
Andrey Shipilovning shartnomasi tugayapti, u Bekobodda qoladimi yoki...
«Metallurg» klubi o‘tgan yildagi kabi joriy mavsumni ham 5-o‘rinda yakunladi. Vaholanki, bekobodliklar chempionat davomida asosan o‘rtamiyonalar qatorida yurgandi, faqat mavsumning oxirgi turidagi natijalardan kelib chiqqan holda «Metallurg» 5-o‘ringa ko‘tarilib ketdi va yakunda ushbu pog‘onani band qildi. Klub bosh direktori Abduqahhor Ma’rufaliev avvalo mavsum yakunlari haqida fikr bildirdi.
- Mavsum uzoq bo‘lganidan keyin unda albatta past-balandliklar bo‘lib turadi. Shunday ekan, bizda ham shunday holatlar uchradi. Albatta, buning o‘ziga yarasha sabablari bor. Masalan, chempionatimizda bir necha muddatli tanaffuslar bo‘ldi, futbolchilar terma jamoalar ixtiyorida bo‘lishdi. O‘yinchilar esa doim ham bir xil holatda klubga qaytib kelishmaydi, hammasi turlicha bo‘lishi mumkin. Lekin jamoamiz haqida gapiradigan bo‘lsam, «Metallurg» o‘tgan yilgiga qaraganda bu yil o‘sdi deb hisoblayman. E’tibor bersangiz, o‘tgan yili 12 ta jamoa orasida ham 5-o‘rinni olgandik. Bu yil esa ishtirokchilar soni 14 ta bo‘lganida ham biz yana 5-pog‘onani egalladik. Bizning ushbu mavsumdagi vazifamiz esa 5- yoki 6-o‘rinni qo‘lga kiritish edi. Biz esa bu borada oxirigacha kurashdik desam ham bo‘ladi. Ayniqsa, so‘nggi to‘rtta o‘yinda yutqazmasligimiz kerak edi. Masalan, Buxoroda g‘alaba qozonishni istagandik, ammo durang o‘ynab qo‘ydik. «Nasaf» esa oxirgi turda o‘z maydonida «Dinamo»ga yutqazib qo‘yganidan so‘ng biz 5-o‘rinni oldik. Agar qarshiliklar yutishganida biz 6-o‘rindan joy olishimiz mumkin edi. Shu bois deyarli oldimizga qo‘yilgan maqsadga erishildi. Tarkibimizda yaxshi yigitlar yig‘ilgandi. Ular munosib kurashishdi. Faqat yuqorida ta’kidlaganimdek, chempionat mobaynida doimiy ravishda barqaror o‘yin ko‘rsatish qiyin. Bunday pallada albatta notekisliklar ham uchrab turadi. Shu ma’noda aytadigan bo‘lsam, o‘z maydonimizda ochkolarni yo‘qotdik. Masalan, «Andijon», «Bunyodkor» kabi jamoalarga yutqazib qo‘ydik. Futbol shunaqa o‘yinki, safarda yoki o‘z uyingda yutishing mumkin yo bo‘lmasa buning aksi kuzatiladi.
Klubning rejalari katta. Ayniqsa, «Metallurg» o‘z akademiyasini ishga tushirish va bu orqali yosh iqtidorlarni tarbiyalash yo‘lida tashlanayotgan dastlabki qadamlar xususida ham klub bosh direktori to‘xtalib o‘tdi.
- Hozirgi paytda chempionatimiz tugab, hamma qishki ta’tilga chiqqaniga qaramasdan biz hamon ish bilan bandmiz. Avvalo «Metallurgkombinati» rahbarlariga rahmat. Ularning yordamida klub akademiyasini barpo qilgan holda ikkita stadion qurdik. Klubning bazalarini qaytadan ta’mirladik. Ayollar va futzal jamoalarining yotoqxonalarini ham ta’mirdan chiqardik. Kelasi yildan ish tizimini yanada yaxshilashni niyat qilganmiz. Akademiyamizni ishga tushiramiz va ayni paytda yosh bolalarning selektsiyalarini olib boryapmiz. Endi kelajakda o‘zimiz ham «Nasaf», «Bunyodkor»ga o‘xshab akademiyamizdan yosh iqtidorlarni etishtirishga harakat qilamiz. Esingizda bo‘lsa, futbolimiz mutasaddilari tomonidan barcha klublarga o‘z akademiyalari bo‘lishi shartligini aytgandi. To‘g‘risini aytsam, asosan biz bu yo‘nalishda oxirigacha va jiddiy ravishda ishladik. Qolgan jamoalarda esa akademiya masalasida qandaydir ishlar olib borilganini ko‘rmadim. Boya ikkita stadion qurganimizni aytgandim, ulardan biri sun’iy bo‘lsa, yana biri tabiiy maydon. Nasib qilsa, kelasi yilga yana ikkita maydon qurish rejamizda bor. Umuman olganda, ishlarimiz yaxshi ketyapti.
