
Anvar Berdiev: "Yaxshi legioner yaxshi maosh so‘raydi, biz endi oyoqqa turayotgan jamoamiz"
Pro ligadan Superligaga qaytgan G‘uzorning “Sho‘rtan” klubi ketma-ket ikkita o‘yinda mag‘lubiyatga uchradi. Avvaliga safarda “Xorazm”ga, so‘ng “Bunyodkor”ga bir xil – 2:0 hisoblarida yutqazib qo‘ydi.
Ikkinchi turdagi mag‘lubiyatdan so‘ng “Sho‘rtan” bosh murabbiyi Anvar Berdiev ayrim savollarga javob berar ekan, avvalo “Bunyodkor”ga qarshi bellashuv borasidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
- Futbolchilarimiz qo‘llaridan kelganicha harakat qilishdi. Birinchi bo‘limda jamoamizda yaxshi imkoniyatlar bo‘ldi, ammo foydalana olmadik. Keraksiz joyda to‘p o‘tkazib yubordik. Bunday raqib xatoni kechirmaydi. Ikkinchi bo‘limda vaziyatni o‘zgartirishga harakat qildik. Yana o‘z imkoniyatlarimizdan foydalana olmadik. Standart vaziyatdan keyin ikkinchi golni ham o‘tkazib yubordik.
- “Sho‘rtan”ni ikkita o‘yinini ko‘rdik, garchi yutqazayotgan bo‘lsa-da, hujum chizig‘idan tashqari qolgan barcha chiziqlar yaxshi taassurot qoldiryapti. G‘alaba uchun gol kerak. Yaxshi selektsiya olib borildi. Biroq nima uchun hujum chizig‘i muammoligicha qolmoqda?
- To‘g‘ri savol berdingiz. Jamoamizda vaziyatlarga nuqta qo‘yadigan hujumchi etishmayapti. O‘zbekiston chempionatida yaxshi hujumchilarni topish qiyin bo‘lyapti, buni ko‘p jamoalarimizda ko‘ryapmiz. Shu bois imkoniyatimizdan kelib chiqib, safimizga yangi hujumchilarni taklif qildik. Mashg‘ulotlarda yaxshi ishlayapmiz. Ammo mashg‘ulot bilan o‘yinni farqi bor, buni futbolchilarga tushuntiryapmiz. Hujumchi mashg‘ulotda ham har bir zarbasini gol bilan yakunlashi kerak. Agar mashg‘ulotlarda buning ustida ishlamasa, o‘yinda qiyin bo‘ladi. Xohlaymizmi-yo‘qmi, O‘zbekistonda yaxshi hujumchilar kamayib ketdi. Baribir bizda iqtidorli hujumchilar ko‘p. Kelajakda albatta yaxshi hujumchilar etishib chiqadi. Hozirda esa biz bor imkoniyatimizdan foydalanishga harakat qilamiz.
- Legioner jalb qilishga klubning moddiy imkoniyati yo‘l qo‘ymaydimi yoki o‘zingiz xohlamaysizmi?
- Birinchi navbatda mahalliy o‘yinchilarimizga e’tibor qaratishga harakat qilaman. Yaxshi legioner baribir yaxshi maosh so‘raydi. Biz endi oyoqqa turayotgan jamoamiz. Shu jamoamiz bilan ham oldimizga qo‘yilgan vazifani bajara olishimizga ishonaman. Keyingi uchrashuvlarda shu o‘yinchilarimiz bilan yaxshi natija ko‘rsatishga harakat qilamiz.
- O‘rinbosarlar jamoasining o‘yinlarini ham kuzatyapsiz. FIFA kunlaridan keyin aynan o‘rinbosarlar tarkibidan kimlarnidir asosiy jamoada ko‘rishimiz mumkinmi?
- Imkon darajasida kuzatib borishga harakat qilaman. E’tibor bersanglar, Asilbek Anvarov ikkinchi bo‘limda maydonga tushdi. Yomon harakat qilmadi, o‘zini yo‘qotib qo‘ymadi. O‘rinbosarlar bahsida o‘zini ko‘rsatib, gol urgandi, shu bois asosiy jamoaga jalb qildik. Yoshlarga imkoniyat berishda davom etamiz.
Fikrlar