
Ana xolos: Husanov Ronaldu bilan birga o‘ynashi mumkin!
Jahon futbolida eng ko‘p gol urgan Krishtianu Ronaldu faoliyatida kutilmagan yangilik yuz berishi mumkin. 40 yoshli futbolchi yangi musobaqada qatnashish uchun jamoasini o‘zgartirishga tayyor.
Gap shundaki, FIFA bir necha yillar davomida o‘tkazib kelingan klublar o‘rtasidagi jahon chempionatiga alohida e’tibor qaratdi. Xalqaro tashkilot bu musobaqani yangicha formatda tashkil qiladigan bo‘ldi. Chempionatning nufuzi birdan ko‘tarildi va unda turli mintaqalarning etakchi klublari ishtirok etadi.
Lionel Messi va Krishtianu Ronaldu kabi professional faoliyatining oxirgi bosqichini o‘tkazayotgan yulduzlar yangi musobaqada qatnashishga alohida urg‘u qaratmoqda. Messidan farqli ravishda Ronalduda bu turnirda qatnashish imkoniyati yo‘q.
Krishtianu o‘ynayotgan “An-Nasr” klublar o‘rtasidagi jahon chempionatiga borolmaydi. Shu bois, Ronaldu anchadan beri ishtirokchi jamoalar biri bilan qisqa muddatli shartnoma tuzishi haqida ma’lumotlar tarqatilmoqda. FIFA 1-10 iyun kunlari turnirga jalb qilinadigan klublar uchun maxsus transfer oynasini ochadi.
Sport Bible nashrida faoliyat olib borayotgan taniqli arab jurnalisti Nosir Jabborning ma’lum qilishicha, Krishtianu Ronaldu o‘z orzusini amalga oshirish uchun “Manchester Siti” bilan qisqa muddatli kelishuv imzolashi mumkin.
Manbaga ko‘ra, “shaharliklar” ham qisqa muddatli turnirda portugaliyalik to‘purar xizmatidan foydalanishga qarshi emas. Shuningdek, Angliya Premer-ligasining boshqa klubi – “Chelsi”ham klublar o‘rtasidagi jahon chempionati uchun Ronaldu bilan bir oylik shartnoma tuzishga tayyorligini bildirgan.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zolaridan 2025 yilgi klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida Abduqodir Husanov qatnashishi kutilmoqda.
“Manchester Siti” va Krishtianu Ronalduning rejasi amalga oshib, portugaliyalik yulduz chempionatda “shaharliklar” nomidan to‘p tepsa, Abduqodir Husanov besh karra “Oltin to‘p” sohibi bilan bir jamoa sharafini himoya qilgan ikkinchi o‘yinchiga aylanadi.
Xabaringiz bor, undan avval Jaloliddin Masharipov “An-Nasr” jamoasi safida portugaliyalik yulduz bilan hamkorlikda o‘ynagan. 2023 yilning yanvarida Krishtianu Ronaldu Saudiya Arabistoni klubi bilan shartnoma imzolab, “An-Nasr”ga kelganidan Jaloliddin mashhur yulduz yoqtiradigan 7-raqamni bo‘shatib bergan edi.
Keyinchalik, ularning yo‘li ayrilib, Masharipov Eron chempionatiga yo‘l oldi.
Krishtianu Ronaldu “An-Nasr”ga qadar “Sporting”, “Real”, “Yuventus” va ikki bor “Manchester Yunayted” sharafini himoya qilgan. Endi bu jamoalar qatoriga “Manchester Siti” ham qo‘shilishi mumkin.
Yangi formatdagi klublar o‘rtasidagi jahon chempionati 2025 yilning 15 iyunidan 13 iyuliga qadar AQShda bo‘lib o‘tadi. Turnirda oltita mintaqadan 32 ta jamoa qatnashadi. Musobaqaning mukofot jamg‘armasi bir milliard dollardan oshadi.
“Manchester Siti” jahon chempionatining guruh bahslarida Italiyaning “Yuventus”, Marokashning “Vidad” hamda Birlashgan Arab Amirliklarining “Al-Ayn” jamoalari bilan raqobatlashadi. Sakkizta guruhdan dastlabki ikki o‘rinni egallagan klublar pley-offga yo‘llanma oladi.
Fikrlar