Akmal Rustamov: "Biz yangi hujumchi qidiramiz"
O‘zbekiston Kubogi ikkinchi tur doirasida “Qizilqum” o‘z maydonida “Bunyodkor”ga 0:2 hisobida yutqazib qo‘ydi. Natijada ikkita o‘yinda imkoniyatni boy bergan navoiyliklar guruhda qolib ketishdi.
“Bunyodkor”ga qarshi uchrashuvdan so‘ng “Qizilqum” bosh murabbiyi Akmal Rustamov matbuot anjumanida quyidagi fikrlarni bildirdi:
- O‘yinga keladigan bo‘lsak, yaxshi narsa bilan boshlanmadi. Asosiy tarkibdagi 6 nafar futbolchimiz safdan chiqqandi. Norxonov bilan yettinchi bo‘ldi. Oyogi singani yaxshi ish bo‘lmadi. Tayyorgarlikni yaxshi olib borgandik. Lekin ko‘rdinglar, ular vaziyatlaridan foydalanа olishdi. Biz esa imkoniyatlarimizni golga aylantira olmadik. Bizda ikkita bir xil tarkibimiz yo‘q. Asosiy tarkibdagi 6-7 nafar futbolchimizni jarohat olgani natijaga ta’sir qilyapti. Lekin ularni o‘rniga chiqqan yoshlarimizni sinayapmiz. Mana shunday payt sinamasak, qachon sinaymiz? Ularni o‘rnini bosa olmayapti, desam noto‘g‘ri bo‘ladi. Harakat qilishyapti, baribir klassda farqi bor. Klass o‘z so‘zini aytadi. O‘ylaymanki, birinchi davradan keyin jarohat olgan o‘yinchilarimiz safga qaytishsa, yangi qon quysak, Xudo xohlasa ishimiz oldinga ketadi, deb o‘ylayman.
Kubokda yana bitta o‘yinimiz qoldi. Shundan keyin biz ta’tilga chiqamiz. Aytishim kerakki, biz albatta yangi hujumchi qidiramiz. Chunki aytib o‘tganimdek, jamoamizga yangi qon kerak. Shu o‘rinda tartib-intizom ham, raqobat ham kerak. Umid qilamanki, ikkinchi davrada kuchayamiz va hammasi yaxshi bo‘ladi. O‘tgan yildgi chempionatni 9-o‘rinda tugatgandik, bu yil esa undan yuqoriroqda bo‘lishni xohlaymiz.

Fikrlar