
APL klublari qaysi futbolchilarni kuzatyapti?
“Liverpul” joriy mavsumda APLda eng yaxshi jamoa bo‘lib turibdi. Oltin medalni berishga hali ertadir, chunki yanvar oyi ko‘p narsalarni o‘zgartirib yuborishi mumkin.
Jamoalar transfer oynasida faol qatnashib yaxshi futbolchilarni safiga qo‘shib olishni maqsad qilishmoqda. Qishki transferlarda qaysi jamoa qaysi futbolchilarga qiziqish bildirishi, albatta e’tiborga molik. Masalan, transfer taqiqi olib tashlangan “Chelsi” transfer oynasida qanday harakat qilishi.
“Tottenxem”
Kristian Eriksen – qishda jamoani tark etmoqchi bo‘lgan asosiy futbolchilardan biri. Albatta unga xaridor jamoalar ham bor.
Shu sababdan “shporlar” uning o‘rnini bosadigan yarim himoyachi izlashmoqda. Xabarlarga qaraganda “Ayaks” safida to‘p surayotgan Xakim Ziesh asosiy nishon bo‘lib turibdi. Bu borada londonliklarga “Bavariya” qarshilik qilishi mumkin. Germaniya klubi ham Xakimni jamoaga olib kelishga jiddiy bel bog‘lagan. “Tottenxem” ham uning transferi borasida harakatlarni boshlamoqchi.
Bitta muammo – narxning qimmatligi. Hattoki, bir mavsum oldin ham futbolchini 26 mln funtga olish mumkin edi. Ammo hozir uning narxi keskin ravishda qimmatlashgan.
Boshqa nomzodlar – “Selta”dan Brais Mendes va “Leyptsig” himoyachisi Dayo Upamekano. Mendesni arzonroqqa olish mumkin, ammo Upamekanoga 50 mlndan kam so‘rashmasligi aniq. “Shporlar” bu borada tavakkal qiladilarmi?
“Manchester Yunayted”
Sulsher yanvar oyida transfer qilishga majbur. Jamoa qiziqishlar doirasida Deklan Rays va Djeydon Sancholar bor. Ammo ular mavsum o‘rtasida jamoasini almashtirishi qiyinroq.
Ikkala futbolchining narxi 150 mln funtga borishi mumkinligi aytilmoqda. “MYu” qishda buncha summa ishlatmasligi aniqroq. Ammo harakat qilishi ham mumkin. Yana bir nomzod – bu Mario Manjukich. Zlatanning ham qaytishini taxmin qilishmoqda ba’zi nashrlar.
“Zaltsburg”ning 19 yoshli futbolchisi erling Xoland ham “Qizil iblislar” xarid qilmoqchi bo‘lgan futbolchilar ro‘yxatida bor. Balki “Lion”dan Mussa Dembele olib kelinar. Lekin Sulsher yanvar oyida yurish qilishi aniq.
“Arsenal”
72 mlnga Nikolya Pepe olib kelinganidan so‘ng, “kanonirlar”dan hamma narsani kutish mumkinligini bilib oldik. O‘zi oxirgi paytlarda londonliklar transferlar oynasida tushunarsiz harakatlari bilan yodda qolmoqda.
Upamekanoga “Arsenal” ham qiziqish bildirmoqda. Yana bir himoyachi Merix Demiral (“Yuventus”) ham qishda Angliyaga kelib qo‘shilishi mumkin. Turinda u zahira o‘rindig‘ida qolib ketmoqda va katta ehtimol bilan “Arsenal” safiga kelib qo‘shilishi mumkin.
“Manchester Siti”
Lyaportning jarohat olishi, turnir etakchisidan 14 ochko ortda qolishi “shaharliklar” himoya chizig‘iga yangi futbolchi olib kelish haqida bosh qotirishi kerakligini bildirdi.
O‘tgan mavsumda shayxlar Garri Maguayrni xarid qilishdan bosh tortishgan edi. Ular futbolchini juda qimmat deyishgandi. Hozirda “Benfika”dagi Ruben Diash diqqat markazda bo‘lib turibdi. Balki Lyaport tuzalgunga qadar futbolchini ijaraga olishi ham mumkin.
Leroy Sane esa “Bavariya”ga o‘tib ketishi mumkin. Shuning uchun uning o‘rniga yangi futbolchi xarid qilish kerak. Nomzodlar, Mikel Oyarsabal (“Real Sosedad”) va Ben Chilvell (“Lester”) lar bo‘lib turishibdi. Chilvell transferini yozda amalga oshirishmoqchi edi. Ammo o‘xshamagandi. Endi qishda yana bir harakat qilib ko‘rishadi.
“Lester”
Jonni Evans va Chaglar Syondjyu dueti yaxshi o‘ynayotgan bo‘lsa-da, Rojers himoya chizig‘iga yangi futbolchi xarid qilish haqida bosh qotiryapti.
“Bornmut”dan Natan Ake va “Byornli”dan Jeyms Tarkovski asosiy nishondagi futbolchilar hisoblanadi. Skautlar boshqa ligadagi futbolchilarni ham kuzatishmoqda.
Ixeanachoni ijaraga berishmoqchi va uning o‘rniga boshqa hujumchini xarid qilishi mumkin. “Reynjers” hujumchisi Alfredo Morelosa “tulkilar”ning nishonida turibdi. Futbolchi 26 o‘yinda 22 ta gol urgan.
“Liverpul”
Yoz oyida “Liverpul” muxlislarni yangi xaridlar bilan xursand qilmadi. Klopp jamoaga mos keladigan futbolchi topa olmagani haqida aytdi va shu tarkibda mavsumni boshladi. Qishda ham sensatsiya yuz berish ehtimoli kamroq. “Red Bull”dan Minamino sotib olindi. Lekin futbolchi juda shov-shuvli transfer bo‘ladigan narxga olinmadi. “Liverpul” Minamino uchun 7.25 mln funt to‘ladi.
Klopp hujumchilarga qiziqyapti. “Leyptsig”dagi Timo Verner yaxshi variant. Balki “Bornmut”dan Rayan Freyzer olib kelinar. Ammo rahbariyat hech qanday futbolchi variantlari ko‘rib chiqilmayotgani haqida qayta-qayta aytishmoqda.
Fikrlar