Aftidan, "Paxtakor" muddatidan oldin chempionlikni rasmiylashtiradi chog‘i...
Chempionatimizda 16-tur bahslari ham yakuniga etdi. Aytish mumkinki, borgan sari chempionlik uchun kurashda «Paxtakor» katta farq bilan ilgarilab ketmoqda. Bu ketishda Arveladze jamoasi muddatidan oldinoq chempionlikni rasmiylashtiradiganga o‘xshamoqda. Chunki «Lokomotiv» bu turda ikki ochkoni yo‘qotgan bo‘lsa, «Paxtakor» raqiblari darvozasiga beshtadan gol urishda davom etyapti. Natijada o‘rtadagi ochkolar farqi 13 taga etdi.
«Loko» ketma-ket ikkinchi o‘yinda ham «Surxon»ni yuta olmadi
Yaqinda O‘zbekiston Kubogining nimchorak finalida «Surxon» o‘z maydonida «Lokomotiv»ni 3:1 hisobida taslim qilib, musobaqadan chiqarib yuborgandi. Oradan hech qancha vaqt o‘tmay yana ushbu jamoalar Termizda kuch sinashishdi. Endigi to‘qnashuv esa Superliga bahsi sifatida qayd etilgandi. Kubokdan chiqib ketgan «Loko» Termizga bu safar yaralangan sher sifatida borib, o‘sha mag‘lubiyat uchun revansh olishi kutilgandi. Lekin ikkinchi davrani kutilganidek boshlay olmagan Samvel Babayan jamoasi bu safar ham muxlislarini g‘alaba bilan xursand etishning uddasidan chiqa olmadi. Qaytanga, temiryo‘lchilar yana mag‘lubiyatga uchrashga oz qolgandi. Ammo hakam tomonidan qo‘shib berilgan 90+5-daqiqada mehmonlar javob golini urib, mag‘lubiyatdan arang qutilib qolishdi. Vaholanki, «Loko» birinchi davrada o‘z uyida «Surxon»ni 5:1 hisobida tor-mor keltirgandi. Lekin ikkinchi davraga kelib vaziyat o‘zgardi va oxirgi ikkita uchrashuv Babayan jamoasi bosh murabbiysiz qolgan «Surxon»ni mag‘lub eta olmadi. Shuningdek, «Lokomotiv» chempionlik uchun kurashda endi «Paxtakor»dan 13 ochkoga ortda qolib ketmoqda. Endi chempionatimizda kim chempion bo‘lishi hammaga tushunarli bo‘lsa kerak-a?
Namanganlik muxlislar Kanchelskisni qumsashmoqda
Doimgidek diqqat-markazimizda bo‘lib kelgan «Navbahor» yana alohida mavzuga aylanmoqda. Rossiyalik taniqli murabbiy Andrey Kanchelskisni ishdan bo‘shatib, o‘rniga tayinlangan Deyan Jurjevich hozircha kutilgan natijani bera olmayapti. Klub rahbarlariga esa aynan qisqa fursatda natija ko‘rsatish uchun serbiyalik murabbiy taklif etilgandi. Lekin ikkinchi davrani o‘z uyida «Qizilqum»ga qarshi mag‘lubiyat bilan boshlab, so‘ng Buxoroda durang o‘ynab qaytgan «Navbahor» bu safar o‘z uyida OKMKga imkoniyatni boy berdi. Endi ko‘pchilik Kanchelskisni iste’foga chiqarish xato qaror bo‘lganini ta’kidlashmoqda. Jurjevichga esa jamoani o‘zi istagan darajada shakllantirishi uchun baribir vaqt kerakligi yaqqol ko‘rinib turibdi. E’tiborlisi, «Navbahor»ning o‘z maydonida OKMKga mag‘lub bo‘lganidan keyin muxlislar stadion tashqarisida o‘z noroziliklarini bildirishgan holda Jurjevichning iste’fosini talab qilgan holda yana Kanchelskisni qaytarishni so‘rab baqirishgan.
