"Andijon" Tojikiston terma jamoasi hujumchisi bilan 3 yillik shartnoma imzoladi

  • 24.02.2024 01:29
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol

Qishki selektsiya ishlarini izchillik bilan davom ettirayotgan "Andijon" rejaga binoan kerakli pozitsiyalarga kerakli o‘yinchilarni taklif qildi va oxirgi paytlarda hujum chizig‘ini kuchaytirish maqsadida yangi futbolchilar jalb etilayotganidan xabardorsiz. Bunga qadar oldingi chiziq vakillari sifatida Rustam Turdimurodov hamda rossiyalik Luka Zgurskiyning transferlari e’lon qilindi.

Bu hali hammasi emasdi. Jamoa muxlislari uchun yana bir xushxabar shundan iboratki, klub safiga yana bir yangi legioner hujumchi qo‘shildi. Tojikiston milliy terma jamoasi a’zosi hisoblangan Shaxram Samiev bilan rasman shartnoma imzolandi. Kelishuv muddati 3 yilga mo‘ljallangan.

samiev1

Ma’lumot uchun, Samiev 2001 yilning 8 fevral kuni tavallud topgan. Uning oxirgi klubi Moldovaning “Milsami” jamoasi hisoblanadi.Shaxram faoliyatini Tojikistonda boshlagan. Dastlab “Barkchi”, keyin TsSKA (Dushanbe)da o‘ynadi. So‘ngra, 2019 yili “Istiqlol”ga ko‘chib o‘tdi. Shundan so‘ng Shaxram Samiev Rossiyaning “Rubin” klubi a’zosiga aylandi. Tojikistonlik hujumchining keyingi manzili Moldova chempionati bo‘ldi. U erda “Sherif”, “Dinamo-Avto”, “Zimbru” va “Milsami” sharafini himoya qildi. Bundan tashqari, Belarus chempionatida “Torpedo-Jodino” va “Isloch” klublarida ham to‘p surgan.

samiev3

Shaxram Tojikistonning turli yoshdagi termalarida ham o‘ynagan va hozirda u milliy terma jamoaning muhim futbolchilaridan biri hisoblanadi. Samiev Tojikiston termasida hozirga qadar 27 ta uchrashuvda 7 ta gol urdi. Yaqinda Qatarda bo‘lib o‘tgan Osiyo Kubogida Samiev Tojikiston terma jamoasi sharafini himoya qildi.

“Andijon” matbuot xizmati.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Rasul M
25/02/2024 01:34
Mana Andijon kallani ishlatyapdi 2 yil 3yil kontrakt qilip