
Alam qilsin! Messi gol urishda Ronalduni ortda qoldirib ketdi
Lionel Messi va Krishtianu Ronaldu bir necha yildan beri faoliyatini boshqa-boshqa qit’alarda o‘tkazayotgan bo‘lsa-da, ular o‘rtasidagi raqobat hamon davom etmoqda.
MLSning navbatdagi turida “Inter Mayami” safar uchrashuvida “Nyu-York Red Bullz” jamoasini 5:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. 38 yoshli Messi bu bahsda ikkita gol va bitta assist muallifi sifatida o‘yin qahramoni bo‘ldi.
Raqib darvozasidan joy olgan ikki to‘p Messini penaltilarni inobatga olmaganda, o‘yindan eng ko‘p gol urgan futbolchiga aylantirdi. Sakkiz karra “Oltin to‘p” sohibi bu ko‘rsatkich bo‘yicha Krishtianu Ronaldudan o‘zib ketdi.
Messining penaltidan tashqari kiritgan gollari soni 764 taga etdi. Ronaldu bu borada bir golga ortda qolmoqda.
Umumiy hisobda esa, ustunlik baribir portugaliyalik yulduz tomonida. Ronaldu professional karerasi davomida 1281 ta bahsda qatnashib, jami 938 ta (shundan 175 tasi penaltidan) gol urgan. Messi esa 1114 ta uchrashuvda raqiblar darvozasini 874 marotaba (shundan 110 tasi penaltidan) ishg‘ol qilgan.
Fikrlar