Arveladzedan Muhammadievga yana master-klass!
«Buxoro» jamoasi hali hamon inqiroz ko‘chasidan chiqib keta olmayapti. Tojikistonlik murabbiy Muhsin Muhammadiev ikkinchi davrada vaziyat o‘zgarishini aytgandi. Lekin uning gaplari hozircha o‘z tasdig‘ini topmayapti. Yozda tarkibga yangi o‘yinchilar qo‘shildi. Ayniqsa, legionerlar limitidan to‘liq foydalandi va besh nafar xorijlik o‘yinchiga ega bo‘ldi. Shunga qaramay, «Buxoro» hamon yutqazishda davom etyapti. 16-turda esa Muhammadiev jamoasi bilan Toshkentda «Paxtakor»ga qarshi o‘ynadi. Lekin bu safar ham Arveladze Muhammadievga master-klass ko‘rsatdi, o‘yin esa mezbonlarning yaqqol ustunligi ostida o‘tdi. E’tiborlisi, birinchi davrada ham «Paxtakor» «Buxoro» maydonida javobsiz beshta gol urishning uddasidan chiqqandi va o‘sha bahs Muhammadievning debyut o‘yini edi. Aftidan tojikistonlik mutaxassis hali hamon «Buxoro»ni jipslashtira olmayotgan ko‘rinadi. «Sherlar» esa bu ketishda muddatidan oldin chempionlikni rasmiylashtirishlari ham hech gap emas. Har holda hozircha voqealar rivoji shunga qarab ketmoqda. Qolaversa, o‘tgan turda Navoiyda beshta gol urgan bo‘lsa, bu safar ham yana shuncha gol urdi. Ochig‘i, «Paxtakor»ga nechta gol urishning farqi qolmayapti.
«Dinamo»ning ketma-ket uchinchi mag‘lubiyati
Bungacha 15 ta o‘yinda bor-yo‘g‘i bitta g‘alaba qozongan qo‘qonliklar nihoyat bu turga kelib o‘zining mavsumdagi ikkinchi g‘alabasini qo‘lga kiritishdi. Birinchi davrada kichik sensatsiya ko‘rsatgan «Dinamo» ikkinchi davrada buning aksini ko‘rsatyapti. Ular ketma-ket uchinchi o‘yinda uchinchi mag‘lubiyatni tan olishga majbur bo‘lishdi. Ayniqsa, Samarqandda chempionat autsayderiga yutqazgani «Dinamo» ustozi Davron Fayzievga ham og‘ir botgani aniq. G‘alabaga zor bo‘lib kelayotgan «Qo‘qon-1912» uchun esa safarda qo‘lga kiritilgan uch ochko ayni muddao bo‘ldi. Endi mazkur muvaffaqiyat qo‘qonliklarning ruhini yanada ko‘tarishi uchun xizmat qilishi kutilmoqda.
Nihoyat, Xomyakovning imzosi ko‘rinyapti…
«Andijon»ga Aleksandr Xomyakov kelganidan keyin jamoa o‘yini ijobiy tomonga o‘zgarib boryapti. Ushbu mavsum hisobidan andijonliklar mehmondagi dastlabki g‘alabasini qo‘lga kiritishdi. Bekobodda «Metallurg»ning maydonidan g‘alaba bilan qaytish ancha-muncha jamoaning qo‘lidan kelmas edi. Biroq Xomyakovning o‘yin uchun ishlab chiqqan taktikasi ish berdi. Vaholanki, bekobodliklar birinchi davradagi omadsizlikdan keyin ikkinchi davrani ketma-ket ikkita g‘alaba bilan boshlagandi va ayniqsa, Qarshida «Nasaf» ustidan g‘alaba qozonib qaytgandi. Lekin «Andijon» ham ikkinchi davrani yaxshi boshlaganini unutmaslik kerak. Ular o‘z uyida «Buxoro»ni engdi va mehmonda OKMKga qarshi uchrashuvda tayyor g‘alabani qo‘ldan chiqarib durang o‘ynagandi. Shunga qaramay, «Metallurg»ga qarshi uchrashuvda «Andijon» g‘alaba uchun borini berdi. Ko‘rinib turibdiki, rossiyalik murabbiy jamoa o‘yinida burilish yasay olyapti. Muhimi, andijonliklarning o‘yinida murabbiyning imzosi ko‘rinib turibdi. Shuningdek, ular gol urish borasida ham samaradorlikni namoyish etishyapti. Hozircha «Andijon» jamoasi har bir uchrashuvida ikkita gol urib kelyapti.
