
APL ni hayratga solayotgan “Brayton”ning siri nimada ekanligini bilasizmi?
Bugunga kelib APLda top klublar shu qadar ko‘pki, kamtarin jamoalar ularning fonida ko‘rinmay ketadi. Shunga qaramay, “Brayton” bu “parda”ni yorib o‘tishni uddalamoqda. E’tibor qarating, tarkibining qiymati bo‘yicha ligada 16-pog‘onada borayotgan jamoa ochko jag‘arish borasida kuchli oltilikda ketmoqda. Buning o‘z siri bor! Barchasi, “Brayton”ning g‘alati hisob-kitoblarga tayangan holda ish yuritishiga borib taqaladi!
“Brayton”ning transfer bozoridagi rejasi qanday?
Barchasi klub egasi sanalgan Toni Blumga bog‘liq. Soddaroq qilib tushuntiramiz. U statistika, tahlil va raqamlarga mukkasidan ketgan. Manchester universitetining matematika fakultetida tahsil olgach, bukmekerlik kontoralarida juda katta summadagi yutuq pullarini qo‘lga kiritadi. E’tiborlisi, qahramonimiz hisob-kitoblar va statistika yordamida g‘alaba formulasini tuzib chiqishga muvaffaq bo‘lgan. Natijada, ko‘p o‘tmay uni o‘sha kompaniyalardan biri ishga taklif etadi. Barchasini yaxshilab o‘rgangan Toni ko‘p o‘tmay, o‘z totalizator biznesiga asos soladi. Ortidan, uning “onlayn poker” loyihasi ulkan daromad olib keladi.
Millionlar oqib kelishni boshlagach, aynan “Brayton”ni sotib olishga qaror qiladi. Bu tanlov tasodif emas. Uning bobosi 70-yillarda jamoa vitse-prezidenti sifatida faoliyat olib borgan. Blum intervyularda buvasining “Brayton” uy arenasida futbol tomosha qilib o‘tirgancha, vafot etgani haqida to‘lqinlanib so‘zlab bergan. Bundan xabaringiz bo‘lsa kerak. O‘ylab qarasa, Blumning hayoti nafaqat film, balki serial sifatida suratga olinishga haqli! U hech kimni zeriktirib qo‘ymasligi aniq.
Menimcha, “Brayton” matematikaga asoslangan siyosat olib boruvchi jamoa ekanligini endi yanada yaxshiroq angladingiz. Klubda tahlil va ehtimollar nazariyasi borasida chinakam fan doktorlari faoliyat olib boradi. E’tiborlisi shundaki, Toni Blum 2018 yilda Belgiyaning “Yunion” klubini ham sotib olgan edi. Qisqa vaqt davomida uning yangi jamoasi mamlakat birinchiligida kumush medallarga ega chiqdi va Evropa Chempionlar ligasida debyut qildi. Hozir, “Yunion” yaxshigina daromad keltirishni boshlagan. Sezganingizdek, Blum metodikasi futbol klublarida yaxshigina foyda beradi.
Endi eng qizig‘i – transferlarga navbat! Maqolaning hajmi kattalashib ketmasligi uchun, imkon qadar qisqaroq matnda tushuntirib beraman. So‘nggi ikki transfer oynasida klub Troosardni “Arsenal”ga 24 million, Bissumani 29 million evro evaziga “Tottenxem”ga, Kukurelyani “Chelsi”ga 65 million evroga evaziga transfer qildi. Bu ro‘yxatga Mope, Estigor va Klarkni qo‘shsak, transferlardan kelib tushgan umumiy daromad 138 million evrodan oshib ketadi. Agar Kaysedoni qo‘yib yuborganida, bu summa 200 milliondan ham o‘tib ketishi hech gap emasdi. Sababi, “Arsenal” 70 million funt to‘llashga tayyor ekanligini rasman e’lon qilgani ko‘pchilikni yodidan ko‘tarilmagan bo‘lsa kerak. Qiziq bir fakt: “Brayton” 2021 yilda bu hujumchini atigi 5 million evro evaziga o‘z tarkibiga qo‘shib olgan.
To‘g‘ri, kelayotgan pullar sababli etakchilar boshqa klublarga qo‘yib yuborilmoqda. Shunga qaramay, to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan kadrlar tanlovi va o‘yin falsafasi sababli “Brayton” turnir jadvalidagi o‘rnini hech kimga berib qo‘ymoqchi emas. Garchi, mavsum o‘rtasida murabbiyni almashtirgan bo‘lsa ham!
De Dzerbi qo‘l ostida jamoa qanday o‘yin namoyish etmoqda?
