Abduqodir Husanovning narxi bir yil ichida necha barobarga oshdi?
Angliya Premier-ligasida toʻp tepadigan futbolchilarning transfer qiymati yangilandi. Natijada Oʻzbekiston milliy terma jamoasi va "Manchester Siti" himoyachisi Abduqodir Husanovning ham narxi sezilarli darajada oshdi.
Transfermarkt portali maʼlumotiga koʻra, 21 yoshli futbolchining transfer bahosi 35 million evrodan 50 million evroga koʻtarildi. Shu tariqa, Husanovning qiymati 15 million evroga yoki qariyb 43 foizga oshdi. Bu esa avvalgi narxiga nisbatan 1,4 barobar oʻsishni anglatadi.
Oʻzbekistonlik himoyachining narxi soʻnggi mavsumdagi barqaror oʻyinlari va "Manchester Siti" safidagi ishonchli harakatlari ortidan oshirildi. Yangi baho bilan Husanov ayni paytda Osiyo qitʼasining eng qimmat futbolchisi boʻlib turibdi.
Maʼlumot uchun, Husanov hozirda Oʻzbekiston milliy terma jamoasi safida 2026 yildgi Jahon chempionatiga tayyorgarlik koʻrmoqda. Vakillarimiz mundial oldidan navbatdagi nazorat uchrashuvini Niderlandiyaga qarshi oʻtkazadi.

Fikrlar