"Andijon" kutilmagan syurpriz ko‘rsatadi, yaxshi legionerlar ham keladi - Bosh murabbiy muxlislarni tashvishga tushmaslikka chaqirdi
Ayni paytda klublar qizg‘in tayyorgarlik ishlariga kirishib ketishgan. Bir qator jamoalar Toshkentda shug‘ullanishyapti, ularning orasida “Andijon” ham bor.
Bilasiz, bu jamoaning muxlislari o‘ta ashaddiy hamda talabchan. Ular klub bilan bog‘liq har qanday yangilikni e’tibordan qochirishmaydi, hatto mayda detallarigacha qiziqishadi. Shu bois har kuni andijonlik muxlislar tomonidan bizga qo‘ng‘iroqlar bo‘lib, klubga befarq emasliklarini, qanday o‘zgarishlar bo‘layotganiga qiziqishyapti.
Ularning talab va istaklarini inobatga olgan holda sports.uz muxbiri “Andijon” bosh murabbiyi Otabek G‘ulomxo‘jaev bilan bog‘landi.
Noqulay ob-havo rejalarni o‘zgartirib yubordimi?
Ma’lumki, shu kunlarda Respublikamiz bo‘ylab havo harorati yana sovib ketdi. Bu esa klublarga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatmasdan qolmaydi. Qor yog‘ishi natijasida o‘yin o‘tkazish ham muammoga aylanadi. Xo‘sh, noqulay ob-havo Otabek G‘ulomxo‘jaevning rejalariga qanchalik ta’sir o‘tkazyapti?
- Noqulay ob-havoning hech qanday salbiy ta’siri bo‘lmayapti. Qaytanga, futbolchilarning jismoniy holatini yaxshilab olishda qo‘l kelyapti. To‘g‘ri, agar maydon toza bo‘lsa o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazish mumkin. Agar qorli maydon bo‘lsa, u holda hech qanday o‘yin uslubi haqida gap bo‘lishi mumkin emas va jismoniy tayyorgarlik birinchi o‘ringa chiqadi. Baribir bizda hamma e’tibor tarkibni shakllantirishga qaratilgan. Jamoa o‘zagini aniqlashtirib, futbolchilarni to‘g‘ri tanlay olganimizdan so‘ng, keyingi bosqichdan jamoaning o‘yin uslubini yaxshilashga e’tibor qilamiz.
Nazorat o‘yinlari xususida
“Andijon” klubi Toshkentdagi ilk nazorat bahsini “Bunyodkor”ga qarshi o‘tkazdi va unda 2:1 hisobida g‘alaba qozondi. Shu o‘rinda bosh murabbiy navbatdagi o‘yinlar haqida ham ma’lumot berdi.
- “Bunyodkor”ga qarshi nazorat uchrashuvini o‘tkazdik. Endi navbatdagi raqibimiz “Surxon” bo‘ladi. Undan so‘ng, “Lokomotiv”ning aralash tarkibi bilan ham o‘yin o‘tkazamiz. Shuningdek, “So‘g‘diyona”ga qarshi ham maydonga tushamiz. Toshkentdagi tayyorgarligimizning birinchi bosqichidagi nazorat bahslarimiz shunday ko‘rinish olgan. Mabodo, tarkibga qo‘shilgan yangi o‘yinchilarning imkoniyatlarini yana bir bor ko‘rib olish uchun qo‘shimcha o‘yin zarur bo‘lib qolsa, buni ham tashkillashtirish bo‘yicha muammo bo‘lmaydi.

Tarkibga yana kimlar qo‘shiladi?
Ayni paytda hammani tarkibdagi o‘zgarishlar qiziqtirib turibdi. Yaqinda bir qator futbolchilar bilan rasman shartnomalar imzolangani ma’lum qilindi. Lekin ular bilan cheklanib qolmasligi shubhasiz. Hozirgi kunda esa yana qizg‘in muzokaralar davom etyapti. Ularning orasida xorijlik o‘yinchilar ham bor.
