Adnan Oraxovats: O‘zbekistonda meni yoqtirishardi

  • 28 mart, 2019, 22:13
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Bundan avvalroq saytimizda Tailand chempionatida to‘p surayotgan hamyurtimiz Artyom Filiposyan haqida maqola chop etgandik. U o‘ynayotgan «Prachuap» jamoasida undan tashqari muxlislarimizga yaxshi tanish bo‘lgan chernogoriyalik himoyachi Adnan Oraxovats ham to‘p surmoqda. Aynan ushbu legioner orqali Artyom Filiposyan Tailand chempionatiga ko‘chib o‘tgan. Adnan bir necha yil yurtimizda to‘p surgan holda «Paxtakor» bilan «Dinamo» sharafini himoya qilgandi. Aytish kerakki, ushbu legioner o‘zidan yaxshi taassurot qoldira olgandi. Shu bois haligacha yurtimizda Oraxovatsni eslab turishadi. Shuni inobatga olgan holda Filiposyan bilan bir jamoada o‘ynayotgan serbiyalik futbolchi bilan ham bog‘landik. U shu fursatdan foydalangan holda O‘zbekistondagi xotiralari esladi.

Tecno

«O‘zbekiston chempionatining saviyas yaxshi edi»

- O‘zbekistonda uch yil davomida faoliyat olib bordim. Bemalol ayta olamanki, u erdan ajoyib taassurotlar qolgan. Ayniqsa, «Paxtakor» bilan muvaffaqiyatlarga erishganimiz juda yoqimli bo‘lgandi. 2015 yili ushbu klub safida mamlakat chempioni bo‘ldim. Bizda ajoyib jamoa bor edi. Bizda shunday kollektiv bor ediki, ta’riflashga til ojiz edi. Qolaversa, chempionatning saviyasi ham yaxshi edi. Chempionlik uchun to‘rtta jamoa kurash olib borardi.

«Paxtakor»da o‘ynab O‘zbekistonga tanildim»

- «Paxtakor» jamoasiga kelganimda hozirgidan ancha yosh edim. «Paxtakor» o‘z tarixiga ega bo‘lgan boy jamoa hisoblanadi. Bunday jamoa safida o‘ynab men O‘zbekistonga tanildim. O‘zimga yarasha nom qozondim, futbolchi sifatida o‘sdim. Osiyo Chempionlar ligasida o‘ynashga erishdim. «Paxtakor»da har doim yaxshi mutaxassislar ishlashgan. Qolaversa, yoshlarga ham katta e’tibor qaratishadi. Biz o‘ynagan paytlarda 3-4 nafar tajribali futbolchilar bor edi va qolgani iste’dodli yoshlardan iborat edi. Bu men uchun katta tajriba maktabi bo‘lgan. - Siz ham yaxshi bilasiz, «Paxtakor»ga yangi rahbariyat kelgan. Endilikda bu klub moliyaviy tomondan yanada baquvvat ko‘rinishga keldi. Buning natijasida «Paxtakor» ancha kuchaydi. Vaqtim bo‘lganida «Paxtakor», «Lokomotiv», «Metallurg», «Dinamo» kabi jamoalarning o‘yinlarini kuzatib turaman.

«Samarqandda meni yoqtirishardi»

- «Dinamo»dagi faoliyatimdan ham albatta yaxshi taassurot qolgan. Jamoaning rahbarlari va muxlislari meni juda yoqtirishardi va hurmat qilishardi. O‘zimga bildirilayotgan bunday e’tibor va munosabatdan ruhlanib har bir o‘yinda 100 emas, balki 150 foiz kuch bilan o‘ynashga harakat qilardim. Samarqandga nega borgandim? Sababi shundaki, «Dinamo»ni oliy ligada olib qolish maqsadida ularga yordam berish uchun borganman. Afsuski, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi «Dinamo»ni quyi ligaga tushirib yubordi. Aslida biz «Dinamo»ni oliy ligada olib qolib, oldimizga qo‘yilgan vazifani bajargandik. Ammo xabaringiz bor, yangi rahbariyat chempionat reglamentini o‘zgartirib, 12 ta jamoani qoldirdi. Shuning oqibatida «Dinamo» birinchi ligaga tushib ketishga majbur bo‘lgandi.

