Aaron Bikerstaff: "Bahodir Jalolov 1-2 yilda chempionlik uchun ringga ko‘tariladi"

  • 12 avgust, 2022, 14:54
  • Ahmadbek Eshmatov
  • 0
  • Boks
CHERY AUTO

Ertaga, 13 avgust kuni Toshkent shahrida qad rostlagan "Xumo Arena"da katta professional boks oqshomi tashkil etiladi. Yurtimizda asos solingan Lift hamda jahonning ko‘zga ko‘ringan Probellum promouterlik kompaniyasi  hamkorlikda o‘tkazayotgan ushbu turnirda kimlar jang qilishi haqida batafsil ma’lumot bergan edik. 

Bugun, ushbu jang oqshomidan avval vazn o‘lchash marosimi bo‘lib o‘tdi. Biz mazkur jarayon vaqtida Probellum promouterlik kompaniyasining tashkiliy ishlar bo‘yicha vitse-prezidenti Aaron Bikerstaff bilan uchrashdik va uni qisqacha suhbatga tortdik. 

- Assalomu alaykum. Yurtimizga xush kelibsiz!

- Rahmat. Siz orqali barcha o‘zbekistonliklarga o‘z salomimni yo‘llab qolaman. 

- Aaron Lift hamda Probellum hamkorligi davomiy bo‘ladimi?

- Albatta, bizning tashkilot turli mintaqalardagi yosh promouterlik kompaniyalarga yordam berish barobarida professional boksni jahonda yanada rivojlantirishni maqsad qilgan. 

- Bilasizmi, juda ko‘p yangi tashkil etilgan va etilayotgan promouterlik kompaniyalari mavjud, nega aynan LIft tanlandi?

- Barchaga ma’lumki, O‘zbekistonda boks juda yaxshi rivojlangan va bu erda chempion bo‘lishga qodir bir qator yoshlar bor. Shuning uchun ham yurtingizda tashkil etilgan promouterlik kompaniyasi bilan hamkorlik qilishni istadik. 

- Bahodir Jalolov Probellum tashkil qilgan jang kechalarida ringga ko‘tarildi. Hamyurtimizning promouteri Lu Dibella bilan aynan Bahodir uchun hamkorlik qilishni boshladinglarmi yoki avval ham u bilan birga ishlaganmidinglar?

- Bahodir Jalolov juda kuchli bokschi va u yaqin 1-2 yilda chempionlik jangida ishtirok etishi mumkin. Di Bellaga kelsak, u bilan rahbarimiz Richard Shiferning aloqalari yaxshi va u bilan avval ham ishlaganmiz. 

- Bahodir Jalolov 1-2 yilda chempionlik jangida ringga ko‘tarilishi juda katta voqelik bo‘lardi. Demak, Di Bella bilan hamkorlikda hamyurtimiz uchun bunday darajadagi jangni tashkil qilish imkoni bor?

- Albatta bor. 

- Jahonning PBC, TOP Rank, Golden Boy, Matchroom kabi qudratli promouterlik kompaniyalari bilan raqobatga kirishishga qodirmisizlar?

- Ha, bizning imkoniyatlarimiz ham ularnikidan aslo kam emas. 

- So‘ngi vaqtlarda bir qator professional boks olamidagi yulduzlar Probellum bilan shartnoma imzolayapti. bu nima bilan bog‘liq, moliyaviy jihatdan yaxshi takliflar berilmoqdami?

- Bu moliyaviy tomonga bog‘liq emas. Bizdan ko‘p to‘laydiganlar ham talaygina topiladi. Bizning jamoa ajoyib va bokschilarning tashkilotimizga va uning mutasaddilariga bo‘lgan ishonchi yuqori. Chunki, Richard Shifer Oskar Dela Xoya bilan Golden Boy ni rivojlantirgan, MMA olamida UFC promoushenining yuksalishida Erik Vinterning xizmatlari yuqori. Xarrison Uitman ham ajoyib mutaxassis, buni barcha yaxshi biladi va shuning uchun ham biz bilan ishlashni xohlashmoqda.

- Odatda, jang kechalarini o‘tkazish uchun Birlashgan Arab Amirliklarini maqul ko‘rmoqdasizlar?

- Bu yurtda bir yilda bir marotaba turnir tashkil etamiz. Asosiy jang kechalarimiz Buyuk Britaniyada, bir yilda 12 marotaba bo‘lib o‘tadi. Albatta, geografiyani ham kengaytirish harakatidamiz. 

- Bokschilar bilan shartnoma tuzishda qanday kriteriyalar inobatga olinadi. Misol uchun, havaskor yo‘nalishdagi natijalarga ham e’tibor beriladimi?

- Bilasizmi, havaskordagi natijalari u qadar ahamiyatli emas, deb o‘ylayman. Biz barchasini o‘sha vaqtdagi shart-sharoit, vaziyat va uning salohiyatiga e’tibor qaratamiz. Masalan, qo‘l ostimizda 20 ta og‘ir vazn toifasidagi bokschimiz bo‘lsa, boshqa bu vazndagi bokschi bilan shartnoma tuzmaymiz. U xavaskorda ajoyib natijalar qayd etgan bo‘lsa ham. 

Probellum tomonidan tashkil etiladigan navbatdagi jang kechasida o‘zbekistonlik bokschilarning ringga ko‘tarilish ehtimoli bormi?

- Hozir aniq fikr ayta olmayman. Chunki, "fayt-kard" borasida menda to‘liq ma’lumot yo‘q. Katta ehtimol bilan Bahodir Jalolov ringga ko‘tarilishi mumkin. Balki, yana boshqa yurtdoshlaringiz ham jang qilib qolar. Buni vaqt ko‘rsatadi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!