Anzur Ismoilov: Xorijdagi takliflarga jiddiy qaramayapman, chunki...
Tajribali futbolchi Anzur Ismoilov joriy mavsumni «Lokomotiv» tarkibida o‘tkazganidan yaxshi xabardorsiz. Aytish mumkinki, unda himoyachilarga xos bo‘lgan barcha xususiyatlar mujassam. Ayni paytda esa u ham qishki ta’tildan foydalangan holda charchoqlarini chiqarish maqsadida asosan oila davrasida vaqtini o‘tkazmoqda. Ismoilov esa yakuniga etgan mavsumda «Lokomotiv» bilan birga kumush medalni qo‘lga kiritdi. O‘tgan yili esa temiryo‘lchilar bilan birga mamlakat chempionligini ham qo‘lga kiritganini eslatib o‘tish darkor. Oxirgi paytlarda esa ushbu futbolchi bilan bog‘liq e’tiborga molik holatlar yuz bermoqda. Biz esa ushbu yilda milliy terma jamoadagi faoliyatini yakunlashga qaror qilgan futbolchi bilan qator masalalarda erkin fikr tarzida muloqot o‘tkazdik.
Asta-sekin 2019 yil ham yakuniga etib bormoqda. Bunday paytda esa har bir inson ortda qolayotgan yilni o‘zi uchun sarhisob qiladi. Shunday ekan, Anzur Ismoilovda ham joriy yil o‘ziga yarasha taassurotlar qoldirgan bo‘lishi tabiiy. Natijada dastlab 2019 yil nimasi bilan yodda qolarli bo‘lganligi haqida gapirdi.
- O‘tgan yilgiga qaraganda, bu yil bir muncha qiyinroq o‘tdi desam bo‘ladi. Chunki bu mavsum avvalida jamoamizdan 5-6 ta futbolchilar ketishdi. Natijada jamoaning o‘yin uslubi ham almashdi. «Paxtakor» esa juda kuchli jamoaga aylandi. Shuning uchun ular bu yil hammadan kuchli ekanligini isbotladi. Buni tan olish kerak, berkitib nima qilamiz? Yana nima deyishim mumkin? Chempionat yakunlanib borayotgan mahaldagina biz bir-birimizga moslashib, o‘yinimizni yaxshilayotgandik. Bundan boshqa yana nimadir deyishga ham hayronman.
Yaqinda Samvel Babayan «Lokomotiv»ni tark etib Xitoyning «Chanchung Yatay» klubiga bosh murabbiy etib tayinlandi. Buning Anzur Ismoilovga qanday aloqasi bor deb o‘ylayapsizmi? Ko‘pchilik yaxshi bilsa kerak, futbolchi 2011 yildan 2018 yilgacha «Chanchung Yatay» safida muvaffaqiyatli tarzda to‘p surgan. Babayan esa aynan Anzurning sobiq klubiga bosh murabbiy etib tayinlandi. Shu bois Samvel Vyacheslavovich ham Xitoyga ketishdan avval Anzurdan sobiq klubi haqida ma’lumotlar olganini aytgandi. Umuman olganda, uning Xitoyga ketishi chinakam yangilik bo‘ldi. Ochig‘i, Ismoilov sobiq klubini yaxshi bilishini inobatga olgan holda undan Babayanning «Chanchung Yatay»da o‘zini ko‘rsata olish imkoniyatlari qanchalik bo‘lishi mumkinligi haqida ham so‘radik.
- Men o‘ynagan «Chanchung Yatay»da hamma narsa etarli, u erda hech qanaqa muammo yo‘q. Nimani xohlasangiz, hammasini muhayyo qilishadi. Barcha shart-sharoitlar tayyor. Futbolchi uchun hamma narsa bor. Masalan, zo‘r baza, yotoqxonalar, mashg‘ulot maydonlari, trenajyor zallari, umuman muammo topa olmaysiz. Xitoyda shunaqaki, hamma klublari o‘z safiga 3-4 nafar yaxshi legionerlarni qo‘shib olsa bo‘ldi. Ular esa jamoaning natijalariga katta ta’sir ko‘rsatishadi. Samvel Babayan haqida nima deyishim mumkin? Ha, u «Chanchung Yatay» bosh murabbiyiga aylandi va bu borada unga faqat omad tilab qolishim mumkin. Klubning maqsadi esa Superligaga qaytish. Ammo, bilasizmi, bu oson emas, juda qiyin masala. Xitoyning birinchi divizionida ham raqobat nihoyatda kuchli. Axir men Xitoy chempionatida 8 yil o‘ynaganman. Shu bois u erdagi hamma narsani yaxshi bilaman. Hammasini vaqt ko‘rsatadi.