«Tailandda menga yaxshi pul taklif qilishdi»

- «Dinamo»da o‘ynab faoliyatimni tugatganimdan so‘ng menga Tailand klubidan taklif paydo bo‘ldi. Yashirmayman, o‘shanda menga O‘zbekistonning yana bir-ikkita klublaridan ham qiziqishlar bo‘lgandi. Lekin mablag‘ tomonlama tailandliklarning taklifi juda yaxshi edi. Natijada men Tailand variantini tanladim. Hozirda «Prachuap» jamoasi sharafini himoya qilyapman. Bizning klub kichkinagina. Ammo tashkiliy ishlari joyida. Klubning homiylari ham baquvvat. Shuning uchun bu erda meni hamma narsa qoniqtiradi. Shunga yarasha klubdagi odamlar va mahalliy muxlislar bilan munosabatlarimiz juda yaxshi, ular meni yoqtirishadi.

«O‘zbekistonda do‘stlarim ko‘p»

- O‘zbekistonda ko‘plab do‘stlarim bor. Aksariyati bilan gaplashib turaman. Akbar Ismatullaev, Egor Krimets, Vladimir Kozak, Jamshid Iskanderov, Sherzod Karimov, Kamoliddin Tojiev, Davron Hoshimov, Jaloliddin Masharipov, Jasur Azimov va boshqalarni aytishim mumkin. Murabbiylardan esa Andrey Shipilov, Ilhom Mo‘minjonov va Mirko Yelichich bilan aloqada bo‘lib turaman.

«Filiposyanni yaxshi bilganim uchun uni tavsiya qilganman»

- Hozirgi o‘ynayotgan jamoam uchun markaziy himoyachi kerak edi. U esa albatta osiyolik futbolchi bo‘lishi shart edi. Agentim esa mendan O‘zbekistonda yaxshi himoyachilar bormi deb so‘radi. Artyom Filiposyanning imkoniyatlarini yaxshi bilganim uchun agentimga uni tavsiya qildim. Keyin o‘zi bilan gaplashdik va videoroliklarini murabbiylarga ko‘rsatganimizda Filiposyanni yoqtirib qolishdi. Lekin undan boshqa o‘yinchilarni bu erga taklif qilganim yo‘q. Nimagaki, men agent bo‘lib ishlamayman. Mening vazifam futbol o‘ynash. Shunchaki, mendan maslahat so‘rashdi va ularga tavsiyamni berdim.

«To‘g‘ri, O‘zbekistondan takliflar bo‘ldi, lekin…»

- To‘g‘ri, o‘tgan vaqt davomida menga yana O‘zbekistondan takliflar bo‘ldi. Lekin meni ayni paytda «Prachuap» bilan ikki yillik shartnomam bor va bunga amal qilishim joiz. Buning ustiga bu erda meni boya aytganimdek, hamma narsa qoniqtiryapti.

«Yoqimli g‘alabalarimiz ko‘p bo‘lgan»

- O‘zbekistondagi faoliyatim davomida esda qolarli va yoqimli g‘alabalar ko‘p bo‘lgan. Masalan, «Paxtakor»da o‘ynab yurganimda «Lokomotiv»ni 2:1 hisobida yutganmiz. Keyin Osiyo Chempionlar ligasida «Al Jazira»ni 3:1 hisobida mag‘lub etganmiz. Bu o‘yinlar juda muhim va ahamiyatli edi. Shu bois o‘sha o‘yinlardagi g‘alabalar ikki hissa ko‘proq yoqimli kechgan. Umuman olganda, men O‘zbekistonni juda sevaman. Mahalliy taomlarining mazasi esa boshqacha. Ayniqsa, osh mening jon-u dilim.

«Tailandda braziliyaliklar ko‘pligi uchun texnikaviy futbol o‘ynashadi»

- O‘zbekiston chempionatida o‘yinlar davomida ko‘proq kurashlar kuzatiladi. Ayniqsa, oxirgi paytlarda jismoniy tomondan kuchga tayanilmoqda. Tailandda esa ko‘proq texnikaga tayangan holda futbol o‘ynashadi. Chunki bu erda deyarli har bir jamoada 2-3 tadan braziliyalik futbolchilar bor. Ularni esa tabiiyki texnikalari kuchli.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!