
"Andijon" safida kimlar O‘zbekiston Kubogini yutgan?
Xabaringiz bor, ayni chog‘da “Andijon” O‘zbekiston Soca-Cola Kubogi 1\4 finalida AGMKga qarshi o‘yin uchun jiddiy tayyorgarlik ko‘rmoqda. Yutgan jamoa o‘z-o‘zidan yarim finalga chiqadi. “Andijon” shu paytgacha chorak finallarda o‘ynagan-u, biroq hali yarim finalga chiqmagan. Shuning uchun Viktor Kumikov jamoasi bu safar yoqimsiz an’anaga chek qo‘yish uchun astoydil kurashadi.
Shu o‘rinda savol tug‘iladi: “Andijon” garchi Kubok bahslarida oxirigacha bora olmagan bo‘lsa-da, tarkibidagi futbolchilar orasida Kubokni yutgan va buning mas’uliyati qandayligini his qilib ko‘rganlar bormi? Albatta, bor. Jamoamiz safida O‘zbekiston Kubogini boshi uzra ko‘targanlar to‘p surishyapti.
Jumladan, tajribali hujumchi Shahboz Erkinov 2007 yili “Paxtakor” safida ushbu sovrinni qo‘lga kiritgan. Finalda o‘sha paytdagi “Quruvchi” penaltilar seriyasida taslim etilgan. Erkinov esa “Paxtakor” futbolchisi edi.
Shuningdek, 2018 yili Farg‘onada AGMK “Paxtakor”ga qarshi Kubok finalida o‘ynagan va unda olmaliqliklar sensatsion tarzda raqibini 3:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratganini yaxshi bilsangiz kerak. Bizning hozirgi tarkibimizdan naqd 4 nafar futbolchi o‘sha finalda AGMK safida maydonga tushgan hamda “Paxtakor”ni mag‘lub etib, Kubok qo‘lga kiritilishida katta hissa qo‘shishgan.
O‘sha finalda Vladimir Bubanya va Azamat Isroilov asosiy tarkibda to‘liq to‘p surishgan. Zafar Polvonov zaxiradan maydonga tushirilgan. Qolaversa, darvozabon Xurshid Xodjaev endi jarohatidan forig‘ bo‘lib, ushbu o‘yinda AGMKning zaxira o‘rindig‘idan joy olgandi.
Aynan yuqoridagi o‘yinchilar O‘zbekiston Kubogini qo‘lga kiritishgan. “Andijon” klubi ham Kubokda o‘z omadini sinab ko‘rmoqda va bu yo‘lda Kubokni yutgan o‘yinchilarimizning to‘plagan tajribalari ham asqotadi, degan umiddamiz. Jamoamizga muhim bahsda omad tilab qolamiz.
Barcha muxlislarni 3 sentyabr kuni bo‘lib o‘tadigan muhim uchrashuvga taklif qilamiz. Zero, muxlislarimizning qo‘llab-quvvatlashi jamoamizga katta dalda bo‘lishi aniq.
“Andijon” matbuot xizmati.
Fikrlar