Anshlag bo‘lishi kutilayotgan "Andijon" - "Nasaf" uchrashuvi uchun chiptalar sotuvda
Andijonga yana katta futbol qaytmoqda. “Bober Arena” maydoni tayyor bo‘lgach va rekonstruktsiyadan keyin endi Superligani qabul qilishga shay. Shunday ekan, “Andijon” jamoasi endi o‘zining jonajon maydonida o‘ynaydi.
Ikkinchi davraning ilk uchrashuvida “Nasaf”ni qabul qiladi va aytish joizki, o‘yinga bo‘lgan qiziqish juda katta. 28 iyul kuni bo‘ladigan bahsda stadion to‘lishi katta ehtimol. Boisi, kecha o‘yin uchun chiptalar sotuvi boshlangan. Ta’kidlash joizki, chiptalar savdosi ancha qizg‘in davom etyapti. Kassalar muxlislar bilan gavjum.
Ma’lumotlarga qaraganda, “Andijon” fan-klubi uchrashuvga juda katta tayyorgarlik ko‘rmoqda. “Bobur Arena”da betakror performans tashkil qilinishi va yana o‘zgacha uslubdagi yorqin bannerlar namoyish etilishi kutilmoqda.
Muxlislar 12-o‘yinchi deganlaridek, “Andijon” jamoasi o‘z maydonida sog‘ingan ishqibozlari qarshisida katta motivatsiyaga ega bo‘lishi turgan gap.
“Andijon” matbuot xizmatining xabariga ko‘ra, “Andijon” – “Nasaf” uchrashuvi uchun chiptalar narxi sektorlarga qarab 25, 30 va 40 ming so‘m etib belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, “Andijon” – “Nasaf” o‘rtasidagi uchrashuv 28 iyul kuni soat 20:00 da boshlanadi.

Fikrlar