
Andijondagi MMA kechasi qanday o‘tdi? Tashkilotchilar javob berdi
Kuni kecha, Andijon shahri professional MMA kechasiga mezbonlik qildi. Hokim kubogi turniri, deb nomlangan ushbu turnir yuqori darajada o‘tdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. To‘g‘ri, kamchiliklar ham yo‘q emas, lekin ish bor joyda, albatta, kichik bo‘lsa-da, bunday holatlar uchraydi.
Biz mazkur turnir yakuni borasida tashkilotchilar va murabbiylarning fikri bilan qiziqdik.
Jahongir Qoraboev – Andijon MMA terma jamoasi bosh murabbiyi
- O‘ylaymanki, barchasi yaxshi o‘tdi. Buning uchun Andijon viloyati hokimi, O‘zbekiston MMA assotsiatsiyasi Andijon viloyati bo‘limi raisi Shuhrat Abdurahmonovga o‘z minnatdorligimizni bildirib qolamiz. Ishtirokchilar munosib rag‘batlantirildi. Shuningdek, O‘zbekiston MMA assotsiatsiyasi raisi o‘rinbosari Murod Xonto‘raevga ham o‘ziga xos sovg‘alari uchun tashakkur aytamiz. Qisqa qilib aytganda, shogirdlarimiz o‘zlariga bildirilgan ishonchni oqlay oldilar. Nasib qilsa, yanada yaxshi natijalarni qayd etamiz.
Farrux Madaminov – Andijon MMA terma jamoasi murabbiyi
Yaxshi janglar bo‘ldi. Ustoz Jahongir Qoraboev ko‘rsatmalari ostida shogirdlarni jiddiy tayyorlashga harakat qildik. Shukrki, natijalar yomon bo‘lmadi. Albatta, bu boshlanishi hali, nafaqat yurtimizda balki, xorijdagi turnirlarda ham shogirdlarimiz yaxshi ishtirok etib, yurtimiz sha’nini munosib himoya qilishadi va tez orada nufuzli promoushenlarda ham o‘zlarini ko‘rsata oladi.
Mirzohid Ataboev – tashkilotchi, kikboksing bo‘yicha Osiyo va jahon chempioni
- Ushbu turnirni yaxshi saviyada o‘tkazishga harakat qildik. Menimcha, biz o‘ylagandan ham ziyoda tarzda o‘tdi. To‘g‘ri juz’iy kamchiliklar ham bo‘ldi. Biroq, bu jang kechasining saviyasiga hech qanday ta’sir ko‘rsatgani yo‘q. Turnirning ertasi kuni viloyat hokimi barcha tashkilotchilar, murabbiy va sportchilarni huzuriga taklif etib, o‘z minnatdorchiligini bildirdi. Qolaversa, mehmonlar ham yaxshi kayfiyatda o‘z yurtlariga jo‘nab ketishdi. MMA yurtimizda yangi sport turi hisoblanadi. To‘g‘ri, avvallari faqatgina chet mamlakatlarga chiqib, jang o‘tkazishgan. Yurtimizda esa, bunday jang kechalari bo‘lmasdi. Mana asta-sekin jahon tan olayotgan ushbu yo‘nalish ham yurtimizda ommaviylashib bormoqda. Bu turnir viloyatimizdagi ilk qadam bo‘ldi. Nasib qilsa, navbatdagilari yanada yuqori darajada bo‘ladi, deb o‘ylayman. Buning uchun barcha ahil va inoq hamda bir musht bo‘lsak, barchasi ajoyib ko‘rinish oladi.
Nozimjon To‘ychiev – O‘zbekiston MMA assotsiatsiyasi Andijon viloyati bo‘limi raisi o‘rinbosari, bosh tashkilotchi
- Endi, kamchiliklar bo‘lmadi emas, bo‘ldi. Lekin bunday holatlar ilk turnirimizda ro‘y bergani ham yaxshi. Chunki, navbatdagilarida bartaraf etib, yanada ideal darajada o‘tkazishga harakat qilamiz. Lekin, umumiy tarzda olib qaraganda, yaxshi tadbir bo‘ldi. Buni ko‘pchilik e’tirof etmoqda. Albatta, chetdagilarga yaxshi ko‘rinadi. Ularning ijobiy taassurotlari esa bizga yanada yaxshi ishlashimizga turtki bo‘ladi. Shu o‘rinda, turnirning o‘tkazishimizda bizga yaqindan yordam berganlarning barchasiga o‘z minnatdorligimni bildirib qolaman.
Fikrlar