Baqoevning «So‘g‘diyona»dagi maqsadi jiddiyga o‘xshaydi
Ulug‘bek Baqoev boshchiligidagi «So‘g‘diyona» jamoasi maqtovga loyiq o‘yin ko‘rsatayotganini alohida aytishimiz joiz. Ular ikkinchi davrani ketma-ket uchta g‘alaba bilan boshladilar. Dastlab o‘z uyida «Lokomotiv»ni mag‘lub etdi, so‘ng safarda «Qo‘qon-1912»ni engib qaytdi. Endi bo‘lsa, Jizzaxda «Qizilqum» ham taslim etildi. Natijada jizzaxliklar turnir jadvalida 5-o‘ringa mustahkam o‘rnashib bormoqda. Ko‘rinishidan Baqoevning reja va maqsadlari ancha jiddiyga o‘xshaydi. Shunday ekan, «So‘g‘diyona» boshqalarga o‘zini hurmat qilishni ko‘rsatib qo‘ymoqda. «Qizilqum» bo‘lsa, ikkinchi davrani Namanganda «Navbahor» ustidan qo‘lga kiritilgan g‘alaba bilan boshlab, o‘ziga xos sensatsiya ko‘rsatgandek bo‘lgandi. Ammo keyingi ikkita uchrashuvda bu jamoa yana muxlislarini ranjityapti. Ayniqsa, o‘z uyida «Paxtakor»dan javobsiz beshta gol o‘tkazib yubordi. Bu ketishda «Qizilqum» mavsumni beqaror o‘tkazishi oqibatida yana bir qancha o‘yinlarda omadsizlikka yuz tutishi ham hech gap emas. Demak, murabbiy vaziyatni o‘nglamasa bo‘lmaydi. Chunki navoiyliklar asta-sekin autsayderlar orasiga yaqinlashib qoldi.
Turning markaziy o‘yinida «Nasaf» yana katta sahnada
Turning markaziy o‘yini sifatida baholangan «Nasaf» va «Bunyodkor» o‘rtasidagi uchrashuvda «ajdarlar» munosib o‘yin evaziga raqibini mag‘lub eta oldi. 3-o‘rin uchun kurashda ko‘pincha ushbu ikkala klub bir-biriga raqobat ko‘rsatayotgandi. Bungacha «Nasaf» «Bunyodkor»dan bir pog‘ona pastda edi. Endi bo‘lsa, ular o‘z o‘rinlarini almashib olishdi. Ikkala jamoaning tarkibida yoshlar ko‘p va ayniqsa, o‘yin jihatidan ham bir-biriga o‘xshashi haqida ko‘p fikrlar bildirilayotgandi. O‘tgan turda o‘z uyida qoqilgan «Nasaf» futbolchilariga ushbu mag‘lubiyat zarracha ta’sir ko‘rsatmaganligini «Bunyodkor»ga qarshi o‘yinda ko‘rdik. Qolaversa, Vadim Abramov jamoasi dastlabki ikkita o‘yinni ancha ishonchli tarzda o‘tkazib, haqli ravishda g‘alabalar qozongandi. Agar «Nasaf» o‘z o‘yinini ko‘rsatadigan bo‘lsa, bu jamoani engish katta mashaqqatga aylanadi. Shu kuni esa «Bunyodkor» mezbonlarning ko‘rsatgan rejali o‘yiniga qarshi deyarli ojiz qolishdi.

Fikrlar