Angliyaning eng zo‘r himoyachisi Husanovga qanday baho berdi?
Angliya Premier-ligasining ikkinchi qismida “Manchester Siti” himoyasi markazida vujudga kelgan Abduqodir Husanov va Mark Gexi tandemi muxlisu mutaxassislar eʼtirofiga sazovor boʻlmoqda.
Aslida joriy mavsum boshlanganida Abduqodir Xosep Gvardiola jamoasida asosan zahira oʻyinchisi hisoblanardi. Vaziyat taqozosi bilan Husanov mavsumni oʻng qanot himoyachisi sifatida boshladi. Jarohatlardan keyin bu pozitsiyani Mateush Nunyesh toʻliq oʻzinikı qildi.
Biroq, “Siti” himoyasi markazida Yoshko Gvardiol, Jon Stounz va Ruben Diashning jarohatlanishi Abduqodirga yangi imkoniyat yaratdi. Qishki transferlar oynasi davrida “Manchester Siti” Angliya Premier-ligasining eng zoʻr markaziy himoyachisi Mark Gexini transfer qildi.
Shundan soʻng, Xosep Gvardiola markaziy himoyani Abduqodir Husanov va Mark Gexiga topshirdi. Bu futbolchilar favqulodda ishonchli oʻyin namoyish qila boshladi va jamoaning yutuqlariga katta hissa qoʻshib kelmoqda.
Aynan shu ikki markaziy himoyachi juftligini Xosep Gvardiola “shaharliklar”ning soʻnggi oʻyinlarining koʻpchiligida afzal koʻrmoqda. Mark Gexi maydonda Abduqodir Husanov bilan birgalikda oʻynash haqida fikr bildirdi.
- Menga Husanov bilan oʻynash juda yoqadi. Abduqodir ajoyib futbolchi va undan ham yaxshi inson. Men birga oʻynagan har bir futbolchidan koʻp narsa oʻrgandim, jumladan Ruben Diash va Natan Akedan ham.
Umid qilamanki, Abduqodir bilan birgalikda “Manchester Siti” himoyasida barqarorlikni taʼminlashda davom etamiz, - dedi Mark Gexi.
Joriy mavsumda 22 yoshli oʻzbek futbolchisi barcha turnirlarda 34 ta uchrashuvda ishtirok etdi. Abduqodir bu oʻyinlarning aksariyatida boshlangʻich tarkibdan joy olgan.
Chempionatning birinchi qismini “Kristal Pэlas”da oʻtkazgan va keyinchalik “Manchester Siti”ga koʻchib oʻtgan 25 yoshli Mark Gexi har ikki jamoadagi oʻyinlarini qoʻshib hisoblaganda 50 marta maydonga tushdi, beshta dan gol va assist qayd etdi.

Fikrlar