Hech kimga sir bo‘lmasa kerak, so‘nggi paytlarda Anzur Ismoilovning «Paxtakor»ga o‘tishi borasida gap-so‘zlar keng tarqalmoqda. Kimdir esa hattoki uning «Paxtakor» bilan shartnoma tuzib bo‘lganligi haqida ham gapirishmoqda. Lekin bular qanchalik haqiqat? Tabiiyki, bunday jarayonda vaziyatga aniqlik kiritish uchun odilona javobni faqat futbolchining o‘zi ayta olardi. Shuni inobatga olib undan keyingi rejalariga ham oydinlik kiritishi lozimligini tushuntirdik.
- Ha, muzokara o‘tkazayotgan jamoalarimiz bor. Ammo biz hali bir nuqtaga kelganimiz yo‘q. Hozircha gaplashyapmiz. Bilasizmi, menga Xitoydan ham, Tailanddan ham yaxshi takliflar bo‘lyapti. Biroq men ko‘proq uyda qolishni xohlayapman. Bilmadim, nima bo‘larkin? Menimcha, tez orada hammasi hal bo‘ladi deb o‘ylayman.
Agar Ismoilov yana O‘zbekistonda qolib faoliyatini davom ettirmoqchi bo‘lsa, u holda uning uchun eng munosib jamoa – bu «Paxtakor» bo‘lsa kerak. Biz aynan shu xususida murojaat qilganimizda shunday javob qaytardi:
- (Kuladi) To‘g‘risi, hozir bu haqida biror nima ayta olmayman. Menga ozgina vaqt kerak. Keyingi rejalarim hal bo‘lish arafasida turibdi. Nasib qilsa, tez orada barchasi oydinlashib qoladi.
O‘zingiz ko‘rganingizdek, unga Xitoydan ham yana takliflar bor. Bu bejiz emas, albatta. Chunki Ismoilov u erda 8 yillik faoliyatini o‘tkazgan va xitoyliklar futbolchimizning imkoniyatlarini yaxshi biladi. Shu sababli o‘yinchimizga Xitoydan yana qiziqishlar bo‘lishi ham tabiiy edi, aslida.
- Xitoydan menga qiziqayotgan ikkita jamoa bor, - deb mavzuni davom ettirdi, Anzur. – Bundan tashqari, menga Eronning «Sepaxon» klubidan ham aniq taklif kelib tushgan. U erga borib tibbiy ko‘rikdan o‘tishim kerak va shundan so‘ng darhol shartnomaga imzo chekishimni bildirishyapti. Biroq boya aytganimdek, men ko‘proq yana o‘zimizda o‘ynamoqchiman. Men bilan qiziqayotgan klublarni hurmat qilaman va ular bilan gaplashayotganimda yangi yilgacha barchasini hal qilishimizni aytyapman.

Yuqorida futbolchi Xitoydan ikkita taklif borligi haqida aytdi. Qiziq, u qaysi klublar? Yoki ulardan biri Samvel Babayandan kelgan chaqiruvmi? Bu ham o‘ziga yarasha qiziq masala edi, lekin Anzurning aytishi bo‘yicha ikkalasi ham boshqa klublar ekanligini ma’lum qildi. Umuman olganda, tajribali himoyachimizga Osiyoning yaxshi saviyadagi jamoalaridan jiddiy takliflar kelib tushyapti. Bu esa Ismoilovning hali ham xorijda legioner sifatida yuqori darajada o‘ynay olishga bo‘lgan imkoniyatlari etarli ekanligini ko‘rsatib turibdi. Boshqa o‘yinchilar esa o‘ziga chetdan mana shunday bir qator qiziqarli takliflar bo‘lishni istashadi. Ammo Ismoilov nima uchun xorijga ketishga unchalik shoshilmayapti?
