lga kiritishgandi. Umuman olganda, 14ta sport turida hamyurtlarimiz sovrindorlar qatoridan joy olishgandi.
O‘sha musobaqada delegatsiyamiz hisobiga eng ko‘p medallar olib kelgan sport turi boks bo‘lib, bunda vakillarimiz 5 ta oltin, 1 ta kumush va 3 ta bronza medalni qo‘lga kiritishgandi. Shuningdek, musobaqa yakunida delegatsiyamiz norasmiy medallar reytingida Xitoy, Janubiy Koreya, Yaponiya va Qozog‘istondan keyin 5-o‘rinni band etgan edik.
Qizig‘i, undan oldingi Bangkokda o‘tkazilgan musobaqalarda 6 ta oltin, 22 ta kumush va 12 ta bronza medallari qo‘lga kiritilgan holda, umumjamoa hisobida 10-o‘rinni band etgan bo‘lsak, 2006 yilda Doha mezbonligida o‘tgan Osiyo o‘yinlarida 11 ta oltin, 14 ta kumush va 15 ta bronza medalini qo‘lga kiritgan holda, 7-o‘rinni band etgan edik.
Keyingi Guanjou mezbonligida o‘tgan Osiyo o‘yinlari esa terma jamoamiz tarixida shu kunga qadar eng ko‘p medallar qo‘lga kiritilgan musobaqa sifatida yodda qolgandi. 11 ta oltin, 22 ta kumush va 23 ta bronza medali, jami 56 ta medal qo‘lga kiritilgan o‘sha musobaqada delegatsiyamiz norasmiy reytingda 8-o‘rinni band etgan edi.
2014 yil Janubiy Koreyaning Incheon shahri mezbonligida o‘tgan Osiyo o‘yinlari esa qaysidir ma’noda delegatsiyamiz tarixidagi eng muvaffaqiyatsiz musobaqalardan biri bo‘ldi deyish mumkin. O‘shanda vakillarimiz 9 ta oltin, 14 ta kumush va 22 ta bronza medali bilan kuchli o‘nlikdan tushib qolishgan edi.
2018 yilgi Jakarta va Palembang mezbonligida o‘tgan musobaqalar esa guvohi bo‘lganingizdek, hamyurtlarimiz uchun ancha muvaffaqiyatli o‘tdi: 21 ta oltin, 24 ta kumush va 25 ta bronza jami 70 ta medal bilan norasmiy medallar reytingida 5-o‘rin.
Xo‘sh, ushbu muvaffaqiyat nimaga asoslangan? Aynan qaysi sport turlari medallarimiz sonining ushbu ko‘rinishga etib kelishiga xizmat qildi?
Avvalo, aytish lozimki, delegatsiyamiz hisobiga eng ko‘p medallar keltirgan sport turlari kurash va boksda hamyurtlarimiz allaqachon Osiyoda o‘z gegemonligini o‘rnatib ulgurishgan. 2016 yilgi Rio de Janeyro olimpiadasidan keyin boks bo‘yicha terma jamoamiz tarkibida amalga oshirilgan rotatsiya o‘zini to‘la oqladi.
Xususan, o‘sha olimpiadada -52 kg vazn toifasida oltin medalni qo‘lga kiritgan Shahobiddin Zoirov o‘rnini Jasurbek Latipov egalladi va o‘z vaznida Osiyo tengsizligini isbotladi. Umuman aytganda, Shahobiddin Zoirovning o‘zi Rio olimpiadasida Jasurbek Latipovning o‘rnini munosib egallagan edi. Zoirovning vazni -56 kg ga o‘zgargach, Latipov o‘z o‘rnini yana qaytarib oldi. Rio-2016 dan so‘ng bir muddat ringda ko‘rinmagan Zoirovning o‘rnini Osiyo o‘yinlarida Termizda o‘tkazilgan O‘zbekiston chempionatida unga yaxshigina muammo to‘g‘dira olgan Miraziz Mirzahalilov egalladi va aytish mumkinki, ushbu rotatsiya o‘zini to‘la oqladi. Shuningdek, -60 kg vazn toifasida Rio olimpiadasida qatnashgan Xurshid Tojiboev "estafeta tayoqchasi"ni Elnur Abduraimovga topshirib ketgandi, biroq Elnur professional boksga o‘tib ketgach, "Uzbek Tigers" janglarida toblangan Shunqor Abdurasulovga ishonch bildirildi va aytish mumkinki, ishonch oqlandi.
