Ulug‘bek Baqoev: Futbolda natijaga ta’sir ko‘rsatuvchi omillar ko‘p

  • 24 oktabr, 2018, 16:10
  • Baxtiyorjon Toshtemirov
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Kuchli oltilikka kirib olgan “Buxoro” klubining mag‘lubiyatlar seriyasiga tushib qolganini yaxshi bilsangiz kerak. Ustiga-ustak jamoaning moliyaviy tarafdan muammolari borligi ham haqiqat. Bunday paytda bosh murabbiy Ulug‘bek Baqoevga ham oson tutib bo‘lmaydi. Lekin jamoaning natijalari pasayib boryapti. Biz esa bosh murabbiy bilan mavjud masalalar xususida suhbatlashdik.

- Sizning murabbiylik ishingiz yaxshi boshlangandi. Ammo oxirgi paytlarga kelib qo‘l ostingizdagi “Buxoro” mag‘lubiyatlar girdobiga tushib qoldi. Ko‘pchilik esa jamoaning muvaffaqiyatsizligida moliyaviy tomondan muammolar sabab bo‘layotgani haqida aytishyapti. Avvalo mazkur masalaga munosabatingizni bildirib o‘tsangiz?

- Har bir klubda ish tartib bilan amalga oshirilishi maqsadga muvofiqdir. Bunday mahalda natijalarga e’tibor qaratish kerak emas. Boshqaruvimdagi klub qayd etayotgan qoniqarsiz natijalarning asosiy sababi shogirdlarimning ruhiyati bilan bog‘liq. Albatta, jamoadagi umumiy muhit, natijalarning ko‘ngildagidek chiqmayotgani ularning ruhiy o‘raga tushib qolishiga sabab bo‘lgan. Bunday paytda vaziyatdan chiqib ketish oson bo‘lmaydi. Ayniqsa, ustma-ust mag‘lubiyatlar qayd etilayotgan mahalda futbolchilarning kayfiyati havas qilsa arziydigan ko‘rinishdan ancha yiroqda bo‘ladi. Umid qilamanki, moliyaviy muammolarga qaramay, bundan keyin yaxshi natijalar bilan muxlislarimizni xursand qila olamiz.

- Vaziyat shunday darajaga etib borganki, moliyaviy qiyinchiliklar sababli futbolchlar hattoki mashg‘ulotga chiqishdan ham bosh tortishgan. Bunday vaziyatda jamoani boshqarish sizga katta muammo tug‘dirmayaptimi?

- Har bir kishi o‘z ishiga javob bermog‘i darkor. Bu gap jumladan futbolchilarga ham tegishlidir, ular professionallar. Mashg‘ulot chog‘ida umuman boshqacha – ijobiy muhit yuzaga keladi. O‘yin boshlangan mahalda esa buning tamoman aksiga tez-tez guvoh bo‘lishimga to‘g‘ri kelyapti. Shu sabab mashg‘ulotlar jarayonini ham o‘zgartirishga harakat qilyapmiz. Masalan, bugungi mashg‘ulotni trenajyor zalidan boshladik. Asosiysi, har bir shogirdim o‘zidan talab qilingan vazifalarni bajarishga harakat qilyapti. Shundan kelib chiqib aytadigan bo‘lsam, ishga bu tariqa yondashish albatta ijobiy samarasni bermasdan qo‘ymaydi.

- Ayni paytga kelib mavjud muammo borasida ijobiy o‘zgarishlar bormi?

- Moliyaviy masala haqida so‘ramoqchi bo‘lsangiz, yaxshisi rahbariyatga murojaat qilishingizga to‘g‘ri keladi. Men murabbiy sifatida ish jarayoni, mashg‘ulot va o‘yinlar natijasiga javob beraman. Shuni bilamanki, vaziyatni yaxshi tomonga o‘zgartirish uchun “Buxoro”da ish boshlab yuborilgan.

- Umuman olganda, “Buxoro”ning puli yo‘qligi haqida tashqaridan ham turli gap-so‘zlar bildirilayotgani bor gap. Bunday holatlar jamoangizga va shaxsan sizga ta’sir ko‘rsatmaydimi?

- Rostini aytsam, ko‘pincha 2016 yili qo‘lga kiritilgan 4-o‘rin haqidagi gaplarni eshitishimga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, “Buxoro”ning oldingi tarixini ham eslatib turishni istovchilar etarlicha uchraydi. Adashmasam, jamoaning oldingi nomi “Nurafshon” bo‘lgan, shundaymi?

- Ha.