- Hammasi oilaviy sabab tufayli. Bungacha 8 yil Xitoyda o‘ynab keldim. Endi farzandlarim ham katta bo‘lib qolishyapti. Agar hozir 30 yoshda bo‘lganimda ham bu boshqa gap edi. Endilikda oilamga ko‘proq e’tibor qaratishni istayapman. Bilasizmi, men oilamni, bolalarimni juda sog‘inganman. Ularga o‘zim bosh-qosh bo‘lib tarbiyalasam, bog‘chasiga, maktabiga o‘zim olib borib kelsam, mana shunday holatlar menga huzur bag‘ishlaydi, - deydi Ismoilov.
Futbolchi bilan o‘zaro muloqotimiz davomida yana O‘zbekiston chempionatiga doir ayrim masalalar bo‘yicha ham fikr almashdik. Ya’ni, yakuniga etgan mavsumda O‘zbekiston chempionatidagi eng yaxshi futbolchi kim bo‘lganligi haqidagi fikrlarini bilishga ham qiziqdik.
- «Paxtakor»da to‘p surgan Doston Hamdamov, Jaloliddin Masharipov va Dragan Cheranni alohida aytgan bo‘lardim. Vaziyatga xolisona baho beradigan bo‘lsak, ayni paytda mana shu uchala futbolchini eng yaxshilari deb o‘ylayman. Aslida yaxshi o‘yinchilar ko‘p-u, biroq ular ajralib turishdi.

Eng yaxshi futbolchilar haqida gapirganidan keyin o‘z-o‘zidan bu borada eng yaxshi murabbiylar haqida ham o‘z fikrini bildirishini so‘radik.
- Hamma murabbiylarning o‘ziga yarasha xususiyatlari bor, ularni hurmat qilaman. Misol uchun «Nasaf»ni olaylik, Ro‘ziqul Berdiev qo‘l ostidagi mahalliy yoshlarni qanday tarbiyalaganini ko‘ring, hammasi ajoyib yigitlar. Agarda mana shu tarkibga uch nafar yaxshi legioner va o‘zimizdan bir-ikkita tajribali futbolchilarni qo‘shib olishsa, Berdiev «Nasaf» bilan bemalol chempionlik uchun kurasha oladi. Lekin buning uchun klub o‘zining ichki imkoniyatlariga qarashi kerak. «Nasaf»da mablag‘ tomonlama etarlicha imkoniyatlari bo‘lmagan paytida Ro‘ziqul Berdiev yoshlardan ajoyib jamoa tuzgani juda yoqimli bo‘ldi. «Bunyodkor»da ham shunday. Aytmoqchimanki, shuncha yoshlarimiz uchun ushbu yil o‘zlarini ko‘rsatish borasida ajoyib imkoniyat bo‘ldi. Ayniqsa, bu O‘zbekiston uchun juda qo‘l keladi.
Shu bilan birga bu yilgi chempionatimiz haqida ham turli fikrlar bildirilyapti. Albatta, hammasi «Paxtakor»ning yaqqol gegemonlgi ostida o‘tdi. Shu sababli ular 20-22 ochkolik farq bilan ancha avval chempionlikni rasmiylashtirishdi. Natijada bu intriganing erta tugashiga sabab bo‘ldi. Ko‘pchilik esa mavsum zerikarli o‘tganligi haqida ham gapirishyapti. Bu borada Ismoilovning munosabati qanday ekanligi bilan qiziqib ko‘rdik.
