
AGMK Gruziya va chernogoriyalik futbolchilar bilan shartnoma imzolashga yaqin
Mirjalol Qosimov boshchiligidagi AGMK Qibraydagi stadionda Superliganing ikkinchi davrasiga qizg‘in taraddud olib bormoqda. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.
AGMK jamoasiga mavsum avvalida kelgan bolqonlik yarim himoyachi Mirolyub Kostich va Marko Zochevich bilan klub do‘stona xayrlashdi. Ayni paytda esa AGMK mashg‘ulotlarida Superliganing birinchi davrasini "Qizilqum"da o‘tkazgan tayanch yarim himoyachisi Erkin Baydullaev, gruziyalik qanot vingeri Elguja Grigalashvili va o‘tgan ikki mavsum davomida olmaliqliklar sharafini himoya qilgan hamda ortga qaytarilgan Vladislav Kasminin ishtirok etishmoqda. Tez orada AGMK mazkur futbolchilar bilan rasman shartnoma imzolaydi.
Shuningdek, yig‘inda chernogoriyalik himoyachi Igor Zonich ko‘rikdan o‘tmoqda. Agarda ushbu futbolchining harakatlari murabbiylar shtabiga ma’qul kelsa, unda Zonichga shartnoma taklif etiladi.
Qayd etish kerakki, kuni kecha jamoa futbolchilari O‘FA Texnik rivojlantirish boshqarmasi ilmiy-metodik bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan 30 metrga yugurish, uzunlikga sakrash, 7x50 metrga yugurish singari normativ testlarni topshirdi.
Superliganing ikkinchi davrasiga tayyorgarlik doirasida AGMK 18 iyul kuni Toshkentdagi "Jar" o‘yingohida "Buxoro" bilan nazorat uchrashuvini o‘tkazadi. Mazkur bahs soat 20:00da start oladi.
Fikrlar