- “Navbahor” va yana boshqa klublarda to‘p surgan o‘yinchilar bilan aloqaga chiqqanmiz, - deya mavzuni davom ettirdi, murabbiy. - Faqat ularning o‘tishi bo‘yicha biroz kutishimiz kerak. Bulardan tashqari, 5-6 nafar legionerlar bilan ham muzokaralarga kirishganmiz. Ularning orasida ko‘rikka keladiganlari ham, tayyor shartnoma uchun taklif qilinganlari ham bor. Ular bilan klub rahbariyati Toshkentda muzokaralar olib boryapti. Biz ko‘rishni istayotgan legionerlar markaziy himoyachi, hujumchi va o‘rta chiziqda to‘p suradigan futbolchilardir. Hozircha ularning nomlarini aytmay turganim ma’qul. Faqat shuni aytishim mumkinki, Serbiya, Rossiya, Ukraina va chernogoriyalik legionerlar hisoblanadi. Umuman aytganda, yaxshi transferlarni amalga oshirish harakatida yuribmiz. Bu borada legionerlardan ham, o‘zimizdagi ayrim futbolchilardan ham e’tiborga molik xaridlarni qilamiz. Lekin bu birgina o‘zimga bog‘liq emas. Gap hattoki, pulga ham bog‘liq emas. Futbolchining xohish va istagiga ham qaraladi.
Jasur Jaloliddinov bilan nega uchrashgani to‘g‘risida
Bilamizki, Otabek G‘ulomxo‘jaev Jasur Jaloliddinov bilan yaxshi munosabatda. O‘z vaqtida O‘zbekiston U-19 terma jamoasini boshqargan paytida ham Jasur uning ishonchli o‘yinchilaridan biri bo‘lgandi. Bir so‘z bilan aytsak, bu futbolchi “Andijon” ustozidan ko‘p narsalarni o‘rgangan. Hozir esa bu futbolchi “Bunyodkor”da shug‘ullanib yuribdi. Asli Moskvaning “Lokomotiv” klubiga tegishli bo‘lgan o‘yinchining yangi mavsumni qaerda davom ettirishi hali noma’lum. Balki u yana katta ehtimol bilan boshqa klubda ijarada to‘p surishi ham mumkin. Qiziq, bu holatdan G‘ulomxo‘jaev foydalanib qolishi mumkinmi? Bu masala bo‘yicha murabbiyga yuzlanganimizda shunday javob berdi:
- Jaloliddinov masalasida sizga darhol shuni aytamanki, uni taklif qilishning ilojisi yo‘q. Bu haqida o‘zi bilan gaplashmadim ham. Ha, Jasur bilan munosabatlarimiz juda yaxshi. Uni xuddi o‘z o‘g‘limdek ko‘raman. To‘g‘ri, kuni kecha o‘zi bilan birga ko‘rishib, gaplashib o‘tirganmiz. Lekin bu suhbatimiz “Andijon”ga o‘tishi to‘g‘risida bo‘lmagan. Kelajagiga befarq emasman. Shu bois “Lokomotiv”, “Tambov” va yangi rejalari xususida gaplashdik. Mendan maslahatlar oladi. Qaniydi, qo‘l ostimda to‘p sursa bundan xursand bo‘lardim. Lekin u yanada o‘sishi kerak. Hozirgi kunda Jasur Jaloliddinovning transfer narxi juda baland. Ijara narxi ham qimmat turadi. Lekin vaqti kelib birga ham ishlarmiz. Hozir esa sport formasini ushlab turish uchun “Bunyodkor” bilan shug‘ullanib turibdi. Gapiga qaraganda, “Lokomotiv” bilan shunday kelishuv bo‘lganki, bu narsa shartnomasida ham ko‘rsatib o‘tilgan, ya’ni, sport formasini ushlab turish uchun “Bunyodkor”da shug‘ullanishi mumkin. Bizning jamoamizga shug‘ullanish uchun kelib turishini ham xazil tariqasida aytgandim, ammo shartnomasi bo‘yicha bu mumkin emas ekan.
