
Triatlon bo‘yicha mamlakat chempionlari aniqlandi
Navoiy shahrida Olimpiya sport turlari oilasiga kiruvchi triatlon bo‘yicha O‘zbekiston birinchiligi hamda chempionati yakuniga etdi.
Dastlab startga kirishgan 15-17 yoshli sportchilar o‘rtasida poytaxtlik triatlonchilarning qo‘li baland keldi. Kamron Xadjaev belgilangan masofani suzib o‘tdi, keyin esa velopoyga hamda yugurish mashqlarini 37 daqiqa 28 sonida bosib o‘tdi. Ruslan Safin esa undan 1 daqiqa 10 soniya ortda qoldi. Navoiylik Kiril Kisilev 39 daqiqa 11 soniya vaqtni ko‘rsatdi.
Shu yoshdagi qizlar musobaqasida navoiylik Sevara Suyarova birinchi (41 d, 56 s), qashqadaryolik Shahlo Boboqulova ikkinchi (44 d, 36 s), yana bir mezbon sportchisi Zulayho Nurillaeva uchinchi o‘rinni (45 d, 08 s. vaqt bilan) egalladi. Shu yoshli sportchilar musobaqasida umumjamoa hisobida Navoiy viloyati vakillari birinchi, Toshkent shahri sportchilari ikkinchi, Qashqadaryolik triatlonchilar uchinchi o‘ringa ega bo‘lishdi.
O‘zbekiston chempionligi va terma jamoa tarkibidan o‘rin egallash uchun 20 yoshli va undan katta bo‘lgan sportchilar startda jam bo‘lishdi. Musobaqada ishtirokchilar dastlab 1500 metr masofani suzib o‘tishlari, so‘ngra qirq kilometr masofadagi velopoygada etakchi bo‘lish uchun intilishlari va nihoyat 10 kilometr masofani yugurib o‘tishlari talab etildi.
Natijalarga ko‘ra, xalqaro toifadagi sport ustasi Javohir Yunusov 1 soat 51 daqiqa 36 soniya bilan birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlar toshkentlik Aleeksandr Kurishov hamda Shoxrux Yunusovga nasib etdi.
Ayollar o‘rtasidagi musobaqalarda samarqandlik Dildora Xudoynazarova bahslarni 2 soat 23 daqiqa 20 soniya bilan birinchi bo‘lib yakunladi. Ikkinchi o‘rin poytaxtlik Latofat Sodiqova (2 soat, 23 daqiqa, 48 soniya), uchinchi o‘rinni Toshkent viloyati vakilasi Hayotxon Abdumannopova (2 soat, 33 daqiqa 59 soniya) egalladi.
Chempionatda umumjamoa hisobida Toshkent shahri vakillari birinchi, andijonlik triatlonchilar ikkinchi, Samarqand viloyati sportchilari uchinchi o‘rinni band etishdi.
Fikrlar