Qolgan vazn toifalarida ham xuddi mana shu tajriba ilgari surildi. Murabbiylarning sportchilarga ularning ishtiyoqiga bildirgan ishonchlari o‘zini to‘la oqladi. Ayni shu o‘rinda boks bo‘yicha terma jamoa murabbiylari Rahmatullo Ro‘zioxunov, To‘lqin Qilichev va Marat Qurbonovlarni ham e’tirof etmaslikning iloji yo‘q. Aslida, boks bahslaridagi muvaffaqiyatlarimizning asosiy ko‘p jihatdan aynan mana shu murabbiylarga bog‘liqdir.
Kurash sport turida esa manzara biroz o‘zgacha. Ya’ni sezib turganingizdek, o‘zbek milliy sport turi bo‘lgan kurash hali Osiyo miqyosida hali boshqa sport turlari kabi keng yoyilmagan. Xususan, ushbu bahslarda ishtirok etgan polvonlarning ko‘pchiligi aslida kurashchi emas. Ya’ni vakillarimizga qarshi gilamga ko‘tarilgan polvonlarning ko‘pchiligi aslida, kurashga bir muncha yaqin sport turlaridan hisoblangan dzyudo, sambo kabi sport turlari bilan shug‘ullanib kelishadi. Aslida, bunday tajriba yakkakurashchilar orasida keng tarqalganligini ham ta’kidlash joiz. Masalan, aslida -100 kg vazn toifasida gilamga ko‘tariladigan Ilhom Jo‘raev Osiyo o‘yinlarida jiu jitsu bo‘yicha vatanimiz sharafini himoya qildi. Yoki kurash bo‘yicha +90 kg vazn toifasida hamyurtimiz Nurbek To‘raevga 1/16 fianl bosqichida imkoniyatni boy berib qo‘ygan livanlik Jad Fadel ham Osiyo o‘yinlarida bir vaqtning o‘zida ikki sport turida dzyudo bahslarida ham ishtirok etdi. Bu esa kurashchilarimizga hozircha Osiyoda jiddiy raqobat to‘g‘dira oladigan terma jamoaning hozircha shakllanmaganidan dalolat beradi.
Yana bir jihat, og‘ir atletika bahslarida ham Ruslan Nuriddinov o‘zining hali yuqori sport formasida ekanligini isbotlab qo‘ydi. Rio olimpiadasidan keyin hech bir musobaqada ko‘rinish bermagan hamyurtimiz dast ko‘tarishda 191 kg, siltab ko‘tarishda 230 kg toshni o‘ziga bo‘ysundirib, jami 421 kglik natija bilan Osiyo o‘yinlari rekordini yangilashga muvaffaq bo‘ldi. Aslida, atletimiz olimpiadadan so‘ng bergan intervyularidan birida bor e’tibori aynan Indoneziya mezbonligida o‘tkaziladigan Osiyo o‘yinlariga qaratilganligi, unvonlari qatoriga aynan ushbu musobaqaning oltin medali etishmayotganini ta’kidlagan edi. Hamyurtimiz o‘tgan ikki yil davomida o‘zini musobaqaga har tomonlama mukammal tayyorladi va natija ham shunga yarasha bo‘ldi.
Umuman olganda, terma jamoamiz Osiyo o‘yinlarida 30 ta sport turidan 232 nafar sportchi bilan qatnashdi va 17 ta sport turidan 70 ta medal bilan qaytadigan bo‘ldi. Ya’ni, bu har 3 sportchimizdan biri deyarli har 2 sport turining birida delegatsiyamiz hisobiga medallar yozdirib qo‘yganini anglatadi.
Xulosa qilib aytganda, Indoneziyadagi Osiyo o‘yinlari sportchilarimizning mintaqada sezilarli darajada kuchayganini anglatdi. Umid qilamizki, ushbu rivojlanish, 2022 yilda Xanjou mezbonligidagi turnirda yanada yuqori qo‘lgi kiritilishiga asos bo‘ladi.
Ha, aytgancha, terma jamoamizning Osiyo o‘yinlaridagi ishtiroki hali o‘z yakuniga etganicha yo‘q. Ertaga triatlon bo‘yicha terma jamoamiz miks yo‘nalishi bo‘yicha Osiyo o‘yinlarining finalb bosqichida ishtirok etadi. Ajab emas, hamyurtlarimiz medallarimiz 22-oltin medalni qo‘shib, qo‘yishsa, a, labbay, nima dedingiz?
Fikrlar