
Aleksandr Lobanov - "Metallurg"dagi taqdiri, "Paxtakor"dan nega ketgani, Babayan bilan munosabati va boshqalar haqida nimalar deydi?
Bir necha yil “Paxtakor” darvozasini qo‘riqlagan va hozirda “Metallurg” sharafini himoya qilayotgan Aleksandr Lobanov bilan ham bir qator masalalarda suhbatlashish uchun mavzular to‘planib qolgandi. U ham faoliyati davomida muxlislar tomonidan tanqidlarga uchragan, lekin Lobanov ruhiy tomondan “sinib” qolgani yo‘q. Aksincha, yanada yaxshiroq darajaga chiqish uchun o‘z ustida ishlashda davom etdi. Hozirda esa Aleksandr bekobodliklarning birinchi raqamli posboniga aylangan. Ushbu darvozabon bilan suhbat jarayonida o‘zimiznin qiziqtirgan savollarga javob oldik. Umid qilamizki, bu sizni ham befarq qoldirmaydi.
“Yashirmayman, “Paxtakor”dan ketganimda xafagarchilik kayfiyati bo‘lgan”
- Karantin chog‘ida hamma uyda, futbolchilar esa individual tarzda shug‘ullanishmoqda. Bunday paytda darvozabonlar uchun uyda alohida shug‘ullanishning o‘ziga xos xususiyatlari bormi?
- Ha, biz ham karantin qoidalariga rioya qilgan holda mashg‘ulotlarni alohida individual tarzda uyimizda olib boryapmiz. Murabbiylar biz uchun individual videodastur tayyorlagan bo‘lib, shunga amal qilgan holda shug‘ullanyapmiz. Savolingizning ikkinchi qismiga kelsak, biz darvozabonlar uchun umumiy mashg‘ulotdan biroz boshqacharoq dastur ishlab chiqilgan. Mashg‘ulot chog‘ida asosiy e’tiborni chidamlilikka qaratmoqdamiz. Shu bilan birga umumiy dasturni ham esdan chiqarib qo‘ymayapmiz. Mashg‘ulotdan bo‘shagan paytda biroz engil sayr qilish orqali nafasimizni rostlab olmoqdamiz.
- Adashmasam, “Metallurg”da ikkinchi mavsumingizni o‘tkazyapsiz. Bu erda o‘zingizni baxtli his qilyapsizmi?
- Ha, bu mening “Metallurg”dagi ikkinchi mavsumim hisoblanadi. “Paxtakor”da jarohat olganimdan keyin ancha vaqt maydonga tusha olmadim. Jarohatdan forig‘ bo‘lish uchun jarrohlik stoliga yotishimga ham to‘g‘ri keldi. “Metallurg” tomonidan qilingan taklif esa ayni muddao bo‘ldi desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Qolaversa, “Paxtakor”da qolish xohishim ham qolmagandi. Shuning uchun ham bekobodliklarning taklifi men uchun ayni muddao bo‘lgan. Bundan tashqari, o‘zim uchun ham nimanidir o‘zgartirish, qo‘shimcha ruhlanish maqsadida biror jamoaga ko‘chib o‘tishim maqsadga muvofiq bo‘lardi. Shu boisdan ham “Metallurg”ga ko‘chib o‘tishni xohladim. Yana takrorlayman: bu mening “Metallurg”dagi ikkinchi mavsumim. Eng asosiysi, Bekobodda o‘zimni har tomonlama qulay his qilyapman. Yana shuni aytishim kerakki, menda “Metallurg”dan tashqari ko‘chib o‘tishim uchun boshqa variantlar ham bo‘lgan, masalan, joriy mavsum boshlanishi arafasida. Lekin bekobodliklarga bo‘lgan hurmatimni saqlagan holda “Metallurg”da qolishga qaror qildim. Boz ustiga rahbariyat menga bundan keyin ham jamoada qolishimni taklif qilishgandi. Bildirilgan ishonch uchun minnatdorchilik tariqasida shunday to‘xtamga kelganimni alohida ta’kidlashim joiz. Bilasiz, futbolda og‘ir jarohat olgan o‘yinchiga har kim ham ishonch bildiravermaydi. Balki bunday paytda extiyotkorlik qilishga tushadi. “Metallurg”dagilar esa bunday yo‘l tutganlari yo‘q. Ular sog‘ayishimni va oldingi formamni tiklab olishimni kutishdi. Shuning uchun ham “Metallurg”da qolish men uchun eng to‘g‘ri qaror bo‘ldi deb hisoblayman. Mavsumni yuqori o‘rinlardan birini egallashni har qanday futbolchi, jamoa xohlasa kerak, jumladan biz ham shunga harakat qilib ko‘ramiz.
