
Xurshid Muxtorov: "Nasaf" - yulduzlar fabrikasi
Kuni kecha yana bir futbolchi “Nasaf” klubi a’zosiga aylandi va “Qizilqum” jamoasiga qarshi uchrashuvda ilk marta maydonga tushdi. Bu futbolchi – Xurshidbek Muxtorovdir. Qarshi klubi rasmiy sayti esa 23 yoshli futbolchi bilan suxbat uyushtirdi.
Futbolchi haqida umumiy ma’lumotlar
Ismi sharifi: Xurshidbek Muxtorov
Tug‘ilgan sanasi: 2 sentyabr 1994 yil (23 yosh)
Tug‘ilgan joyi: Guliston shahri
Ampluasi: himoyachi
Raqami: 28
O‘ynagan klublari: “Guliston” (Guliston), “Lokomotiv” (Toshkent), “Qo‘qon 1912” (Qo‘qon), “So‘g‘diyona” (Jizzax), AGMK (Olmaliq), O‘zbekiston OTJda ham maydonga tushgan.
2018 yil iyul oyidan – “Nasaf” klubi a’zosi
"9 yoshimdan futbolga qadam tashladim. Mening futbolga qiziqishimni onam qo‘llab-quvvatlaganlar va Guliston shahridagi BO‘SMga olib borganlar. Futboldagi ilk ustozim Rustam aka Oripov bo‘ladilar. Katta futboldagi faoliyatimni 2013 yildan boshladim. Shu vaqt mobaynida bir necha taniqli murabbiylar qo‘l ostida faoliyat yuritdim. Mana endi “Nasaf”dek nomdor klubning a’zosiman.
“Nasaf” klubidan menga odindan qiziqish bo‘lganini sezganman. Ammo klubga o‘tishim hozir juda tez ro‘y berdi. Klub rahbariyati kecha, o‘yin kuni meni ro‘yxatdan o‘tkazishdi.
Jamoaning ayrim o‘yinchilari bilan oldindan yaqin tanish bo‘lganman. Ular bilan olimpiya terma jamoamizda ham birga o‘ynaganman. Meni bu erda yaxshi qabul qilishdi. Maqsadim tez orada jamoaning to‘laqonli a’zosiga aylanish. Menimcha bu borada menga oson bo‘ladi. Chunki, jamoadagi muhit juda zo‘r. Klubdagi hamma sharoit muhayyo qilingan. Mamlakatimizdagi ko‘p klublarning hali bunday sharoitga ega bo‘lish - orzu bo‘lib turibdi. Qolaversa, “Nasaf”dek klubda o‘ynash, aksariyat futbolchilarning orzusi hisoblanadi.
Meni chap qanot himoyachisi hisoblashadi. Ammo ikkala qanotda ham o‘ynay olaman. Murabbiylarimiz maydonni qaerida o‘ynatishsa, o‘zimni ko‘rsatishga harakat qilaman.
“Nasaf” asosan jamoaviy o‘yinga asoslangan jamoa. Bu erda futbolchi boshqalarga nisbatan, sal ko‘proq harakat qilsa, tezda ko‘zga tashlanadi. Klubda nomdor futbolchi bo‘lishi uchun muhit va sharoit mavjud. O‘ylashimcha, bu imkoniyatni boy bermaslik kerak. Maqsadim, yangi jamoamga foydam teksa va jamoam yutuqlariga hissa qo‘shsam. Bu o‘zim uchun ham, klubimiz uchun ham foydali bo‘ladi. “Nasaf”ni yulduzlar fabrikasi degim, keladi.
Kecha bo‘lib o‘tgan o‘yin haqida? “Nasaf”ning birgina o‘yini bilan baho berish, xato bo‘ladi. Hamma jamoada ham pasayish yoki o‘sish bo‘ladi. Shuni to‘liq ishonch bilan ayta olamanki, “Nasaf” shu tarkibi bilan ham o‘z mavqieni saqlab qola oladi. Buni avval chetdan sezib turgan bo‘lsam, endi jamoa ichidan turib aytayapman. Bunga endi menda hech qanday shubha yo‘q. Jamoadoshlarimda ishtiyoq juda kuchli. Hamma futbolchilar murabbiylarimiz ko‘rsatmalarini bajarib, o‘zini ko‘rsatishga, jamoaga foyda keltirishga harakat qilishadi. Aytingchi, bunday jamoa o‘z maqsadiga erishmay qoladimi? Menimcha ortig‘iga ham erishadi. “Nasaf” hali o‘z so‘zini aytadi", - deydi Xurshidbek Muxtorov.
Fikrlar