
"Andijon" rahbari qancha pul sarflangani, "Benfika"dan kelayotgan murabbiylar, tarkibda qolgan 7 nafar futbolchi va yangi rejalar xususida fikr bildirdi
"Andijon” xususiy tadbirkor qo‘liga o‘tgach, katta maqsadlar sari olg‘a intilayotgan jamoaning bu yilgi rejalari o‘xshamay qoldi. Holbuki, chempionat boshlanmasidan avval vazifalar jiddiy bo‘lib, turli va’dalar ham berilgandi.
Xullas, bo‘lar ish bo‘ldi va “Andijon” Superliga bilan xayrlashdi. Klub ta’sischisi Jur’atbek Quvvatovning mavsum yakunlari bo‘yicha xulosasi, kelasi yil rejalari va jamoada qanday o‘zgarishlar bo‘lishi muxlislarni qiziqtirib kelayotgandi. Shu bois klub matbuot xizmati Jur’atbek Quvvatov bilan suhbat uyushtirdi. Unda rahbar qator masalalarga oydinlik kiritdi.
“Yana kuchli bo‘lib qaytamiz”
- Boshida yuqori o‘rinlarga kurashamiz deb yaxshi niyatlar qildik. Lekin amalda bo‘lmadi. Buning uchun “Andijon” muxlislaridan uzr so‘rayman. Ob’ektiv va sub’ektiv sabablarga ko‘ra bergan va’dalarimizni bajara olmadik. Klub tushib ketdi degani qo‘limizni tushirdik yoki shijoatimiz so‘ndi degani emas. Yiqilib tura olmaydigan inson qo‘rqoq hisoblanadi. O‘rnidan turib yo‘lida davom etadigan inson esa kuchli hisoblanadi. Biz kuchlilardanmiz deb o‘ylayman. Avvalambor Xudoni aytgani. “Andijon” klubiga bog‘liq bo‘lgan barcha qo‘lidan kelgan mehnatni qilishdi. Afsuski, Superligadan tushib ketdik. Ammo yanada kuchli bo‘lib qaytamiz. Bu bizga dars bo‘ldi. Oldindan akademiyaga, infratuzilmaga katta e’tibor beramiz deb aytardik. Lekin barchasini ham moddiy, ham ma’naviy tomondan teng bajarish oson emas ekan. Endi baza va akademiya qurish, stadionimiz chimini yangilash harakatlarini boshlab yubordik. Adashmasam, pro liga bahslari aprel oyida boshlanadi. Ungacha qurilish ishlarimizni yakunlab olamiz, degan umiddamiz.
“Echinish xonasiga bir milliardgacha pulni olib kirgan paytlarimiz bo‘ldi”
- To‘g‘ri, mablag‘ etkazish ham oson bo‘lmayapti. Aslida bu yil mablag‘ masalasida muammo bo‘lmadi. 2021 yilgi smetamiz – 15 milliard 258 million pul sarfladik. O‘rtada mukofot pullarini 2-3 barobar ham oshirdik. Oldindan echinish xonasiga futbolchilar uchun olti yuz million, etti yuz million, hatto bir milliard pulni olib kirgan paytlarimiz ham bo‘ldi. Agar yutib ligada qolganimizda ishlatilgan mablag‘ yanada ko‘proqni tashkil qilardi.
“Bir yillik jamoa tuzmaymiz”
- Ko‘pchilikni 2022 yilga jamoa qanaqa bo‘ladi, moliyalashtirish-chi, degan savol qiziqtiryapti. Yil boshida ham moliyalashtirishni cheklamaganmiz. Bosh murabbiyning fikriga va talabiga qarab jamoa tuzilgan. To‘g‘ri, super transferlarni amalga oshirmaganmiz. Boshqa sohada mehnat shartnomasi tuzilayotganida qanchadir miqdorda savdo bo‘lsa, oylik maoshi qanchani tashkil qilishi bo‘yicha kelishishadi. Futbolda biroz noto‘g‘ri narsa bor. O‘yinchilar bilan qanchadir summaga kelishasiz. Natija qanday bo‘lishidan qat’iy nazar o‘sha pulni berishga majbursiz. To‘g‘ri, natija bo‘lsa mukofot puli olishadi. Murabbiyning extiyojiga qarab o‘yinchilarni olib berganmiz. Ayrimlariga ko‘tarma pullari ham berganmiz. Lekin bu o‘zini oqlamadi. Balki biz, balki boshqalar adashgandir. Bu yil o‘zimizga kerakli murabbiyni topdik deb o‘ylayman. Ikkinchi davrada jamoamiz o‘yin uslubida yaxshi o‘zgarishlar bo‘ldi. Qaerdadir omadimiz kelmadi. Yangi mavsumda murabbiyimizning extiyojidan kelib chiqib, futbolchilarni olib bermoqchimiz. “Andijon” futbol klubida puldan muammo yo‘q. Hozirdan muzokaralarni boshlaganmiz. Superliga darajasidagi o‘yinchilarni pro ligaga olib kelish oson bo‘lmayapti. Yangi futbolchilar ro‘yxati bor. Xudo xohlasa, yaxshi jamoa tuzamiz, bir yillik jamoa bo‘lmaydi. Niyatlarimiz va rejalarimiz doim katta.