- “Paxtakor”dan bir qator futbolchilar qatorida siz ham Bekobodga ko‘chib o‘tgansiz. Aytmoqchimanki, “Paxtakor”ni tark etganingizdan qattiq xafa bo‘lganmisiz?
- Albatta, “Paxtakor”dan ketganimdan keyin menda tushkunlik, xafagarchilik kayfiyati bo‘lgan, buni yashirib o‘tirmayman. Biroq yuqorida aytganimdek, menda hammasini o‘zgartirish, faoliyatimda yangi sahifa ochish uchun turtki kerak edi. Nafaqat men, balki “Paxtakor”ni tark etgan boshqa sheriklarimga ham o‘shanda oson bo‘lmagan. Chunki ularning ichida “Paxtakor”da uch-to‘rt yil va undan ko‘proq davomida to‘p surganlar bor edi. Qolaversa, bor kuchingni bergan va bir necha yil o‘zgacha ishtiyoq bilan to‘p surgan klubdan ketish juda og‘ir bo‘ladi. Xabaringiz bor, “Paxtakor” tarkibida uch bor O‘zbekiston chempioniga aylanganman. Ammo jarohatdan keyin oldingidek ishtiyoq bo‘lishi uchun faoliyatimda o‘zgarish qilish kerakligini tushunib turardim. “Paxtakor” safida sovrin va unvonlarga ega chiqish muammo emas. Ammo boshqa klublar tarkibida yuksak natijalarga erishish oson bo‘lmaydi, jumladan “Metallurg”da ham. Buning uchun futbolchi o‘z ustida 100 emas, 150 foiz kuch bilan ishlashi, muxlislarning mehrini qozonishi kerak bo‘ladi. Bu ham o‘ziga xos chorlov va men buni to‘g‘ri qaror deb hisoblayman.
“Eronda uzoq qolmaganim oilaviy sharoitim bilan bog‘liq edi”
- Shuningdek, faoliyatingiz davomida yarim yil Eronning kuchli klublaridan biri “Persepolis” sharafini ham himoya qilgansiz. O‘shanda qanday qilib u erga ketgandingiz? “Persepolis”dagi faoliyatingiz qanday kechgan va u erdan nega erta qaytgansiz?
- Ha, adashmadingiz, Eronda yarim mavsum to‘p surganman xolos. Men uchun faoliyatimda ilk bor xorij chempionatida o‘zimni sinab ko‘rish yaxshi tajriba bo‘lgan. Garchi “Persepolis”da uzoq vaqt to‘p surmagan bo‘lsam ham o‘sha yarim mavsumda o‘zim uchun etarli tajriba to‘plaganman, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. U erda uzoq qolmaganimning sababi oilaviy sharoitga borib taqaladi. Boshqa hech qanday muammo bo‘lmagan.
- “Metallurg”da uzoqroq qolmoqchimisiz? Boshqa takliflar sizni qiziqtirmayaptimi?
- Kamida mavsum oxirigacha qolishim aniq. Takliflarga kelsak, bunday chorlovlar yo‘q emas. Mana shunday kezlarda har qanday futbolchi o‘zini yangi muhitda sinab ko‘rish istagiga tushadi. Lekin yuqorida aytganimdek, “Metallurg”da yana bir mavsum qolishni afzal bildim. Nasib qilsa, chetda ham o‘ynashga ulgurarman...
