
"Andijon" bir kunda ikkita o‘yin o‘tkazadi. Raqiblardan biri esa o‘zgardi
“Andijon”ning Antaliya yig‘ini davomidagi navbatdagi nazorat uchrashuvi 4 fevral kuni o‘tkaziladi. Shu kuni jamoa a’zolari ikkita uchrashuvda maydonga tushadi.
Oldindan shuni aytib o‘tish lozimki, 4 fevraldagi raqiblardan biri Ukrainaning “Chernomorets” klubi edi. Biroq mazkur o‘yin o‘tkazilmaydigan bo‘ldi va uning o‘rniga Gruziyaning “Saburtalo” klubi “Andijon” uchun sparring-raqib vazifasini bajaradi. Yana bir o‘yin esa Ruminiyaning “Selimbar” jamoasiga qarshi bo‘lib o‘tadi.
Odatimizga ko‘ra, bo‘lajak bahslar oldidan raqiblar haqida siz muxlislar uchun ma’lumotlar taqdim etamiz.
To‘liq nomi - “Viitoriul Selimbar” (“CSC 1599 Selimbar”) deb nomlanadigan jamoa Ruminiyada Liga 2 chempionatida ishtirok etadi va ayni paytda 20 ta jamoa orasida musobaqa jadvalida 15 ta o‘yinda 32 ochko to‘plab yakka peshqadam bo‘lib turibdi. Ularning asosiy maqsadi Liga 1 ga yo‘llanma olish (bu xuddi pro ligadan Superligaga yo‘l olish kabi).
Hozirda Ruminiya chempionatida qishki ta’til e’lon qilingan. Jamoa esa ikkinchi davraga tayyorgarlik ko‘rish uchun Antaliyada yig‘in o‘tkazyapti. “Viitoriul Selimbar”ga ruminiyalik 47 yoshli mutaxassis Klaudiu Nikulesku bosh murabbiylik qilmoqda. 2022 yildan buyon mazkur klubni boshqarib kelyapti.
Ikkinchi o‘yin Gruziyaning “Saburtalo” jamoasiga qarshi bo‘lib o‘tadi. “Erovnuli” ligasida (bizning Superligamiz kabi) ishtirok etadigan klub yangi mavsumga tayyorlanmoqda. Gruziya chempionatining yangi mavsumi mart oyining ilk kunlarida start oladi. O‘tgan mavsumda “Saburtalo” 6-o‘rinni egalladi.
Tbilisining “Saburtalo” jamoasi 2019 yili Gruziya Kubogini qo‘lga kiritgan. Finalda Tbilisining “Lokomotiv” jamoasi 3:1 hisobida taslim etilgan. Shuningdek, 2020 yilda Gruziya Superkubogini ham yutgan. Hal qiluvchi bahsda “Dinamo” Tbilisi 1:0 hisobida mag‘lub etilgan. Konferentsiyalar ligasida ishtirok etgan.
“Saburtalo”ga 44 yoshli mahalliy mutaxassis Giorgi Mikadze bosh murabbiylik qilib kelyapti. 2023 yilning 6 oktbyar sanasida ushbu lavozimga tayinlangan.
Eslatib o‘tamiz, dastlabki o‘yin “Selimbar”ga qarshi bo‘lib o‘tadi. Uchrashuv mahalliy vaqt bilan 15:00 da boshlanadi. Toshkent vaqtiga esa 17:00 da start oladi. Ikkinchi uchrashuv “Saburtalo” bilan o‘tadi va bu bellashuv mahalliy vaqt bilan 17:00 da boshlanadi. Toshkent vaqtiga 19:00 ga to‘g‘ri keladi. Uchrashuvlar Belekdagi “Fanatik” arenasida o‘tkaziladi.
Fikrlar