Abramov ishtirokidagi qiziqarli matbuot anjumanini to‘liq shaklda o‘qishingiz mumkin

  • 26 iyun, 2020, 01:00
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Coca Cola Superligasining 6-turida "Bunyodkor" o‘z maydonida "Lokomotiv" jamoasini 2:0 hisobida mag‘lub etdi. Ishonchli g‘alabani tantana qilgan "qaldirg‘ochlar" bosh murabbiyi Vadim Karlenovich bellashuvdan keyin o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi va jurnalistlarni qiziqtirgan savollariga javob qaytardi.

Tecno

- "Paxtakor"dan uchralgan mag‘lubiyatdan so‘ng, muxlislarni ishonchini oqlashimiz kerak edi. Futbolchilarimiz harakat qilishdi va ularga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. O‘ylaymanki, g‘alabaga munosib edik. Raqibimiz safida tajribali va juda kuchli futbolchilar jam bo‘lgan. Deyarli, terma jamoa darajasidagi o‘yinchilar harakat qiladi. Aynan, shunday jamoaga qarshi bahsda o‘yin tizginini qo‘lga oldik va raqibga imkon qoldirmadik. Ularning tarkibidan farqli o‘laroq bizda ikkitagina tajribali futbolchilar Lutfulla To‘raev va Shaxboz Erkinov harakat qilishdi. Qolganlar esa tahminan 23 yosh atrofidagi yaxshi sport formasiga ega bo‘lgan o‘yinchilardir. Bir tomondan, ularda Premer liga darajasidagi katta tajriba yo‘q, aksariyatlari ikki yil ichida APL darajasida o‘ynay boshlagan. Bu narsa bugungi bahsda namoyon bo‘ldi. Biroz asabiy bellashuv guvohiga aylandik, aks holda, yirikroq hisobda zafar quchishimiz mumkin bo‘lardi.

- Bugun tarkibda kutilmagan syurprizlarni ko‘rdik. Ibrohimhalil Yo‘ldoshev asosiy tarkibda tushishi shaxsiy qaroringizmidi? Shu haqda, nima deya olasiz?

- Hech qanday syurpriz emas. Men uni yaxshi futbolchi ekanligini bilardim va uni ijaraga olish imkonidan foydalandik. Ustiga-ustak, chap qanot himoyamizda muammo bor edi. O‘tgan turda o‘ng qanot futbolchisi ham jarohat oldi. Bizni zahiramiz unchalik keng emas. Uni kelajagi porloq va terma jamoaga ham nomzod bo‘la oladigan futbolchi. Shuning uchun Yo‘ldoshevni yaqinroq bilish uchun chaqirgandik. Bugun ham "Lokomotiv" kabi jamoaga qarshi debyut qilib, o‘zini yaxshi tomonlama ko‘rsata oldi.

- "Lokomotiv" shunday o‘yin ko‘rsatishini oldindan bilganmidingiz?

- So‘zsiz, "Loko"ning uchrashuvlarini kuzatgandim. Ko‘rsatgan o‘yinimizdan ham biz ularni yaxshi o‘rganganimiz bilinib turibdi. Uchrashuv kutganimdek kechdi, lekin buni aniq bilardim, degani emas. Chunki, maydonda futbolchilar raqib o‘yinidan kelib chiqib, harakat qiladi.

Har qanday yaxshi murabbiy futbolchilarga klub safida o‘zini ko‘rsatib, terma jamoadan chaqiruv olish imkoniga ega bo‘lishini ta’kidlaydi. Terma jamoada kuchli futbolchilar to‘p tepadi. Shuni alohida aytishim kerakki, futbol jamoaviy o‘yin va shuning uchun ayrim individual kuchli futbolchilar o‘z mahoratlarini to‘liq namoyish etib bera olishmaydi. Ayrimlar borki, jamoaviy o‘yinsiz o‘zini ko‘rsatolmaydi. Futbolchi maydonda bir o‘zi hech narsa qila olmaydi. O‘ylashimcha, Abduholiqov yana-da yorqinroq o‘ynashi mumkin edi. U ham terma jamoaga nomzod futbolchi. Umuman, "Loko" tarkibida nomzodlar ko‘p! Aytganimdek, barchasi jamoaviy o‘yinga bog‘liq! Juda kuchli futbolchilar bor, ammo barchasi jamoaviy o‘ynab keta olishiga bog‘liq.

- Mirjahon Mirahmadov hujum chizig‘ida yaxshi o‘yin ko‘rsatardi. Hatto, gol urardi. Hozirda, Erkinovda ham, Murtazoevda ham bunday o‘yin ko‘rinmayapti.

- Maydonda nechta hujumchi harakat qilishi muhim emas. "Manchester Siti" ham bittagina hujumchi bilan o‘ynaydi, ammo barcha futbolchilar jarima maydoniga intilib, harakat qilishadi. Barchasi biz tomondan berilgan topshiriqlarni qanday bajarishligiga bog‘liq.

- Internet tarmoqlarida "Bunyodkor"ning qarshi hujumlarini APL klublariga o‘xshatishyapti. Agar "Bunyodkor"ni ingliz klublariga solishtirsak, qaysi jamoaga qiyoslagan bo‘lardingiz?

- Birinchi navbatda "Liverpul" va Manchester Siti"ni aytgan bo‘lardim. Nima uchun yo‘q? Hozir kulguli tuyulishi mumkin, ammo ularga qarshi o‘ynasak kurashgan bo‘lardik. Bunday issiqda, ular ko‘p yugura olishmaydi.

- Ularga qarshi yaxshi o‘ynay olgan bo‘lardik, deb o‘ylaysizmi?

- Nima uchun yo‘q? Ular boshqacha odamlar, deb o‘ylayapsizmi? Ishoning menga, ranglarimiz bir hil, hech qanday muammo yo‘q! Yodingizda bo‘lsa, "Lokomotiv" bilan "Borussiya Dortmund"ni mag‘lub etganmiz. Avstriyada bir qator yaxshi jamoalarga qarshi bahslashganmiz. Ular ham boshida bizga qarab, kim ekan bu kelgan kulguli insonlar, deb o‘ylashgan. Bizga mag‘lub bo‘lishganidan so‘ng, salomlashishni boshlashgan. Savolni balandroq beravering, ular baribir eshitishmaydi.

- Bahs boshida asabiy ko‘rindingiz. Bu o‘tgan turdagi yirik mag‘lubiyat bilan bog‘liqmi? "Loko"ga qarshi bahsda havotirlanayotgandingizmi?

- Ha, 0:5 dan keyin, biroz qayg‘urayotgandim. Jamoaga bu hisobning ahamiyati yo‘q ekanligini tushuntirdim. Aytib o‘tganimdek, jamoamizda katta tajriba yo‘q. Bugun maydonga tushib, g‘alabani qo‘lga kirita olgan yigitlarga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Bilasizki, g‘alaba qozonsak ham, mag‘lub bo‘lsak ham men sukut saqlayman. Muammolarimiz esa juda ko‘p. Bunday muammolar bilan jamoani ko‘tarish juda qiyin.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!