- Faoliyatingiz mobaynida shu darajaga etib kelishingizda qaysi murabbiylarga alohida rahmat aytmoqchisiz?
- Faoliyatim davomida katta iz qoldirgan murabbiy kim? Bu savolingizga javob berish juda mushkul. Chunki futbolni tanlaganimdan keyin ko‘plab murabbiylar bilan ishlaganman. Masalan, “Tekstelshik”da o‘ynashni boshlagan paytimda menga darvozada turishni maslahat bergan murabbiyni aytishim mumkin. Bu mutaxassis Prokofov Boris Andreevich edi. 2002 yili “Paxtakor”ga ilk bor kelgan paytimda jamoani Viktor Jalilov boshqarardi. Shuningdek, “Paxtakor”da menga Tachmurod Agamurodov ham ustozlik qilgan. Samvel Babayan bilan ham “Paxtakor”da ancha hamkorlik qildik. Shu bilan birga darvozabonlar murabbiyi Anvar aka Rashidovni alohida aytishim kerak. U mening faoliyatimda katta iz qoldirgan murabbiydir. “Paxtakor”ga kelgan paytimda juda yosh, sodda yigit edim. Asosiy tarkibdan joy olish esa o‘ta murakkab bo‘lgan. Shu sababli ma’lum vaqt ijarama-ijara yurishimga ham to‘g‘ri kelgan. Misol uchun qo‘shni Qozog‘istonda ham o‘ynashimga to‘g‘ri kelgandi. 2011 yili Anvar aka Rashidovning o‘zi menga qo‘ng‘iroq qilib, “Paxtakor”ga qaytishimni aytgan. Tabiiyki, bunday chorlovdan boshim ko‘kka etgan. Asosiysi, Anvar Rashidov menga ishongan va o‘zimni ko‘rsatish uchun imkon bergan. Buning uchun o‘sha insondan cheksiz minnatdorman.
“Har kimga ham birdek yoqishning iloji yo‘q”
- Shu bilan bir qatorda ilgari sizni Samvel Babayanning o‘yinchisi deb ham gapirishardi. Uning boshchiligida “Paxtakor” hamda milliy terma jamoaning asosiy darvozaboni ham bo‘ldingiz. Babayan ketgach esa termadan ham chaqiruv olmay qo‘ydingiz. Ayting-chi, milliy termaga yana qaytishingizga qanchalik ishonasiz?
- O‘ylaymanki, namoyish etgan o‘yinim bilan qanday saviyadagi darvozabon ekanligimni isbotlay olganman. O‘z navbatida buni ko‘plab ishqibozlar ham yaxshi bilishadi. Albatta, har kimga ham birdek yoqishning iloji yo‘q. Jumladan, muxlislar orasida men haqimda biroz boshqacha fikrda bo‘lganlar ham etarlicha uchraydi. Murabbiyning arzandasi qabilidagi gaplar nafaqat men, balki har qanday ishtiyoqmand futbolchining ruhiyatiga aks ta’sir ko‘rsatmasdan qolmaydi. Har qaysi murabbiy o‘zining uslubidan kelib chiqqan holda tarkib o‘zagini tanlaydi. Afsuski, buni tashqaridan kuzatayotgan ishqibozlar doim ham tushunavermas ekan.
- Babayan bilan hozir ham yaqin munosabatdamisiz?
- Ha, albatta biz tez-tez bir-birimiz bilan muloqot qilib turamiz, futbol haqida gaplashamiz. Buning uchun telefon, internet juda qo‘l keladi. Shunday paytlarda bir-birimiz bilan hol-ahvol so‘raymiz. Masalan, jarohat olgan chog‘imda qator do‘stlarim ham ahvoling qanday deya menga sms, xabarlar yozib turishgan. Murabbiy sifatida Babayanda katta iqtidor bor. Shuningdek, u sof insoniylik tuyg‘ulardan ham mustanos emas. U bilan hozir ham aloqani saqlab qolganman. Eng muhimi, har qanday sharoitda insonlarning bir-biriga yaxshi munosabatda bo‘lishi birinchi o‘rinda turadi. Nafaqat Samvel Babayan, balki o‘zim birga ishlagan boshqa murabbiylar bilan ham hozirgacha aloqalarni saqlab qolganman. Misol uchun, hatto “Persepolis”da o‘zim bilan birga ishlagan murabbiylar bilan ham hozirga qadar yozishib turaman. Xuddi shu fikrni Qozog‘istonda o‘tkazgan davrimda men bilan ishlagan mutaxassislar borasida ham bildirishim mumkin. Shunday ekan, buni oddiy, insoniy fazilat deya qabul qilish maqsadga muvofiq bo‘lardi.
