
"Antalyaspor" prezidenti: "Har doim skautlarimiz o‘zbek futbolini ham kuzatib yurishadi" yoxud "Andijon" turk klubi bilan 5 yillik shartnoma imzoladi
“Andijon” futbol klubi Antaliyadan boy taassurotlar bilan qaytdi. Ayniqsa, Turkiya Superligasi ishtirokchilaridan biri - “Antalyaspor” bilan hamkorlik qilish bo‘yicha kelishuvga erishganligi ayni muddao bo‘ldi. Endilikda o‘zbek va turk futboli klublari ham mustahkam aloqalarni o‘rnatishga kirishdilar.
Oldin xabar berganimizdek, jamoamiz rahbariyati mazkur klub rahbariyati bilan uchrashgandi va “Antalyaspor” klubi bilan yaqindan tanishib chiqqandi. Natijada ikki tomon ham bir-biri bilan ishlashga rozilik bildirgandi.
“Andijon” klubi safar oldidan yana bir bor “Antalyaspor” klubida bo‘ldi. Bu safar barchasi rasmiylashtirildi. Hamkorlik bo‘yicha eksklyuziv kelishuv shartnomasini imzolash jarayonida “Andijon” futbol klubi bosh direktori Ulug‘bek Mirzaev hamda “Antalyaspor” klub prezidenti Aziz Chetin nomidan jamoaning xalqaro aloqalar va strategik rejalashtirish bo‘yicha menejeri Erdem Erdal shartnomaga imzo chekdilar. Aytish joizki, “Andijon” hamda “Antalyaspor” o‘rtasida 5 yillik bitim imzolandi.
Allaqachon ikki tomon o‘rtasidagi hamkorlik bo‘yicha ishlarning oldinga siljishi kuzatilmoqda. Ma’lumki, yaqinda “Andijon”ga albaniyalik tajribali hujumchi Rubin Xebay bilan shartnoma imzoladi. Bilasizmi, aslida ushbu futbolchi “Antalyaspor” klubi menejerining taklifi bilan olingan. Bu hol esa aynan ikki klub o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikning birinchi qadamlaridan bo‘ldi. Aslida vaziyat shunday ediki, ushbu o‘yinchini “Antalyaspor” klubi ham ko‘zlab turgandi. Lekin yordam sifatida mazkur legionerni “Andijon”ga tavsiya qildi, deyish ham mumkin.
Kelishuv shartnomasi 11 ta yo‘nalish bo‘yicha imzolandi. Jumladan, klublar bir-birini asosiy jamoa hamda yoshlar va o‘smirlar jamoalari o‘rtasida o‘tkaziladigan rasmiy musobaqalarga jalb qilish, xuddi shuningdek, ushbu yo‘nalishlar bo‘yicha o‘rtoqlik uchrashuvlari bo‘yicha jalb qilish, ikkala tomonlama murabbiylarning o‘quv-kurslarini tashkil qilish, klublarning bir-biriga futbolchilarning transferi va ijarasi bo‘yicha hamkorligi, klublar xodimlari o‘rtasida malaka almashish va stajirovka o‘tkazish, klublar o‘rtasida futbolchilarning ta’lim dasturlari yuzasidan malaka almashish va stajirovka o‘tkazish, “Antalyaspor” sport bazasida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini tashkil qilish, ikkala klub o‘rtasida skautlik yo‘nalishidagi munosabatlarni rivojlantirish, ikkala jamoaning hamkorligi yuzasidan o‘zlarining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida va veb-saytlarida bir-birini targ‘ibot qilish, klublarning homiylar hamda muxlislar tomonidan keladigan daromadlarini oshirish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, har xil sport va futbol maslahatlari hamda tavsiyalarini berish kabi futbolni rivojlantirish bo‘yicha o‘zaro kelishuvlarga erishildi.
E’tibor bergan bo‘lsangiz, maydonda 11 nafar futbolchi o‘ynaganidek, mazkur klublarning kelishuv shartnomasida ham 11 ta band o‘rin egallagan.
