Kamoliddin Tojiev: "Dinamo" menga sovg‘alar taklif qilmadi"
O‘zbekiston Kubogi yarim finalida "Paxtakor" Toshkentda Samarqandning "Dinamo"siga qarshi og‘ir o‘yinni o‘tkazdi. Asosiy vaqtda hisob ochilmadi. G‘olib penaltilar seriyasida aniqlandi va unda "Paxtakor" 4:2 hisobida g‘alaba qozondi.
"Dinamo"ning o‘yini ham yaxshi taassurot qoldirdi va "Paxtakor"ga jiddiy qarshilik ko‘rsatdi. "Sherlar" esa bir amallab maqsadiga erishdi va final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
O‘yindan keyingi matbuot anjumanida "Paxtakor" bosh murabbiyi Kamoliddin Tojiev quyidagicha fikr bildirdi.
"Yaxshi jamoa bilan o‘ynadik. Birinchi bo‘limda biroz o‘yinimiz chiqmadi. Ikkinchi bo‘limda yaxshi harakat qildik, o‘zimizga keldik. Vaziyatlar yaratdik. "Dinamo"da ham vaziyatlar bo‘ldi, teng o‘yin bo‘ldi. Bugun ikkita yaxshi jamoa kurash olib bordi. Raqib ham bekorga tepa o‘rinlarda emas. Ha, asosiy vaqtda hal qilmoqchi edik. Biroq ish penaltilargacha bordi.
Ikkita o‘yinda gol ura olmadik, to‘g‘ri. Oldingi bahsda "Sho‘rtan" 10 kishi bo‘lib himoyalandi. Ularni yorib o‘tish qiyin bo‘ldi. Bugun vaziyatlar yaratdik, omadimiz kelmadi. Har doim ham ko‘p gol urib bo‘lmaydi. Raqiblar ham bizni o‘rganadi. Ikki-uch vaziyatda omadimiz kelmadi. "Dinamo" menga sovg‘alar taklif qilmadi. Ularni ko‘rib chiqqandik. "Dinamo" yaxshi futbol o‘ynaydi: ular himoyaga yotib olmaydi, oldinga harakatlanadi.
Mashg‘ulotlarda penaltilar borasida ishlamadik. Lekin darvozabonlarimiz raqibning penaltilarini ko‘rib chiqishdi. Shu sababli posbonimiz bugun ikkita seyv amalga oshirdi", - deydi Tojiev.
Fikrlar