APL. 8-turda qayd etilgan natijalar va turnir jadvalidagi holat bilan tanishing
Angliya Premer-ligasining 8-tur uchrashuvlari yakunlandi. Mazkur turda qayd etilgan e’tiborga molik natijalar va qiziqarli statistikalar bilan tanishing.
“Nottingem Forest” – “Chelsi” 0:3
Angliya Premer-ligasining navbatdagi turida “Chelsi” safarda “Nottingem Forest”ni 3:0 hisobida mag‘lub etdi. O‘yinning dastlabki daqiqalarida mezbonlar faol harakat qilgan bo‘lishsa-da, vaqt o‘tgan sayin “aristrokratlar” tashabbusni o‘z qo‘liga oldi va yakunda ishonchli g‘alabaga erishdi. Jamoa sardori Ris Jeyms uchun bu kecha o‘ziga xos bo‘ldi. Himoyachi “Chelsi” safida 200-o‘yinini o‘tkazdi va yubiley uchrashuvida gol urdi va assist qayd etdi hamda “o‘yinning eng yaxshi futbolchisi” deb topildi.Biroq jamoaning intizom bilan bog‘liq muammolari hanuz saqlanib qolmoqda. "Chelsi" so‘nggi besh o‘yinda to‘rtta qizil kartochka olib, Premer-ligadagi eng ko‘p ogohlantirilgan jamoalardan biriga aylangan. Shuningdek, klub tarixida kichik, ammo muhim voqea qayd etildi: 1998/99 yildan buyon ilk bor “Chelsi” safida bir mavsum ichida 19 yoshli ikki futbolchi Acheampong va Estevao gol urishga muvaffaq bo‘ldi.
“Manchester Siti” – “Bornmut” 2:0
“Manchester Siti” o‘z maydonida “Bornmut”ni 2:0 hisobida mag‘lub etdi. Mehmonlar qarshilik ko‘rsatishga urigan bo‘lsa-da, “shaxarliklar” qiynchiliksiz g‘alabani qo‘lga kiritdi. Erling Xoland o‘zining golli seriyasini davom ettirmoqda. Norvegiyalik hujumchi ketma-ket 11-o‘yinda gol urdi. So‘nggi marta u 23 avgust kuni maydonni golsiz tark etgan edi. Xosep Gvardiola esa “Siti” bosh murabbiyi sifatida 350-o‘yinlik marraga etdi. Uning qo‘l ostida 250 dan ortiq g‘alaba qayd etgan.
“Arsenal” – “Vest Hem” 1:0
Mikel Arteta jamoasi "London derbisi"da minimal hisobda g‘alaba qozondi. “Arsenal” ketma-ket ikkinchi o‘yinda raqiblarga darvoza tomon zarba berish imkonini bermadi. Ushbu natija “kanonirlar”ga “Manchester Siti”dan uch ochkolik ustunlikni saqlab qolish imkonini berdi.
“Tottenxem” – “Aston Villa” 1:2
"Aston Villa” o‘zining g‘alabali seriyasini davom ettirdi. Birmingem klubi “Tottenxem”ni 1:2 hisobida mag‘lub etib, barcha musobaqalarda ketma-ket beshinchi raqiblaridan ustun keldi.
“Liverpul” – “Manchester Yunayted” 1:2
“Enfild”da kutilmagan natija qayd etildi. “Liverpul” o‘z maydonida “Manchester Yunayted”dan mag‘lub bo‘ldi (1:2). Bu “mersisaydliklar” uchun qatorasiga to‘rtinchi mag‘lubiyat bo‘lib, jamoa so‘nggi yillarda ilk bor shunday og‘ir seriyaga duch keldi.
Rubin Amorim “qizil iblislar” bosh murabbiyi sifatida ilk bor APLda ketma-ket ikki g‘alabani qo‘lga kiritdi.E’tiborli jihati, g‘alaba golini Harri Maguayr kiritdi. U o‘tgan mavsumda “Liverpul”ga qarshi o‘yinda so‘nggi daqiqalarda qulay imkoniyatdan foydalana olmagan edi. Ammo bu safar Maguayr xatosini to‘g‘rilladi.
Muhammad Saloh esa o‘zining “quruq” seriyasini to‘xtata olmadi. Misrlik hujumchi etti o‘yinda o‘yindan buyon o‘z hisobiga gol yozdira olmadi. Bu Saloh uchun "Liverpul”dagi eng uzoq golsiz davr.
Quyida 8-turda qayd etilgan natijalar va turnir jadvalidagi holat bilan batafsil tanishing.





Fikrlar