- Adashmasam, “Nurafshon” o‘z vaqtida kumush medalga ega chiqqan. Agar xotiram pand bermayotgan bo‘lsa, bu voqea 1994 yili yuz bergandi. Haqiqiy tarix shu. 4-o‘rin qo‘lga kiritilgani haqidagi gap-so‘zlar faqat kishining g‘ashini keltiradi xolos. 2016 yilgi 4-o‘rindan so‘ng klubning o‘yinchilar va xodimlardan qarzlari qolgan va hozirgacha maoshlaridan bo‘lgan qarzlar to‘la ado etilmagan. 2016 yilgi oylik maoshlar va boshqa-boshqa qarzlar haligacha to‘lab borilyapti. Jamoaning ikki yildan beri qarzlarni to‘lash bilan ovora bo‘layotgan paytda ishni qanday yo‘lga qo‘yish mumkin? Bu ham “Buxoro”dagi muammolarning asosiy sabablaridan biridir. O‘yinchilar shartnomalarida ko‘rsatilgan haqlarini vaqtida olishmas ekan, bu holat ularning ruhiyatiga aks ta’sir o‘tkazmasdan qo‘ymaydi. 4-o‘rin qo‘lga kiritilgan paytda jamoada bo‘lmaganman va o‘shandagi moliyaviy muammolardan mutlaqo bexabarman. Tabiiyki, o‘sha kezlardagi ishlarga mening hech qanday aloqam yo‘q. Klubda ish boshlaganimdan beri “Buxoro” ikki bor kuchli oltilikdan joy oldi. Bunda birinchi navbatda murabbiylar shtabi vakillarining xizmati katta. Bunday taqqoslashlar bilan o‘zimizni oqlamoqchi emasmiz. 2016 yil tarixga aylangan.

- Oldingizga qo‘yilgan dastlabki vazifani bajarib, raqobat kuchli bo‘lishiga qaramay, jamoani kuchli oltilikka olib chiqdingiz. Lekin moliyaviy muammolar xohlaymizmi-yo‘qmi, baribir jamoaning o‘yiniga va natijalariga ta’sir ko‘rsatmasdan qolmaydi va ayni chog‘da ushbu jarayonni boshingizdan o‘tkazyapsiz. Endilikda esa “Buxoro”ning kuchli oltilikka kirib olganidan keyin mag‘lubiyatlar o‘rasiga tushib qolgani bois biror-bir maqsad uchun kurashmayotgani borasida ham tanqidlar bo‘lyapti...

- Har bir futbolchi uning moliyaviy talabi qondirilyaptimi yoki yo‘qmi, bundan qat’iy nazar maydonga chiqqanidan keyin zimmasidagi vazifani yaxshi ado etish haqida o‘ylamog‘i kerak. Axir futbolchilar o‘z ishining haqiqiy professionallaridir. Mag‘lubiyatlardan keyin uning sabablarini qidirishni va buni qandaydir bahonalar bilan yopishga harakat qilishni oqlamayman. Shunchaki, mag‘lubiyatlar seriyasi tufayli boya aytganimdek, o‘yinchilarimiz ruhiy o‘raga tushib qolganlar. Futbolda natijaga ta’sir etadigan omillar juda ko‘p. Ba’zida omadingiz chopadi, gohida umuman ishlaringiz yurishmay qoladi. Shuning uchun ham klubdagi moliyaviy holatni barcha omadsizliklarning asosiy sababi sifatida tilga olaverish ham noto‘g‘ri, nazarimda. Jamoadagi holatdan qoniqmaganlarga javob berdik. Umid qilamanki, keyingi uchrashuvlarda natijalarimiz ijobiy ko‘rinish hosil qiladi.

- Bir so‘z bilan aytganda, jamoaning hozirgi vaziyat murabbiy sifatida keyingi rejalaringizga o‘zgartirishlar kiritmaydimi?

- Futbolda shunday yozilmagan qoida bor: yutsa jamoa yutadi, yutqazsa murabbiy yutqazadi. Natijalar salbiy ko‘rinish olganiga qaramasdan yo‘limizda davom etishimiz kerak. Mag‘lubiyatlardan kerakli saboqni chiqara olsak, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Bilasizmi, hatto salbiy natijalar ham kutilgan turtkini berishi mumkin. Muxlislarimizga sabr-toqat tilayman. Ular bundan keyin ham bizdan yuz o‘girmay qo‘llab-quvvatlashda davom etsalar “Buxoro”ning qora kunlaridan chiqib ketishi oson bo‘ladi.

Shuhratbek Jo‘raev suhbatlashdi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!