"Andijon" qanday qilib so‘nggi daqiqalarda g‘alabani ilib ketyapti? Barchasi tasodifmi yoki... yoxud jamoa xaloskoriga aylanayotgan Shahboz Erkinov nima deydi?

  • 14 may, 2022, 19:31
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Viktor Kumikov shogirdlari – “Andijon” klubi ketma-ket uchinchi g‘alabasini tantana qildi. Pro liganing bu yilgi mavsumida shiddat shu qadar kuchliki, oson o‘yin va oson g‘alaba haqida o‘ylash xom-hayol. Superligaga qaytish uchun asosiy favoritlardan biri hisoblangan “Andijon” jamoasi g‘alabalarini qanchalik mashaqqat bilan qo‘lga kiritayotganini ko‘ryapmiz. Oxirgi uchta turda qo‘shib berilgan daqiqalarda gol urib g‘alabani ilib ketyapti. Natijada “Andijon taym” iborasi paydo bo‘ldi. Buning muallifi taniqli sharhlovchi Xayrulla Hamidov.

Tecno

“Burgutlar”ning asosiy hujumchilaridan biri Shahboz Erkinov o‘ziga yuklatilgan ishonchni oqlayapti. “Sho‘rtan”ga qarshi bahsda o‘yin taqdirini hal qiluvchi golni urdi. Undan avval ham Erkinov “Mash’al” darvozasiga gol urgan va golga assistentlik ham qilgan. Hozirgacha Shahboz pro liga chempionatida 5 ta gol urishga erishdi. “Sho‘rtan” bilan o‘tkazilgan bellashuvdan keyin Erkinov bir qator savollarga javob qaytardi.  

- “Andijon” klubi safarda juda qimmatli g‘alabani qo‘lga kiritdi. “Sho‘rtan”ga qarshi bellashuv borasida qanday xulosalarga ega bo‘ldingiz?

- Afsuski, o‘zimiz istaganchalik yaxshi o‘ynay olmadik. Ayniqsa, birinchi bo‘limda yomon o‘yin ko‘rsatdik. Ikkinchi bo‘limda biroz o‘zimizga keldik. Yo‘qotadiganlarimizni boshida yo‘qotib bo‘lganmiz. “Zomin”, “Xorazm” va “G‘ijduvon” bilan uchrashuvlarda ochkolarimizni boy berdik. Turnir jadvalida raqobat ham jiddiy tus olgan. Har bir yo‘qotilgan ochko qimmatga tushadi. Xato qilishga haqqimiz yo‘q. Futbolchilar mas’uliyatni yaxshiroq his qilishdi va ikkinchi bo‘limda hujumkorroq o‘ynadik. Birinchi bo‘limda raqibga bo‘sh hududlarni ko‘paytib yubordik. Aslida taktik uslubimiz shunaqa edi, ammo bu darajada emasdi. Murabbiy bizga orqaroqda o‘ynanglar deb aytmagandi. Ko‘rsatayotgan o‘yinimiz hech kimni qoniqtirmayotgandi, shu sababli barchamiz bundan qoniqmasdan tezroq o‘yinimizni kuchaytirish haqida o‘ylayotgandik. Xudoga shukr, yuzimiz yorug‘ bo‘ldi. Oxirgi paytlarda omad biz tomonda bo‘lyapti, oxirgi daqiqalarda gol urib yutib ketyapmiz. To‘g‘ri, bu oxirigacha kurashganimiz sababidan ham bo‘lyapti. Ammo har doim ham oxirigacha kurashganingizda omad bunday kelavermaydi.

erkinov4_1

- “Sho‘rtan” bilan o‘yin 0:0 hisobi bilan tugaydigandek bo‘lib turgandi. Shaxsan o‘zingizda ham gol urishingizga ishonch bormidi yoki...

- Nafaqat o‘zimda, balki butun jamoamizda g‘alabaga ishonchimiz bor edi. Xotirjamroq edik, hech birimiz vahimaga tushib qolganimiz yo‘q. Balki oxirgi daqiqalarda yana gol urishimizga o‘zimizni o‘zimiz o‘rgatib qo‘ygandirmiz. Shu bois o‘yinda xotirjamroq edik. Bundan keyin ham oxirigacha kurashamiz. Aynan men gol uraman deb o‘ylamadim. Golni kim urishining farqi yo‘q edi, asosiysi, yutsak bo‘lgani. Bizga uch ochko kerak edi. Keyingi turda “Buxoro”ni qabul qilamiz. Bu jamoa ham yuqorida. Musobaqa jadvalida barcha klublar zich joylashgan. “Sho‘rtan”ni yutmasak ham bo‘lmasdi. Nega deganda, 800 kilometr yo‘l bosib Andijondan muxlislarimiz kelgandi, ular uchun o‘ynamasak uyat bo‘lardi. Shuning uchun ham biz jonimizni berib oxirigacha kurashdik.

erkinov1_2

- Uchta uchrashuvdan beri “Andijon” 90-daqiqadan keyin gol urib g‘alaba qozonyapti. Bu borada ko‘pchilik tomonidan qiziq fikrlar bildirilyapti. Ayniqsa, “Andijon taym” iborasi ancha ommalashib ketdi. Umuman, bu holat sizningcha, nima bilan bog‘liq?

- Fikrimcha, bu avvalo oxirigacha kurashayotganimiz bilan bog‘liq. Oxirigacha kurashishimiz uchun esa bizning jismoniy tayyorgarligimiz ham qo‘l kelyapti. Kuchimiz borligi bois so‘nggi soniyalarda gol uryapmiz. Boshqa klublarni esa kuchi etmay qolayotganidan oxirgi daqiqalarga kelib charchab qolyapti. Demak, bizni holatimiz yaxshi darajada. Men ham har xil narsalarni o‘qiyapman. Ataylab qilishyapti, taktika shunga qaratilgan, degan ma’noda. Kim xohlaydi bunday taktika qilib xavotir ustida o‘tirishni?! Eng asosiysi, jismoniy tayyorgarligimiz yaxshiligi va so‘nggi daqiqagacha kurashishimiz qo‘l kelyapti. “Turon” bilan “Mash’al”ga qarshi uchrashuvlarda muxlislarimizning faolligini alohida aytishim kerak. “Sho‘rtan” bilan o‘yindan oldin ularni stadionda ko‘rib hayron qoldim. 800 kilometr yo‘l bosib kelishgan. Biz yana uyimizda o‘ynagandek o‘ynadik. Muxlislarni daldasi ham bizga katta turtki beryapti. Futbol o‘zi shular uchun o‘ynaladi.

erkinov3_3

- “Buxoro” bilan bo‘lajak bahs oldidan nimani ayta olasiz?

- O‘z maydonimizda o‘ynaymiz. Bu bahsga ortiqcha gap-so‘z ham shart emas. Superligaga chiqish uchun maqsadi bor klublar to‘qnash keladi, bir-biri uchun raqobatchilar. Albatta, zo‘r o‘yin bo‘ladi, deb o‘ylayman. Kuchli jamoa yutadi va Xudo xohlasa o‘sha kuchli jamoa biz bo‘lamiz. Muxlislarimizning qo‘llab-quvvatlashi esa jamoamizga yana asqotadi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!