AGMKni yutadigan raqib bormi? Yoxud Erkin Boydullaevdan jamoasining mag‘lubiyatga uchramay kelayotganining sababi haqida

  • 8 iyul, 2020, 21:48
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Mirjalol Qosimov boshchiligidagi AGMK jamoasi joriy mavsumda nihoyat yuqori o‘rinlar uchun kurashishga kirishdi. Asosiysi, olmaliqliklar hozirgacha chempionatimizda mag‘lubiyatga uchramagan yagona jamoa bo‘lib kelmoqda. O‘tkazilgan 8 ta turda AGMK 6 marta g‘alaba qozondi va 2 bor durang qayd etib, 20 ochko bilan turnir jadvalida “Paxtakor”dan keyin 2-o‘rinda bormoqda. Demak, bu safar Qosimov jamoani o‘zi istagan darajada shakllantirib olgan.

Tecno

Buning ustiga tarkibga ham nazar tashlasak, Mirjalol Qo‘shoqovich deyarli ikkita teng kuchli tarkibni jamlay olgani ham uning yutuqlaridan biri bo‘lib turibdi. AGMKning zaxira o‘rindig‘ida o‘tirgan futbolchilar bemalol boshqa klublarning o‘yinlarini kuchaytirishga qodir. Bu borada Mirjalol Qosimovda keng imkoniyatlar bor va uning saviyali o‘yinchilarga ortiqcha muhtojlik joyi yo‘q. Shundoq ham tarkibni o‘zi istagan futbolchilar bilan kuchaytirib bo‘lgan. Buning samarasini esa natijalar yaqqol ko‘rsatib turibdi. Shunday ekan, ba’zida murabbiyning o‘zi asosiy tarkibga qaysi o‘yinchilarni kiritish borasida boshi qotiyotgan bo‘lsa ham ajab emas.

8-turda AGMK jamoasi o‘z maydonida “Qo‘qon-1912”ni qabul qilib 2:1 hisobida g‘alaba qozongan holda navbatdagi uch ochkoni o‘z hisobiga yozdirib qo‘ydi. AGMKning g‘alabasiga munosib hissasini qo‘shgan Erkin Boydullaev esa jamoaning sardorlaridan biri hisoblanadi. Agar Akmal Shorahmedov maydonda bo‘lmasa, sardorlik bog‘ichi Boydullaevga topshiriladi. U tayanch yarim himoyasida o‘ziga yuklatilgan vazifalarni a’lo darajada uddalamoqda va shu bilan birga jamoasining o‘yinini “balans”da ushlab turibdi. “Qo‘qon-1912”ga qarshi bellashuvdan so‘ng Erkin o‘yin haqidagi taassurotlarini quyidagicha bildirdi:

-  O‘yin haqida to‘xtaladigan bo‘lsam, 80-daqiqadan keyin biz hisobni saqlab qolish uchun harakat qila boshladik. Shuning uchun bo‘lsa kerak, oxirgi daqiqalarda biroz asabiyroq bo‘lib qoldik. Lekin muhimi, g‘alaba. Biz uch ochkoni qo‘lga kiritdik va ushbu g‘alabadan hamma xursand.

Aslida har bir g‘alaba osonlikcha qo‘lga kiritilmaydi. Axir raqib jamoa ham maydonga yutqazish uchun tushmaydi-ku. Maqsadga erishish uchun futbolchilar kurashishadi, yugurishadi va mehnat qilishadi. Shuning uchun ham g‘alaba qozonish o‘z-o‘zidan bo‘lib qolmaydi. Boydullaev aytganidek, bunday uchrashuvlarda futbolchilar asabiylashishi ham tabiiy holat. Ko‘rinib turibdiki, AGMK jamoasi qo‘qonliklarga qarshi bahsda ham yaxshigina kuch sarflashgan. Har holda raqib ham jiddiy edi. O‘z navbatida Erkin Boydullaev g‘alaba nimaning evaziga qo‘lga kiritilgani xususida ham to‘xtaldi.

boydullaev

-  Bilasizmi, jamoamizda g‘alaba qozonish uchun ishtiyoq ko‘proq edi. Shuning evaziga ham biz bir qator yaxshi imkoniyatlarni yaratdik. Natijada muhim g‘alabani qo‘lga kiritdik. Bir so‘z bilan aytganda, maydonga tushgan barcha futbolchilar borini berib o‘ynashdi. Futbol tili bilan aytganda, barcha yigitlar bir-biri uchun jonini berishdi, - deya munosabat bildirdi, Boydullaev.

Hozirgacha AGMKni mag‘lub etadigan jamoa topilmayapti. Ularning mavsumni mag‘lubiyatsiz davom ettirayotgani esa barchani yoqimli ma’noda ajablantiryapti ham. Axir ko‘pchilik bu klubdan bunday startni kutmaganligi ham rost. Lekin bu safar Qosimov va uning jamoasining maqsadlari jiddiy ekanligi ularning o‘yinlari-yu, natijalaridan bilinib turibdi. Qiziq, AGMK qanday qilib bunday darajaga chiqa oldi? Axir Superligada mag‘lubiyatsiz odimlashning o‘zi bo‘ladimi? Ammo bu masalaga yondashar ekan, Boydullaev shunday dedi:

-  Bizda professional futbolchilar yig‘ilgan. Chunki karantin paytida ham hech bir o‘yinchi bo‘sh o‘tirgani yo‘q. Hamma uyda yaxshi tayyorgarlik ko‘rdi. Karantindan keyingi o‘yinlar uchun tashkil etilgan yig‘inlar ham ko‘ngildagidek o‘tdi. Bazamizda o‘sha paytda kuniga ikki mahaldan mashg‘ulotda ishtirok etardik. Shunday omillar bizni shu darajaga etkazdi.

Endi esa olmaliqliklarni navbatdagi turda o‘ta jiddiy o‘yin kutyapti. Bu safar AGMK Toshkentda “Paxtakor”ning imtihonidan o‘tishi kerak bo‘ladi. Bu to‘qnashuv 9-turning markaziy o‘yini maqomiga so‘zsiz egalik qila oladi. Xo‘sh, AGMK bo‘lajak uchrashuvga qanday tayyorgarlik ko‘ryapti?

-  Biz bu o‘yin uchun ertaga yig‘ilamiz. Chunki “Qo‘qon-1912”ga qarshi uchrashuvdan so‘ng jamoa a’zolariga bir kunlik dam berilgandi. “Paxtakor”ga qarshi qanday tayyorgarlik ko‘rishimiz esa ertaga bilinadi. Har holda barchasini murabbiylar bilishadi, - deya bu borada izoh bildirdi, Erkin Boydullaev.

Har qanday holatda ham ko‘pchilikni AGMKning hozirgi mag‘lubiyatsiz o‘yinlari qachongacha davom etishi qiziqtirmoqda. Lekin futbolda barqarorlikni saqlab qolish doimo qiyin kechgan. Shunday ekan, AGMK hozirgi barqarorligini qay darajada “ushlab” tura olarkin? Bu haqida esa Boydullaev shunday fikr bildirdi:

-  Hozir deyarli barcha jamoalar kuchli. Shuning uchun ham hech kim ochkolarni shunchaki berib qo‘ymayapti. Biz esa mana shunday ruhda yana davom etishimiz uchun har bir uchrashuvda hozirgidek bir bo‘lib, hamjihatlikda harakat qilishda davom etishimiz kerak. Shunda, o‘ylaymanki, hammasi joyida bo‘ladi. Har bir futbolchi borini berib o‘ynashi kerak.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!