Muxlislar tinchlaning!
Yuqorida aytib o‘tganimizdek, andijonlik jonkuyar ishqibozlar jamoaning hozirgi holatidan qayg‘urgan holda tarkibda yuz berayotgan o‘zgarishlarni diqqat bilan kuzatishyapti. Ularning orasida selektsiyadan ko‘ngli to‘lmayotganlari ham bor, albatta. Bu borada gap ketar ekan, Otabek G‘ulomxo‘jaev quyidagilarni aytdi:
- Nomi chiqqan futbolchilarni olib kelib natija ko‘rsata olmagan murabbiylarni ham ko‘rganman. Muxlislar aslo xavotir olishmasin. To‘g‘ri, biz olayotgan o‘yinchilarning hali nomi chiqmagandir. Ammo o‘yin va natija bo‘yicha tashvishlanishmasin. Aksincha, bizga kelayotgan futbolchilar “Andijon”da tanilishadi va bizning klub poydevor bo‘ladi. Biz Superligadan tushib ketish yoki qolish uchun kurashadigan tarkib tuzmayapmiz. Shuni aniq aytaman: bu yil “Andijon” ligada qolish uchun kurashadigan jamoa bo‘lmaydi. Mana ko‘rasiz, ancha-muncha jamoaga bosh-og‘rig‘i bo‘ladigan klub bo‘lamiz. Yangi mavsumda “Andijon” kutilmagan syurpriz ko‘rsatadi.

Ibrohim Otaxonov yordam bera oladimi?
Ma’lumki, futbolchilik faoliyatini yakunlagan Ibrohim Otaxonov yaqinda yana “Andijon” klubiga o‘yinchi sifatida qaytgani xabar berilgandi. Qiziq, u Superligada o‘z jamoasiga yordam bera oladimi? Bu savolga bosh murabbiyning javobi shunday bo‘ldi:
- Birinchi o‘rinda Ibrohim Otaxonov jamoaning ichki muhitida menga kerak. Tajribasi o‘ziga yarasha etarli. Uni futboldan ketganiga bor-yo‘g‘i olti oy bo‘ldi. Ammo bu hali faoliyatini tugatganlikka kirmaydi. Maksimal kuchi etsa, asosiy tarkibda o‘ynaydi. Zaxiradan maydonga tushishdan tashqari ichkarida ham menga kerak. Mashg‘ulotlarda ham o‘z o‘rni bo‘ladi. Hali jamoaga ko‘p yordami tegadi. Uning andijonlik eng yaxshi mutaxassislardan biri bo‘lishiga ko‘zim etyapti.
Murabbiylar shtabiga qo‘shilgan Yorqin Nazarov to‘g‘risida
Shuningdek, “Andijon”ga yana bir murabbiy – Yorqin Nazarov ham taklif etildi. Bungacha “Bunyodkor”da faoliyat olib borayotgan murabbiy endi Otabek G‘ulomxo‘jaevga jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha yaqindan yordam beryapti.
- Yorqin Nazarovni futbolchi sifatida katta tajribasi bor. O‘zbek futbolida o‘ziga yarasha hurmatga ega. Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha ham etarli malakasi bor. “Sho‘rtan”da ham yaxshi natija qilgan. Birinchi ligada “Bunyodkor”ni boshqargan. Ko‘plab murabbiylar bilan ishladi. “Bunyodkor” akademiyasida ham birga faoliyat olib borganmiz. Jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha ham tajribasi bor. Uning malakasi jamoamiz uchun foydali bo‘ladi. Darvozabonlar murabbiyi bo‘yicha bir to‘xtamga kelsak, keyin bu haqida aytamiz. Hozircha muzokaralar ketyapti, - dedi Otabek G‘ulomxo‘jaev.

Fikrlar