Mavsum oxirlariga yaqin jamoa bosh murabbiyi Andrey Shipilovning «Metallurg»dan ketishi haqida gap-so‘zlar tarqaldi. Bu chindan ham rostmidi yoki quruq mish-mishmidi? Biz esa ushbu masalaga ham oydinlik kiritishni istab Ma’rufalievga murojaat qilganimizda mutlaqo inkor etdi.
- Andrey Shipilov hech qaerga ketmaydi. Bu faqat quruq gap-so‘z xolos. U jamoamizda qoladi. Mavsum tugaganidan keyin o‘zaro yig‘ilish qilganimizda ham jamoadagi barcha o‘yinchilar kerakligi va yangi mavsumda yangi marralar sari kurashishimizni aytgan. Ayni paytda esa ta’tilga chiqqan. Ammo u bilan har kuni xabarlashib turibmiz. Albatta, Andrey Sergeevichning shartnomasi shu oyning oxirida tugaydi va biz Shipilov bilan yangi shartnoma imzolaymiz. Biz bosh murabbiylikka boshqa nomzodni ko‘rib chiqayotganimiz ham yo‘q, bunday gap-so‘zning o‘zi bo‘lgani yo‘q. Biz Andrey Shipilovga to‘liq ishonamiz.
Yaqinda xabar berganimizdek, «Metallurg» sardori Akbar Ismatullaev klubni tark etdi va Tailandning «Buriram Yunayted» jamoasiga o‘tmoqda. Uning ketishi esa bekobodliklar uchun jiddiy yo‘qotish bo‘lishi mumkin.
- Akbarga katta rahmat. U ikki yil davomida jamoamizga shunchalik yordam berdi. «Paxtakor» O‘zbekistonning brend klubi. Ismatullaev esa o‘sha klubda o‘ynadi. To‘g‘risi, «Paxtakor»dan boshqa klubga o‘tib yana yuqori sport formasida to‘p surish ancha-muncha futbolchiga qiyin kechardi. Chunki u erdagi sharoit bilan bu erdagi sharoit bir-biridan farq qilardi. Shunga qaramay, Ismatullaev jamoamizga kelib, o‘zimizdagi sharoitlarga ko‘nikib munosib o‘yin ko‘rsatgani uchun minnatdorchilik bildiramiz. Klubdan ketayotganini ma’lum qildi va biz unga oq yo‘l tiladik. Ammo doim bunday futbolchilar uchun eshigimiz ochiq. Aytishi bo‘yicha, Tailandda unga yaxshi sharoitlarni yaratib berishar ekan, - dedi «Metallurg» bosh direktori.
Shuningdek, tarkibda qanday o‘zgarishlar bo‘lishi haqida ham so‘raganimizda shunday javob qaytardi.
- Jamoamizda qanday o‘zgarishlar bo‘lishi haqida hozircha biror nima deyishim qiyin. To‘g‘risi, barchasini Andrey Shipilov hal qiladi. Hozircha bosh murabbiy bizga biror-bir o‘yinchini ketgani haqida gapirgani yo‘q. Shunisi aniqki, barcha futbolchilar bilan gaplashgan. Hammasi murabbiyning qarashlariga bog‘liq. Rossiyalik legioenerimiz Sergey Tumasyan masalasiga kelsak, u bilan tuzilgan shartnoma tugagan. Menimcha, shartnomani cho‘zdirmasa kerak. To‘g‘risi, uning masalasi hozircha ochiq. Bosh murabbiy hal qiladi.
Umuman aytganda, yangi mavsumga qanday tayyorgarlik ko‘riladi? Yig‘in qachondan boshlanadi? Bu borada klubning dastlabki rejalari bor.
- Yangi mavsum uchun tayyorgarlikni 5 yoki 6 yanvardan boshlashni rejalashtirib turibmiz, - deydi Ma’rufaliev. - Ungacha yana vaqt bor. Balki dekabrning oxirlarida bayram arafasida yig‘ilib qolishimiz ham mumkin. Lekin asosiy mashg‘ulotlar yanvardan tashkil etiladi. Hamma ta’tildan qaytganidan keyin biz yana rahbarlarimiz bilan yig‘ilish qilamiz. Qaysi jamoa yuqori o‘rinlar uchun kurashishni xohlamaydi deysiz, hamma ham istaydi. Yangi mavsum uchun reja va maqsadlarimiz qanday bo‘lishini rahbarlarimiz bilan o‘zaro gaplashganimizdan so‘ng aniq bo‘ladi.
Fikrlar