Anchelotti bilan uchrashuvga tayyorlanayotgan o‘zbek mutaxassisi "Real" Madridda ishlash imkoniyatiga ega! Qanday qilib deysizmi?

  • 25 oktabr, 2022, 23:22
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Anchadan beri Ispaniya futboli bilan yaqin tanish bo‘lgan va Bekoboddagi “El Golazo” futbol akademiyasi asoschilaridan biri Zokirjon Holiqov hamon izlanishdan to‘xtamayapti.

Endilikda u o‘z sohasi bo‘yicha yanada rivojlanish uchun oldinga qadam tashladi. Ispan va yana boshqa tillarni chuqur o‘zlashtirgan hamyurtimiz ayni paytda Madridda tahsil olyapti.

Gap shundaki, dunyoga mashhur “Real” Madrid va Evropa Universitetining birgalikdagi magistraturasida futbol menejmenti bo‘yicha o‘qishni boshladi. U erda joy soni chegaralangan bo‘lib, dunyoning turli qit’alaridan qiziqishi, intilishi va salohiyati yuqori bo‘lganlargina o‘qishga qabul qilinadi.

Quvonarlisi, O‘zbekistondan Zokirjon Holiqov ham mazkur bilim dargohida futbol yo‘nalishi bo‘yicha bilimini yanada o‘zlashtirish, etuk mutaxassis bo‘lib etishishi uchun ta’lim olishni maqsad qildi.  Hozirda Madridda faoliyatida yangi sahifa ochayotgan mutaxassis Sports.uz uchun barchasi haqida batafsil gapirdi.

“Butrageno bilan maslahatlashdim”

- “Real” Madrid va Evropa Universitetining birgalikda tashkil etilgan magistraturasi futbol boshqaruvi, ya’ni, futbol menejmenti deb nomlanadi. Bu asosan futbol sohasida, sport menejmentlari, sport va akademiya direktorlari, xullas, futbolda boshqaruvni amalga oshiradigan soha hisoblanadi. Bundan tashqari, texnik direktorlarni tayyorlashga mo‘ljallanganini ham qo‘shib o‘tishim kerak. Magistraturani “Real” Madriddagi hamkorlarimiz menga bir yil oldin tavsiya qilishgandi. O‘tgan bir yil davomida ushbu magistraturani yaxshilab o‘rgandim. Hattoki, Universitet rektori, prorektori, “Real” Madrid tomonidan tayinlangan Emilio Butrageno bilan ham uchrashib, maslahatlashdim. Shuningdek, Universitetda dars beradigan mutaxassislar bilan ham fikr almashdim. Yakunda menga ushbu yo‘nalish to‘g‘ri kelishini tushundim. Futbol sohasida etuk mutasaddi bo‘lish uchun mazkur magistraturada o‘qishga qaror qabul qildim.

zokir

“Raul, Kasilyas, Arbeloa kabilarning mashg‘ulot usullari bilan yaqindan tanishamiz”

- Magistratura oktyabr oyidan boshlandi. Uning ochilish marosimi 3 noyabr kuni “Real” klubining sport shahri – Valdebebasda bo‘ladi. O‘shanda Karlo Anchelotti va Emilio Butrageno ham ishtirok etishadi. Ochilish marosimida Anchelotti bilan yaqindan tanishib, suhbatlashishimiz rejalashtirilgan. “Real” Madriddan chiqqan etuk insonlar, klubda faoliyat olib borganlar va faoliyat olib borayotgan mutaxassislar dars berishadi. Magistraturadagi o‘qishning bir qismi “Real”ning sport shahri – Valdebebasda olib boriladi. O‘shanda Emilio Butrageno, Iker Kasilyas, Raul Gonsales, Alvaro Arbeloa, Roberto Karlos kabi ko‘zga ko‘ringan mutaxassislar o‘zlarining ish tajribasi, faoliyati, “Real” Madriddagi boshqaruv tizimi qanday yo‘lga qo‘yilganligi bo‘yicha o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashadi. Bundan tashqari, “Sevilya”, “Vilyarreal” singari jamoalardan ham mutaxassislar kelib dars berishadi. Shu bilan birga Belgiya futbol federatsiyasidan ham tajribali insonlar kelib dars o‘tishadi. “Portu”, “Zaltsburg”, qolaversa, Germaniya, Frantsiyaning etakchi klublaridan ham biz uchun alohida mutaxassislar ajratiladi. Yanvar oyida bir hafta davomida magistratura doirasida ish tajribasini o‘rganishimiz uchun bizni Niderlandiyaga yuborishadi. U erda “Ayaks”, “PSV Eyndxoven”, “Feyenoord” kabi klublarning ishlash tizimi bilan tanishamiz. Bahorda esa Portugaliyaga “Portu”, “Benfika” va “Sporting” klublarining ish tajribasini o‘rganish uchun bir haftalik amaliyotga yuborishadi. “Real”ning qarorgohida Raul, Arbeloa, Kasilyas kabilarning mashg‘ulot olib borishi usullari bilan ham batafsil tanishamiz.