- Chempionat hamma o‘ylagandek zerikarli o‘tgani yo‘q. To‘g‘ri, «Paxtakor» kuchli o‘yin ko‘rsatdi, boshqalar esa ularga intilishga harakat qildi. Masalan, o‘tgan yilning ikkinchi yarmida «Lokomotiv»da o‘ynashni boshlagan bo‘lsam, o‘shanda biz raqiblarimizni kerak bo‘lsa katta qiyinchiliksiz yutgan paytlarimiz ham bo‘lgan. G‘alabalarni ortiqcha kuch sarflamasdan qo‘lga kiritardik ham. Bu yil esa bunday bo‘lmadi. Oson taslim bo‘lgan jamoalar uchramadi. Bu esa chempionat qiziqarli o‘tganini bildiradi. Qolaversa, ko‘plab jamoalar tarkiblarini iqtidorli yoshlar bilan to‘ldirishdi. Shu bois aytishim mumkinki, bu yil yoshlarimizga ajoyib imkoniyatlar taqdim etildi. Ular o‘yin amaliyotiga ega bo‘lgan holda o‘sishga erishishdi.
Chempionatimiz tugaganidan keyin endi barchaning e’tibori o‘z-o‘zidan olimpiya terma jamoamizga qaratiladi. Chunki yanvar oyida Tailandda Osiyo chempionati musobaqasi o‘tkaziladi. Jamoamiz oldiga esa Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritish vazifasi qo‘yilgan. Ismoilov esa terma jamoamizning imkoniyatlari xususida shunday dedi:
- Terma jamoamiz bilan musobaqaga ketgan yigitlarning hammasi ajoyib futbolchilar. Ularda iqtidor katta. Shaxsan men futbolchilarimizga ishonaman. Endi hammasi murabbiyga bog‘liq. Chunki to‘g‘ri tarkib tanlash, taktikani qo‘llash, vaqtida va kerakli o‘yinchi almashtirish, o‘yinni ko‘ra olish – hammasi murabbiyning mahoratiga bog‘liq. Ochig‘i, murabbiylarimizga ham ishonaman va ulardan ko‘p narsani kutyapman.

Shuningdek, ortda qolayotgan yilning yana bir o‘ziga yarasha voqeliklaridan biri bu Anzur Ismoilovning milliy terma jamoadagi faoliyatini yakunlagani bilan bog‘liq. Chunki uning bosh jamoamizga yana foydasi tegishiga ishonardik. Biroq himoyachi endi klubdagi faoliyatiga asosiy e’tiborni qaratishni lozim topdi. Ammo uning termadan ketishini har kim turlicha talqin qildi. Masalan, Ektor Kuperning ketganidan keyin shunday qaror kelgani bois balki uning Vadim Abramov bilan ishlashni istamagani borasida ham gap-so‘zlar yo‘q emasdi. Shu bois futbolchimizdan ushbu vaziyatga ham oydinlik kiritishini so‘radik.
- Osiyo Kubogidan keyin Kuper bilan gaplashganman. O‘shanda Osiyo Kubogi tugadi, bu mening oxirgi o‘yinim deb aytgandim. Chunki o‘sib kelayotgan yoshlarga joy berish kerak edi. Mening yoshim ham ulg‘ayib borayotgandi. Jahon chempionatining saralash bahslarida o‘ynagan taqdirimda ham biz mundialga chiqsak, o‘ynay olmasdim. Chunki ungacha yana vaqt bor edi. Shu sababli mening o‘rnimga boshqa yoshlarga ko‘proq e’tibor beringlar deb aytgandim. Balki yana bir yil termada o‘ynashim mumkin edi, ammo undan ko‘p bo‘lmasdim, menimcha. Shu bois o‘sha paytda hozir ketishimning fursati keldi deb murabbiyga o‘z fikrimni aytgandim. Lekin u paytda mening ketishimga ruxsat berishmagandi. Keyin esa murabbiy o‘zgardi va Vadim Abramov keldi. Garchi unga terma jamoadan ketdim deb aytmagan bo‘lsam-da, ammo O‘FAdagilarga o‘z qarorimni aytib tushuntirganman. Albatta, terma jamoaga istalgan paytda yordam berishga tayyorman, biroq o‘sib kelayotgan yoshlarga ham yo‘l berish kerak deb tushuntirganman. Chunki jahon chempionatida endi ular o‘ynashi kerak, men esa o‘ynay olmayman.

Fikrlar