
Afsonaning qaytishi va ikki o‘rinbosar! "Real" yana 3 ta transferni amalga oshirishi mumkin
Barcha top-klublar yangi mavsumga jiddiy hozirlik ko‘rmoqda. Karlo Anchelotti boshchiligidagi "Real" hozircha bor e’tiborini keraksizga aylangan yulduzlarni qo‘yib yuborishga qaratgan. "Qirollik klubi" endigina hujumchi Luka Yovichdan qutildi, Isko, Marselo va Beyl kabi "qariya"lar bilan chiroyli xayrlashdi. Yana bir nechta futbolchilar Madridni tark etishi kutilmoqda.
"Qaymoqranglilar" tarkibi ideal holatda emas. "Real" barcha sovrinlar uchun kurashmoqchi bo‘lsa, nafaqat sotishi, balki yangi o‘yinchilar bilan shartnoma imzolashi ham kerak. 3 nafar futbolchi mavsumlar oralig‘ida poytaxt klubi safiga kelib qo‘shilishi mumkin.
Fran Garsiya
Bu transferning amalga oshish imkoniyati kundan kun kamayib bormoqda. Garsiyaning madridliklar safiga o‘tishi haqidagi mish-mishlar avvalgidek aktual emas.
Ryudigerning kelishi Alabani qanot himoyasiga ko‘chiradi. O‘z-o‘zidan Ferlan Mendi zaxira o‘rindig‘idan joy oladi. Markazda Militao harakat qilsa, o‘ng qanotda Karvaxal o‘ynaydi. "Qirollik klubi"ning yangi mavsum uchun himoya chizig‘i shunday ko‘rinish olgan. Anchelotti asosan markazda rotatsiya qilishi kutilmoqda.
Agar "Real"ga chap qanot himoyachisi kerak bo‘lsa, eng yaxshi nomzod bu – Fran. Fulbekning trasfer narxi ham past, qolaversa, u "Rayo"ga yo‘l olishidan avval "Kastilya"da harakat qilgan.
Serj Gnabri
Madridda Gnabri haqidagi mish-mishlar ham deyarli har kuni urchiyapti. O‘tgan mavsum "Real"da faqat ikki futbolchi - Karim Benzema va Vinisius Serjdan ko‘ra ko‘proq gol urgan.
Anchelotti Asensio borasidagi takliflarni ko‘rib chiqishga ruxsat berdi. Agar Marko jamoadan ketadigan bo‘lsa, Gnabri unga mos o‘rinbosar bo‘ladi. Germaniyalik futbolchiga har bir o‘yinda maydonga tushish kafolatlanmagan. Sababi o‘tgan mavsum qiyin o‘yinlarda "qaymoqranglilar" joniga ora kirgan Rodrigo unga etarlicha raqobat tug‘dira oladi. Bu ularning ikkisiga ham foydali bo‘lardi. Gnabri Bundesligada kamida 15 ta gol urib kelmoqda, La Ligada bu raqam o‘sishi mumkin.
Krishtianu Ronaldu
Uchlikdagi amalga oshishi eng qiyin bo‘lgan transfer. Ammo shunga qaramay, portugaliyalikning sobiq klubiga qaytish ehtimoli bor. Vinisius va Benzemaning ko‘magidagi Ronalduning so‘nggi raqsi? Bu hammaga qiziq bo‘lsa kerak.
Krishtianu MYu rahbariyatidan o‘zini qo‘yib yuborishini so‘ramoqda. Uning fikricha, "qizil iblislar"da ambitsiya yo‘q! Ronaldu faoliyatining so‘nggi yillarini sovrinlar uchun kurashadigan jamoada o‘tkazmoqchi.
Madridga to‘purar kerak va Krish har qanday jamoani gol bilan ta’minlay oladi. Qolaversa, ayni damda 5 karra "Oltin to‘p" sohibining bozori chaqqon emas. U Italiyaga yaqin vaqt ichida qaytmoqchi emas, "Bavariya" va PSJga esa kerak emas. Shuningdek, "Chelsi" ham Ronni transferidan voz kechdi.
Florentino Peres katta ehtimol bilan bu xaridni amalga oshirmaydi. Ammo hech bo‘lmasa bir mavsumga afsonasini qaytarish qoyilmaqom ish bo‘lardi.
Fikrlar