zokir3_1

“El Golazo” futbol akademiyasidagi ishimni ham davom ettiraman”

- Bekoboddagi “El Golazo” futbol akademiyasidagi faoliyatimni ham davom ettiryapman. Madriddagi magistratura doirasida biz yoz oyigacha kurs ishi yozishimiz zarur. Bu orqali o‘zimizning loyihamizni ko‘rsatib berishimiz kerak bo‘ladi. Kurs ishimning mavzusi ham tayyor. “El Golazo”dagi kelajakdagi faoliyatim bo‘yicha Niderlandiya, “Real” Madrid va yana boshqa etakchi klublarning ish tajribasini ham o‘rgangan holda buni aynan “El Golazo” futbol akademiyasi loyihasini yanada rivojlantirish maqsadida kurs ishimda shuni to‘liq tasvirlab bermoqchiman.

zokir2

“El Golazo” orqali loyihamni amalga tatbiq etmoqchiman”

- Ushbu magistratura davomida yuqorida aytib o‘tganimdek, men nafaqat ispan futboli tajribasini, balki Evropaning deyarli futboli rivojlangan barcha davlatlarning ish faoliyatini o‘rganmoqchiman. Bundan tashqari, “Real” Madrid tomonidan “El Golazo” futbol akademiyasiga yuborilgan uch nafar ispaniyalik murabbiylar bilan maslahatlashgan holda o‘zbek futboli rivojiga to‘g‘ri keladigan o‘z loyihamni ishlab chiqmoqchiman. Bu orqali futbolimizga o‘z hissamni qo‘shmoqchiman va “El Golazo” orqali loyihamni amalga tatbiq etmoqchiman.

“La Liga o‘yinlarini tahlil qilyapmiz”

- Bu erda O‘zbekistondan faqat menman. Darslar ispan va ingliz tillarida bo‘ladi. Janubiy Koreyadan ham bir nafar bor. Ispaniyalik o‘quvchilardan tashqari, Lotin Amerikasidan – Braziliya, Argentina, Meksika kabi mamlakatlardan ham bor. Futbol menejmenti bo‘yicha magistraturaga 30 nafar o‘quvchi qabul qilinadi. Magistratura pullik - 12 ming evro. Lekin unga qabul qilinishingiz uchun sizda murabbiylik litsenziyasi bo‘lishi kerak. Keyin siz bilan suhbat qilinadi. Unda maqsad va vazifalaringiz, kelajakdagi rejalaringiz bilan bo‘lishasiz. Suhbatdan yaxshi o‘tsangiz qabul qilinadi. Menda Ispaniya futbol federatsiyasi tomonidan berilgan “A” va “V” litsenziyalari bor. La Liga o‘yinlarini ham kuzatib boramiz, har xil programmalar orqali o‘yinlarini tahlil qilamiz, statistikalarini o‘rganamiz.

zokir4

“Real”da tajriba oshirish imkoniyati beriladi”

- “Real” Madridda tajriba oshirish imkoniyati beriladi. Masalan, asosiy jamoasida yoki administratsiya boshqaruv tizimida. Agar amaliyot davomida o‘zimni yaxshi ko‘rsatsam, bunday imkoniyatlar albatta bor. Bu diplom nafaqat “Real”da balki, Evropaning boshqa klublarida ham ishlash imkoniyatini beradi. Sababi, bu Universitetni bitirganlar futbol bilan bog‘liq katta-katta tashkilotlarda ishlashadi. FIFA, Ispaniya La Ligasi yoki “Real” klubinining o‘zida ham ishlaydiganlar bor.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!