“16 milliard pul ajratishni rejalashtirganmiz”
- Shu kungacha baza sifatida jamoamiz “Med Siti” sihatgohimizda istiqomat qilishayotgandi. Sharoitlar nuqtai nazaridan muammolar yo‘q. Lekin u erda maydon yo‘q edi. Bo‘ston dahasidagi futbol maktabi bizga o‘tgan. O‘sha erda ham akademiya, ham bazani qurmoqchimiz. U erda uchta qo‘shimcha maydon bor. Ularni rekonstruktsiya qilib, bazani ham o‘sha erda qurish niyatimiz bor va hozirda bu ishlar davom etyapti. “Bobur arena” stadionining projektor va chim masalasini ham hal qilyapmiz. Stadiondagi harajatlar uchun 16 milliard pul ajratishni rejalashtirganmiz. Bu klubning sarf-xarajatidan tashqari infratuzilmaga ketadigan pullar.
“Yiliga 130 ming dollar...”
- Hozir ham “Benfika” akademiyasi bilan aloqalarimiz bor. Shartnomalarni ko‘rib chiqyapmiz. “Benfika” akademiyasidan ikki nafar murabbiy olib kelishni rejalashtirganmiz. To‘g‘risi, oylik maosh va sharoitlar masalasida talashyapmiz. Misol uchun yiliga 130 ming dollar oylik, xullas, barcha ikir-chikirlarini o‘rganyapmiz. Xudo xohlasa, albatta ular keladi. Yildan-yilga infratuzilmani yaxshilab boraveramiz. Hozir cho‘ntakbop futbolchi topish asosiy muammo. Ertaga akademiyamizdan iqtidorli yoshlar etishib chiqsa, futbolchilardan muammo bo‘lmaydi.
“Million dollarga ham lafzimizni sotmaymiz”
- Ko‘p o‘yinchilarimizga talab ortib ketdi. Chunki biz ularga o‘yin amaliyotini berdik. Boshqa klubda zaxirada o‘tirgan futbolchilarga jamoamizda ishonch bildirdik. Masalan, Martin Boakeni nega qo‘yib yubordinglar deyishdi, ketgisi kelgani uchun biz ruxsat berganmiz. Jasur Jaloliddinovga ham rahmat. U ham jamoaga o‘z hissasini qo‘shdi. Aslida Jasurni “Andijon”ga olib kelish oson bo‘lmagan. Boshida qachon ketaman desa qo‘yib yuborishga kelishganmiz. Vaholanki, o‘sha o‘yinchilarning transfer huquqlari menda edi. Lekin olib kelayotganda ular bilan lafz qilib kelishganmiz. Yaxshiroq taklif bo‘lsa, qo‘yib yuborishga rozi bo‘lganman, xujjat ikkinchi darajali. Biz million dollarga ham lafzimizni sotmaymiz.
“Diyor Rahimqulov rozilik so‘rab ketgandi”
- Jamoamizdan ketgan o‘yinchilarning birortasi xayrlashib ketgani yo‘q. Ichida bitta Diyor Rahimqulov hamma bilan xayrlashib, rozilik so‘ragandi. Yana chaqirsanglar kelaman deb ketgandi. Inson sifatida ham, futbolchi sifatida ham zo‘r bola edi. Kelajagi porloq edi. Ilohim, joyi jannatdan bo‘lsin. Qolgan futbolchilar hatto sms ham yozib qo‘yishmadi. Ulardan xafa bo‘lmayapmiz. Balki bizni aybimiz bordir. Biz barcha qarzdorliklarni yopdik. Asosiy tarkibda o‘ynaydigan andijonliklardan 7 tasi qoldi. Ularni shartnomalari 2024-2025 yilgacha. Farhod Sohibjonov, Muhammadkarim Toirov, Izzatillo Abdulxakov, Abduvohid G‘ulomov, Islom Mamatkazin... Kimlargadir shartnomalar taklif qilishyapti. Hozir hamma “uchib” yuribdi. Dekabr, yanvar oylarida shunday bo‘larkanda. Jo‘jani kuzda sanaymiz deganlaridek, oxirada ko‘ramiz. Kimdir balki yana qaytib kelar. Unda boshqacharoq gaplashamiz. Albatta, o‘zimiz ham jim turmayapmiz va muzokaralar olib borilyapti.
Fikrlar