
"Andijon" klubi ta’tilga chiqishdan oldin qarzdorlikni to‘liq bartaraf etdi
“Pro liga-2022” mavsumi rasman nihoyasiga etdi. Unda “Andijon” jamoamiz muvaffaqiyatli ishtirok etgan holda muddatidan ilgari 1-o‘rinni egalladi va natijada pro liga g‘olibi sifatida Superliga chiptasini qo‘lga kiritdi.
Kecha mavsumdagi so‘nggi o‘yinini o‘tkazgan “Andijon” jamoamiz ta’tilga chiqdi.
Eng asosiysi, barcha jamoa a’zolarining oila davrasiga yanada yaxshi kayfiyatda qaytishligi uchun oylik maosh va mukofot pullari bilan bog‘liq hisob-kitob ishlari bartaraf etildi. Hattoki, shartnomalarning 30 noyabrgacha tuzilganlari ham bo‘lib, ushbu oy uchun ham ish haqlari to‘liq o‘z egalariga topshirildi.
Kecha o‘yindan keyin “Andijon” klubi bosh direktori Ulug‘bek Mirzaev klubning ta’tilga chiqishidan oldin murabbiylar va futbolchilarga ajoyib mavsumni o‘tkazib, muxlislarni xursand qila olgani uchun minnatdorchiligini bildirdi. Ayniqsa, legioner futbolchilarga ham alohida tashakkurini izhor qilib o‘tdi.
Shuni alohida aytish o‘rinliki, klubdagi barcha murabbiy hamda futbolchilar bilan hisob-kitob ishlari bartaraf etilib, yangi mavsumga qarzdorliksiz kirilishida va jamoani kuchaytirish uchun taklif qilinadigan futbolchilar bilan muzokaralarning olib borilishida bu holat muhim rol o‘ynaydi.
"Andijon" matbuot xizmati.
Fikrlar