"Alaniya" bosh murabbiyi "Nasaf" bilan o‘yindan keyin: "Raqib bizga o‘zimiz kutgan darajada harakatlanish imkonini bermadi"

  • 19 yanvar, 2024, 19:24
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
BEPUL PROPAN

Xabaringiz bor, kecha Turkiyaning Antaliya shahrida “Nasaf” klubi Vladikavkazning “Alaniya” jamoasiga qarshi nazorat uchrashuvida 1:0 hisobida g‘alaba qozondi. Uchrashuvdan so‘ng “Alaniya” bosh murabbiyi Evgeniy Kaleshin klub matbuot xizmatiga o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Ta’kidlash kerakki, u 2023 yilning 12 dekabr kuni "Alaniya" bosh murabbiyi lavozimiga tayinlangan. 

- Mening nazarimda juda yaxshi raqib bilan uchrashdik va ajoyib sparringni o‘tkazdik. Menga jamoamdagi yigitlarning ishtiyoqi va ko‘tarinki ruhiyati yoqdi. Ular intizom bilan hamda ruhlangan holda to‘p surishdi. Albatta, sport formasi borasida ikki jamoa o‘rtasidagi farq sezildi. O‘ylaymanki, raqib bizdan ko‘ra mavsumning ushbu qismiga yaxshiroq tayyorgarlik ko‘rgan ekan. Bizga esa o‘yin dinamikasi etishmadi. Shu sabab hal qiluvchi pallalarda raqibga imkoniyatni boy berib qo‘ydik. Bugun ikkala tarkibdagi yigitlar kerakli ishlarni bajarishdi. Ulardagi xohish va ishtiyoq shundoq ko‘rinib turibdi. Asosiysi, futbolchilar dangasalik qilishmadi, ko‘p yugurishdi. Biz uchun bu ayni paytda eng muhim jihat hisoblanadi. Aytishim kerakki, ma’lum bir pallalarda bizda o‘yin yaxshi va sifatli chiqdi. Ayniqsa, to‘p bilan harakatlangan chog‘imizda. Raqibning o‘yindagi shiddatini buzishga muvaffaq bo‘ldik. Ular o‘zlari odatdagidek hujum tashkil qila olishmadi. O‘rtoqlik maqomidagi to‘qnashuv bo‘lsa ham undagi salbiydan ko‘ra ijobiy holatlarga alohida e’tibor qaratishimiz lozim. Shundagina biz o‘zimiz uchun kerakli xulosalarni chiqarib olamiz. Hozir bizga o‘yin paytida vaqti-vaqti bilan yaxshi to‘p surgan holatimiz juda muhim. Bundan keyin o‘yindagi kamchiliklarni to‘ldirishimiz, yaxshi chiqqan jihatlarni esa ta’bir joiz bo‘lsa, qayroqtosh bilan o‘tkirlashimiz darkor. Menimcha, o‘yindan-o‘yinga o‘tib borgan sari biz hammasini yaxshi tushungan holda to‘p surishni boshlaymiz.

- Ayni paytdagi shogirdlaringizni jismoniy holatiga qanday baho bera olasiz?

- Raqibga taqqoslaganda menga ba’zi jihatlar unchalik yoqmadi. Chunki biz o‘yin dinamikasi borasida raqibga sezilarli darajada imkoniyatni boy berdik. Boz ustiga futbolchilarimizning jismoniy holati hozir optimal darajada emas. Buning uchun astoydil ter to‘kib ishlash kerak va mashg‘ulotlarga zo‘r bermoq darkor. Qandaydir ma’lum bir hafta oralig‘idagi mashg‘ulotlar evaziga yuqori darajaga chiqishning imkoni yo‘q. Shu sababdan ham bugungi bellashuvda futbolchilarimiz raqibga ko‘p jihatlarda yutqazib qo‘yishdi. Ular hozir boshlang‘ich bosqichda turishibdi. Shu sababdan ham raqibimiz bizdan ko‘ra yaxshiroq o‘ynadi. Lekin vaqt o‘tib borishi bilan ishonamanki, bu boradagi masala albatta chetga chiqadi va biz muxlislarimiz kutgan darajada o‘yin namoyish etamiz.

kaleshin

- Jamoa ko‘plab vaziyatlarni yuzaga keltirdi. Ammo gol ura olmadi. Imkoniyatlardan foydalana olmaslikni qanday baholagan bo‘lardingiz?

- Yuqorida bayon qilib o‘tganimdek, bizga tetiklik va o‘yindagi dinamika etishmadi. Hal qiluvchi pallalarda himoyada ham, hujumda ham dinamika bizga pand berib qo‘ydi. Bundan tashqari, keskinlik va yakuniy zarbani yo‘llaydigan holatlarda oqsadik. Raqibning jarima maydonchasiga yorib kirishi oson bo‘lgani yo‘q. Shunda ham o‘yinchilarimizda raqibga nisbatan jismoniy jihatdan biroz oqsash ko‘zga tashlandi. Yana takrorlayman: jamoalarning tayyorgarligi borasida farq yaqqol ko‘zga tashlanib turdi.

- Taymlarning qaysi birida shogirdlaringizning o‘yini sizga ko‘proq yoqdi?

- Ikkala taym ham o‘ziga yarasha voqealarga boy bo‘ldi. Birinchi bo‘limda qandaydir pallalarda hammasi bizda yaxshi chiqqandek ko‘rindi. Masalan, to‘pni raqibning jarima maydonchasiga oshirgan paytlarni olish mumkin. Uchrashuvning ikkinchi bo‘limida esa raqibimiz bizga o‘zimiz kutgan darajada harakatlanish imkonini bermadi. Shuning uchun ularning hujumimiz chog‘idagi himoya qo‘rg‘onini buzib o‘tishga ancha oqsadik. Shunday bo‘lsa ham ikkinchi bo‘limda biz raqibga qarshi to‘g‘ri pressing qo‘llay oldik. Futbolchilar almashgandan so‘ng maydonga yangi tushganlar o‘zlarini darhol o‘nglab oldilar. Bu masalada bizda hammasi o‘xshadi, deyishim mumkin. Yigitlar darhol o‘zlarini qo‘la ola bildilar va taktikani o‘zgartirishga harakat qilishdi. Albatta, o‘yindagi ijobiy holatlar salbiyga nisbatan u qadar ko‘p bo‘lgani yo‘q. Ammo, baribir ijobiy holat bor! Aytishim joizki, bu yangi murabbiylar shtabi bilan bizning birinchi o‘yinimiz edi. Hozir jamoada hamma narsa o‘zgargan, talab ham. Asosiysi, bizda ishlash uchun etarli sabablar bor.

kaleshin1

- “Alaniya” bosh murabbiyi sifatida o‘zingizni qanday his qilyapsiz?

- Albatta, mas’uliyat va bosimni sezyapman! Hech qachon yutqazishni istamaysan. Hatto, o‘z-o‘zidan norasmiy uchrashuvlarda ham. Lekin bu sport. Futbolda esa hamma narsa bo‘lishi mumkin. Uchrashuv yakunlangach, raqib o‘yinchilari va murabbiylar shtabi vakillarining qo‘llarini qisib qo‘ydik. Bu uchrashuvdan oladigan saboqni keyinchalik yana xatolarga yo‘l qo‘ymaslik uchun xulosa chiqarib olamiz. Har qanday holatda ham bizda bugungi bellashuvdan qoniqish hissidan ko‘ra biroz mag‘lubiyat hissa ko‘proq bo‘ldi, buni tan olmoq kerak.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!