Agar yaxshilab razm solinsa, hech qanday o‘zgarish bo‘lgani yo‘q. “Brayton” xuddi grand klublarday to‘p surishga intilmoqda. "Chag‘alaklar" to‘p nazorati bo‘yicha ayni paytda APLning 4-jamoasi! Ulardan oldinda faqat “Chelsi”, “Liverpul” va “Siti” bor, xolos. O‘tgan mavsum yakunida “Brayton” to‘p nazorati bo‘yicha kuchli to‘rtlikda bo‘lgan. Bu sizni hayron qoldirdimi?
Bilasizmi, “Brayton”ning asosiy fishkasi – to‘pni mayda paslar bilan o‘z himoya chizig‘idan olib chiqib ketish. Darvozabon imkon qadar to‘pni tepib yubormaslikka harakat qiladi. Uning o‘rniga qisqa pas bilan himoyachilar orqali to‘pni raqib jarima maydonchasi tomon eltishga harakat qiladi. Raqib pressingni kuchaytirsa, ko‘proq futbolchi ortga qaytib, devor uslubini qo‘llashga ko‘mak beradi.
Eng so‘nggi bahslardan biriga e’tibor qaratamiz, “Liverpul”ga qarshi o‘yin. Hech kimga sir emas, Klopp shogirdlari APLdagi erta pressing qiluvchi eng kuchli jamoalardan biri sanaladi. Uchrashuvning 5-daqiqasidayoq ishshqibozlar “Brayton” bu bosimni ortiqcha muammosiz ikki marotaba engib o‘tganiga guvoh bo‘ldi. Shu tariqa, “chag‘alaklar” “Liverpul”ni asosiy qurolidan mahrum etishdi. Shuningdek, hujumlarning uyushtirilish tezligi borasida ham “Brayton” kuchli oltilikda ketmoqda. Agar har bir o‘yinda kutilayotgan o‘rtacha ochko (xPoints) hisob-kitob qilinsa, jamoa ligada beshinchi pog‘onada borayotgan bo‘lishi kerak edi. O‘rtacha bir bellashuvda kiritilishi taxmin qilinayotgan (xG) gollar borasida “Brayton” (1,9 gol) faqatgina “Arsenal” (2,25) va “Manchester Siti”dan (2,52) orqada, xolos.
Xo‘sh, avvalgi ikki bobni nima o‘zaro bog‘lab turadi?
Yaxshi savol! Endi qarab turing, hozir mo‘jiza sodir bo‘ladi. Barchasi juda oddiy. Hujumkor taktika futbolchilarni o‘zini yanada yorqin namoyish etishi uchun zamin yaratadi. Bu esa, o‘z-o‘zidan ularning transfer narxlari o‘sib borishiga sabab bo‘ladi. Bir qarashda, hech qanday mo‘jiza yo‘qdek, ammo bunday yo‘l anchagina tavakkalchilikni talab qiladi. Agar himoyadan o‘ynadigan bo‘lsangiz, to‘psiz qolgan futbolchilar imkoniyatining 23-32 foizinigina namoyish etishi mumkin. Hujumkor futbol o‘ynaydigan klublar esa, ijrochilarining 67-72 foiz potentsialini maydonda ko‘rsatishiga muvaffaq bo‘ladi. Ayniqsa, oldingi chiziq vakillarining narxi oshib borayotgan bugungi kunda “Brayton” yaxshigina daromad qilishda davom etmoqda.
Hujumkor taktikaning yutug‘i faqatgina transferda emas. Stadionga kelayotgan tomoshabinlar va teletranslyatsidan ham kattagina mablag‘ kelib tushadi. E’tiborlisi shundaki, neytral muxlislar ham anchagina intensiv futbolni targ‘ib etuvchi “Brayton” ishtirokidagi bahlarni tomosha qilishni istamoqda. Pragmatik futbol o‘ynaydigan jamoalar bu borada ro‘yxatning anchagina pastki o‘rinlariga tushib ketgani o‘z-o‘zidan ma’lum. Ingliz nashrlarining ma’lum qilishicha, “Brayton”ning uy bahslarida muxlislar stadionni 99,3 foiz to‘ldirar ekan. Bu ligadagi eng yaxshi ko‘rsatkichlardan biri. Qaysi jamoa mehmon bo‘lishidan qat’i nazar, ishqibozlar birinchi navbatda bugungi “Brayton”ning o‘yinini tomosha qilish uchun stadionga keladi.
Kamtarin resurslardan ulkan naf chiqarayotgan klubning harakat strategiyasi mana shulardan iborat. O‘tgan mavsumda Grem Potter boshqaruvida klub APLni 9-pog‘onada yakunlagan edi. Bu "Brayton" 121 yillik tarixidagi eng zo‘r natija. Balki, bu mavsum bu rekord yanada yaxshilanar! Balki "chag‘alaklar"ni Evrokuboklarda ko‘rarmiz!
Ya . U Tarjimasi.
Fikrlar