"Andijon"ning Janubiy Koreyaga qarshi o‘yini qanday kechdi?

  • 28 yanvar, 2024, 00:54
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Turkiyaning Antaliya shahrida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini olib borayotgan “Andijon” oldindan rejalashtirilganidek, 27 yanvar kuni dastlabki nazorat uchrashuvini o‘tkazdi. Raqib o‘tgan yili Osiyo o‘yinlari g‘olibi Janubiy Koreya U-23 terma jamoasi bo‘ldi.

Tecno

Bellashuv Side shaharchasidagi “Emirxan sport kompleks” maydonida bo‘lib o‘tdi. Rosti, mazkur bellashuvga qiziqish ancha katta bo‘ldi. Boisi, o‘z yoshida qit’amizning etakchi va g‘olib jamoasiga qarshi o‘yin boshqalarning ham e’tiborini o‘ziga tortmasdan qolmadi. Shuning uchun bahs “Andijon” matbuot xizmati tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatildi va ko‘pchilik tomosha qilgani bizga ma’lum.

andijon koreya3

Bu “Andijon”ning Antaliya yig‘inidagi ilk o‘yini edi. Shuni va raqibning kuchli ekanligini inobatga oladigan bo‘lsak, futbolchilarning maydondagi harakatlariga ijobiylik belgisi sifatida baho berish mumkin. Har xolda yomon taassurot qoldirishmadi. Bunday bahslarda natija muhim hisoblanmaydi. Jamoaviy o‘yinni shakllantirish birinchi “plan”ga chiqadi. Murabbiylar aynan shuning ustida ishlashyapti.

O‘yinda gol urish ikkala jamoaga ham nasib qilmadi. Natija esa adolatli. Chunki futbolchilarda golli vaziyatlar u qadar ko‘p bo‘lmadi. Ammo "Andijon" bir holatda gol urishga juda yaqin kelgandi. Ayniqsa, ikkinchi bo‘limda Bektemir Abdumannonov xavfli reyd uyushtirib raqib jarima maydoni ichiga yorib kirgan holda yaqin masofadan yo‘llagan zarbasi shundoq darvoza ustuni yonginasidan o‘tib ketdi. O‘z navbatida raqiblar ham "Andijon" darvozasi oldida ko‘p bo‘lmasa-da, ayrim pallalarda xavfli vaziyatlarni sodir etdilar. Darvozabon mahorat ko‘rsatdi va himoyachilar ham. Yana bir holatda esa darvoza ustuni goldan saqlab qoldi.

andijon koreya2

"Andijon" murabbiylari ikkala bo‘limda deyarli barcha futbolchilarni maydonga tushirdi va yigitlar ko‘rsatmalarga amal qilgan holda o‘yin tashkil qildilar. "Burgutlar" bosh murabbiyi Aleksandr Xomyakov ham, Janubiy Koreya U-23 ustozi Sun Xon Xvang ham bellashuvni tribunadan diqqat bilan kuzatib bordilar.  

“Andijon” keyingi uchrashuvini 1 fevral sanasida Rossiyaning nomdor klublaridan biri – TsSKAga qarshi o‘tkazadi. Shunday ekan, navbatdagi uchrashuv ham yanada qiziqarli o‘tishiga shubha yo‘q.

“Andijon” – Janubiy Koreya U-23 – 0:0.

27 yanvar. Antaliya. “Emirxan sport kompleksi”.

“Andijon”: Igor Litovka, Abduvohid G‘ulomov, Ildar Mamatkazin, Islom Mamatkazin, Sardor Azimov, Farhod Bekmurotov, Levan Arveladze, Sherzod Esanov, Farhod Sohibjonov, Bektemir Abdumannonov, Shahboz Erkinov.

Ikkinchi bo‘limda maydonga tushganlar: Ilhom Abdug‘aniev, Asilbek Aysarov, Muhammadkarim Toirov, Diyor Toirov, Vladimir Bubanya, Sunnatillo Abdullajonov, Armin Boshnyak, Izzatillo Abdurasulov, Asadbek Xabibullaev, Abubakir Rejabboev.

Janubiy Koreya U-23 terma jamoasi: Shin Song Xon, Li Tae Sok, Seo Myung Guan, Cho Vi Je, Xvang Jae Von, Xong Si Xo, Park Xyuin Bin, Xong Yun Sang, Li Kang Xi, Kang Seong Jin, Li Yung Jun.

Ikkinchi bo‘limda maydonga tushganlar: Kim Jeong Xun, Kim Ryun Seong, Byun Jun So, Li Jae Von, Li Jun Jae, Ox Jae Xyuk, Li Seung Von, Park Xo Min, Park Chang Van, Gox Yung Jun, An Jae Jun.  

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!