- Agar Babayan sizni Xitoyga chaqirsa ketarmidingiz?
- Agar xorijda to‘p surish haqidagi taklif kelsa, buni rad etish ahmaqona qaror bo‘lardi, nazarimda. Agar menga shunday taklif bilan chiqishsa bajonidil qabul qilishga tayyorman.
“Darvozabonlar orasida birortasini ajratib ko‘rsata olmayman”
- Sizningcha, bugungi kunda chempionatimizdagi eng kuchli darvozabon kim?
- O‘ylaymanki, bugungi kunda kuchli darvozabonlar etarli. Shunday ekan, ulardan kimnidir alohida ajratib ko‘rsatish oson ish emas. Qolaversa, murabbiy o‘z qarashlaridan kelib chiqqan holda klub yoki terma jamoa uchun birinchi raqamli darvozabonga aylanishi mumkin bo‘lgan ijrochini tanlaydi. Umuman olganda, darvozabonlar o‘rtasida raqobat yuqori. Bunday sharoitda boshlang‘ich tarkibda maydonga tushishga munosibligini isbotlash kishidan juda katta kuch va mehnatni talab qiladi. Shaxsan men o‘z hamkasblarim orasida aniq bir ijrochini ajratib ko‘rsatishga qiynalaman. Buni to‘g‘ri tushunasiz deb o‘ylayman.
- Nima deb o‘ylaysiz, karantin tugagach, chempionatimizni qay tariqa davom ettirgan ma’qul?
- Avvalo buni hal qilish biz futbolchilarning ishi emas. Yakuniy qarorni assotsiatsiya rahbariyati qabul qiladi. Biz futbolchilarga esa o‘yinlarni tomoshabinlar ko‘z o‘ngida o‘tkazish har doim yoqqan. Axir biz o‘zimiz uchun emas, balki muxlislarni xursand qilish uchun maydonga tushamiz. Futboldagi asosiy narsa ham ishqibozlarga zavq ulashishdan iborat.
- Hayotingizda siz uchun unutilmas o‘yin qaysi biri bo‘lgan?
- Eng unutilmas o‘yin sifatida alohida bellashuv tariqasida birinchi Prezidentimiz Islom Karimov vafot etganidan keyin o‘tkazilgan uchrashuvni ko‘rsatishim mumkin. O‘shanda biz jahon chempionati saralash bosqichi doirasida Qatarda o‘ynagandik. O‘sha o‘yin yodingizda bo‘lsa, bizning 0:1 hisobidagi g‘alabamiz bilan nihoyasiga etgan. Kiritilgan yagona golni mamlakatimizning birinchi Prezidentining ruhiga bag‘ishlaganmiz. Bunday lahzalar umrbod esda saqlanib qoladi, jumladan eslash xotirasida ham. O‘shanda g‘alaba qozonish uchun astoydil harakat qilganmiz va bu yo‘ldagi urinishlarimiz zoe ketmagan.
- O‘zingizni kelajakda murabbiy sifatida tasavvur qila olasizmi?
- Bunga urinib ko‘rishim mumkin, albatta. Ammo qanday kechishini vaqt ko‘rsatadi. Lekin albatta, bu borada harakat qilib ko‘raman, shubhasiz. Shu o‘rinda karantin chog‘ida uyda o‘tirgan millionlab vatandoshlarimizga sihat-salomatlik tilab qolaman. Umid qilamanki, bunday og‘ir kunlar albatta o‘tib ketadi va hammasi o‘z iziga tushadi.
Fikrlar