"Agar taklif bo‘lsa, ko‘rib chiqishga tayyorman" yoxud "Andijon"dagi muhit qaysi legionerimizning havasini uyg‘otdi?

  • 18 mart, 2021, 19:22
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Haligacha “Andijon”ning o‘z uyida “Surxon” ustidan qozongan g‘alabasi va stadiondagi muhit to‘g‘risida gapirishyapti. Dunyoning turli mamlakatlarida ham “Andijon” muxlislarining stadionda yaratgan muhitini ko‘rib yuqori baho bermoqdalar.

Tecno

Masalan, Tailand chempionatida to‘p surayotgan hamyurtimiz Artyom Filiposyan ham o‘sha o‘yinni ko‘rib o‘zi uchun katta taassurot olganini ma’lum qildi. Futbolchi sports.uz uchun quyidagilarni aytdi.

Stadiondagi muhit haqida

- “Andijon”ning o‘yinini ko‘rdim, muhitga gap yo‘q, qoyil qoldim. Stadion juda chiroyli. Maydonni sifati ham yuqori darajada. Jamoa o‘yini ham yaxshi taassurot qoldirdi. “Andijon” jamoasi yaxshi shakllanayotgani ko‘rinib turibdi. Murabbiylar shtabi ham yaxshi yig‘ilgan. Klub har tomonlama o‘syapti. Futbolchilar pas orqali mazmunli o‘yin namoyish etishyapti. Jamoa muhiti ajoyib ekanligini sezish qiyin emas. Muxlislarning qo‘llab-quvvatlashiga gap bo‘lishi mumkin emas. O‘yindan oldingi va keyingi muhitni ham ko‘rdim, faqat havas qildim. Stadionlarda mana shunday muhit hukm sursa, futbolchilar va klublarga ham ruhlanish bo‘ladi. “Andijon”da sharoitlar va imkoniyatlar o‘sgan. Bunda viloyat hokimining ham qiziqishi jamoaga qo‘l kelyapti.

artyom1

“Andijon” bilan Tailand muxlislarining farqi

- “Andijon” bilan Tailanddagi ishqibozlarni solishtiradigan bo‘lsam, nafaqat vodiy, balki O‘zbekiston muxlislariga gap bo‘lishi mumkin emas. Andijon, Namangan, Qarshi kabi stadionlarda ajoyib muhit yaratiladi. Tailandda ham stadionlar ishqibozlar bilan to‘ladi. Ammo ularda turli fantaziyalar bo‘lmaydi. Etarlicha qo‘llab-quvvatlashmaydi. O‘zbekistonda baribir andijonlik muxlislar eng yaxshisi.

Jamoasidagi vaziyat qanday?

- Sardor Mirzaevning jamoasiga qarshi o‘ynadik. O‘zbeklar derbisi bo‘ldi va unda 1:0 hisobida g‘alaba qozondik. Jamoamiz boshida 15-o‘rinda edi, hozirda 10-pog‘onaga ko‘tarilgan. “Prachuap”ni kuchlilar orasida saqlab qolishga erishdik. Bizda 21 va 28 mart kunlarida yana ikkita tur qoldi. Shundan keyin chempionat tugaydi. Endi yangi chempionat avgustda start oladi.

artyom2

Filiposyan yuqori darajadagi muhitda to‘p surishni sog‘indimi?

- Men har doim muxlislar bor joyda futbol o‘ynagim keladi. Chunki futbol faqat ishqibozlar uchun. Albatta, “Andijon”dagi kabi muhitda to‘p surish har qanday o‘yinchiga yoqimli. Bunday pallada istalgan futbolchi o‘zining eng yaxshi o‘yinini ko‘rsatishga harakat qiladi. Shunday ekan, menga vodiy tomonlardan taklif bo‘lsa, ko‘rib chiqishga tayyorman. Lekin hozircha niyatim chetda to‘p surish.

artyom_2

“Andijon” qaysi o‘rinni egallashi mumkin?

- Yuqorida aytganimdek, “Andijon”ning yaxshi tomonga o‘zgargani ko‘rinib turibdi. Yaxshi futbolchilar va murabbiylar bor. Tashkilotchilik va o‘yin bo‘yicha ham o‘zgarish bor. Klubning birdan sovrinli o‘rinlar uchun kurashishi oson bo‘lmasligi aniq. Bir yil ichida jamoani to‘liq shakllantirib bo‘lmaydi. Agar shu yo‘lda davom etsa, yaqin yillarda yuqori o‘rinlar uchun kurashadigan jamoaga aylanadi. Unutmaslik kerakki, O‘zbekistonda poydevori mustahkam jamoalar bor. To‘g‘ri, internetda o‘qiyapman, futbolchilarga yaxshi narsalar va’da qilinyapti. “Andijon” o‘yinchilariga shu ruhda davom etishlarini maslahat bergan bo‘lardim. Faqat o‘yinni va g‘alabani o‘ylab, shunga jiddiy kurashishlari shart. Agar va’da qilingan narsalarni o‘ylab qolishsa, unda qiyin bo‘ladi. “Andijon”ga hamisha omad tilayman. Klub har yili o‘sishda davom etishini istayman. Murabbiylarga ham etarlicha vaqt berilsa, ana shunda biz chinakamiga shakllangan “Andijon”ni ko‘rishimiz mumkin.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!