
Alisher Uzoqov: Abramovga ishonaman, Sergeevdan ko‘p narsa kutyapman
Xabaringiz bor, bugun O‘zbekiston terma jamoasi "JCh-2022" saralash bosqichidan o‘rin olgan Saudiya Arabistoniga qarshi o‘yinda maydonga tushadi. Ushbu bahs oldidan taniqli sharhlovchi va aktyor Alisher Uzoqov Sports.uz saytiga eksklyuziv intervyu berdi.
– Bugun terma jamoamiz "JCh-2022" saralash bosqichida Saudiya Arabistoniga qarshi muhim uchrashuv o‘tkazadi. Mazkur o‘yin oldidan fikrlaringiz?
"Menimcha, bugun milliy terma jamoamizni hozirgi himoyasini qanday darajada ekanligini ko‘rish imkoniyati bo‘ladi. Bu bahs oldidan aniq bir taxmin bildirish qiyin. Ayni damdagi himoya chizig‘imizni darajasini biz bilmaymiz. Lekin termamizdan albatta g‘alaba kutyapman".
– Terma jamoamizni raqibdan ustunligi va kamchiliklari...
"Saudiya termasini so‘nggi uchrashuvlarini kuzatish imkoni bo‘lmadi. Ammo Saudiya haqida fikrga egaman. Hozirda butun jahon futbolida lider jamoalar o‘zining odatiy o‘yinni ko‘rsata olmayapti. Jumladan, Osiyoda ham. Boshqa guruhlarga ham e’tibor berib qarasak, juda ko‘p etakchi jamoalar barqaror o‘ynamayapti. Raqib ham barcha o‘yinlarni yutayotgan bo‘lishiga qaramay, bir darajada emas. Bugungi bellashuvda Saudiyaga qiyin bo‘ladi. Ustunlik va kamchiliklarini ayta olmayman-ku, biroq bizning etakchilar Odil Ahmedov, Jaloliddin Masharipov, Eldordan, qolaversa, men Qozog‘iston chempionatida ancha "ochilgan" Igor Sergeevdan ham ko‘p narsa kutyapman. Igor o‘sha o‘yinini terma jamoada ham ko‘rsatishi kerak, vaqti keldi".
– Abramov bilan jahon chempionatiga chiqishimizga ishonasizmi? Agar ishonmasangiz kimni nomzodini ko‘rsata olasiz?
"Abramovga ishonaman. Vadim Karlenovich mana shu tarkibni topa olganidan xursandman. Himoya chizig‘iga kimlarni chaqiradi, deb juda ko‘p o‘yladim. Ammo chap qanot himoyamizda o‘ynayotgan futbolchini alohida e’tirof etmoqchiman. (chap qanot himoyachisi Ibrohimxalil Yo‘ldoshev, Sports.uz tahriri) Ko‘z tegmasin. Lekin u ham ikki o‘yinda maksimal daraja o‘zini ko‘rsata olmadi. Keyingi bosqichga chiqishimiz kerak, ishonaman. Agar bu to‘siqdan o‘tib olsak, bizga oson bo‘ladi. Bu qur’aga ham bog‘liq. Agar omadli keladigan bo‘lsa, bu safar jahon chempionatiga borish imkoniyatimiz bor. Ahmedov, Masharipov, Eldor... bular jahon chempionatini ko‘rishi kerak. o‘yinlar boshlanishidan avval termamizga ishonmayotgandim, lekin fikrim o‘zgardi. Raqiblarni o‘yinini ko‘rib umid bordek tuyulyapti".
Fikrlar