“Antalyaspor” klubi prezidenti, turk futbolida katta obro‘-e’tibor qozongan janob Aziz Chetin ham “Andijon” klubi bosh direktori Ulug‘bek Mirzaev boshchiligidagi jamoa delegatsiyasi bilan uchrashdi. Tomonlar bunday iliq munosabatdan va samarali kelishuvdan nihoyatda mamnun ekanliklarini yashirib o‘tirmadilar. O‘z navbatida “Antalyaspor” prezidentining o‘zi ham “Andijon” jamoasi bilan hamkorlik qilish tashabbusini qo‘llab-quvvatlagan. “Andijon” bosh direktorining janob Aziz Chetin bilan uchrashuvi chog‘ida shunga amin bo‘lish mumkinki, ushbu loyiha har ikkala tomonning rivoji uchun katta xizmat qiladi.
Shartnoma imzolangach, “Antalyaspor” klubi prezidenti Aziz Chetin “Andijon” matbuot xizmati uchun o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
- “Andijon” jamoasining “Antalyaspor” bilan o‘zaro hamkorlik shartnomasini imzolashi o‘zbek hamda turk futboli tarixida ilk bor ro‘y bermoqda. Bu kelishuvga rozi bo‘lishingizga avvalo nima turtki berdi va bundan nima kutyapsiz?
- O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi madaniyatlarimiz deyarli bir xil, biz qardoshlarmiz. Bu bizning siyosatimizni bir qismi. O‘zbekiston Osiyoning markazida joylashgan. O‘zbekiston bilan qardoshligimiz va madaniyatimizning o‘xshashligi bor va biz barchasini o‘rganib chiqdik. Klub ham o‘ziga yarasha tarixga ega ekan. Mana, endi yaxshi niyatlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yyapmiz. Biz dunyoning turli burchaklarida klubimizning filiallarini ochganmiz va hamkorlik ishlarini yo‘lga qo‘yganmiz, masalan, Argentina, Kosovo, Janubiy Afrika, Belgiya, Kiprda. Ammo Osiyo futboli bozori bo‘yicha o‘ylanib turgandik. Sizlardan taklif kelib qoldi va bunga mamnuniyat bilan rozilik bildirdik. Qardosh mamlakat futboli bilan do‘stona aloqalarni o‘rnatish biz uchun faxr.
- Ijobiy fikrda ekaningizdan mamnunmiz va ayting-chi, o‘zbek futboli haqida qanchalik tasavvurga egasiz?
- Har doim skautlarimiz o‘zbek futbolini ham kuzatib yurishadi. Shu bois O‘zbekiston futboliga hamma vaqt e’tibor qaratib yuramiz. Bizda ozarbayjonlik va tojikistonlik yoshlar ham bor. O‘zbekistonda ham ajoyib iqtidorlar borligini bilamiz. Umuman, O‘zbekiston futboli nafaqat Markaziy Osiyoda, balki butun qit’ada ham kuchli hisoblanadi. Yurtingiz o‘yinchilariga qiziqishlarimiz bor. Shu sababli ham biz ushbu hamkorlikka rozilik bildirdik. Mana, “Andijon” klubi rahbari bizni O‘zbekistonda o‘tadigan U-20 Osiyo chempionatiga taklif qildi. Ferda Ramanli boshchiligidagi guruhimizni Afrikada o‘tadigan qit’a chempionatiga yuborsak, Erdem Erdal boshchiligidagi vakillarimiz esa Toshkentga borishadi.
- 2024 yili “Andijon” klubining yubiley 60 yilligi nishonlanadi. Klub rahbariyati esa siz boshchiligingizdagi “Antalyaspor”ni mazkur yubiley tadbiri uchun o‘rtoqlik uchrashuviga taklif qilmoqda. Chindan ham Andijonga kelish rejasi bormi?
- Xudo xohlasa boramiz. Axir biz hamkorlikni yo‘lga qo‘ydik. Shunday ekan, borishga harakat qilamiz. Bizning homiyimiz “Corendon Airlines” aviakompaniyasi hisoblanadi. Odatda biz qaerga borsak ham o‘zimizning samolyotda boramiz va Andijonga ham shaxsiy samolyotimiz orqali etib boramiz.
Fikrlar