Arbeloani Bekobodda qanday tadbirlar kutayotganini bilasizmi?

  • 28 sentabr, 2021, 21:55
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
TIGGO 2 PRO

Saytimiz orqali “Real”ning ko‘zga ko‘ringan sobiq futbolchilaridan biri – Alvaro Arbeloaning yurtimizga tashrifi kutilayotgani haqida xabar berdik.

Ma’lumki, “Metallurg” klubi “El Golazo” bilan hamkorlikda “El Golazo Academy Powered by Real Madrid” akademiyasiga asos solindi. O‘z nomi bilan ma’lumki, ushbu futbol dargohi bevosita “Real” akademiyasi bilan bog‘liq bo‘ladi va mashg‘ulotlar metodikasi ham “Qirollik klubi”ning uslubi asosida tashkillashtiriladi.

Yurtimizda ilk bor ish boshlayotgan mazkur akademiyaning ochilish marosimiga ham tashkilotchilar tarafidan jiddiy tayyorgarlik ko‘rilyapti. Albatta, unda Arbeloaning ishtirok etish muhim voqeliklardan biri bo‘lishi shubhasiz. “El Golazo” kompaniyasi ta’sischisi Zokirjon Xoliqov ispaniyalik sobiq jahon chempionining yurtimizga tashrifi borasida shunday dedi:

arbeloa

- U “Real”ning har bir joydagi akademiyalariga tashrif buyuradigan elchilaridan biri. “Real”ning mana shunday ikkita elchisi bor. Biri Roberto Karlos, ikkinchisi Alvaro Arbeloa. Bundan tashqari, Arbeloa “Real” akademiyasida U-14 jamoasini ham boshqaradi. “Real Madrid Foundation”ning chet mamlakatlaridagi loyihalarida qatnashadi. Shu orqali “Real Madrid Foundation” haqida ma’lumotlar berib boriladi.

“El Golazo Academy Powered by Real Madrid”ning ochilishini 5 oktyabrga belgilanishiga kelsak, bunda albatta Arbeloaning xohishiga qaraganmiz. Ya’ni, uning vaqtiga qarab belgilaganmiz. Chunki uning mashg‘ulotlari va boshqa ishlari ham bor. Shuning uchun ham akademiyamizning ochilishini uning kelishiga qarab to‘g‘riladik. Arbeloa bilan tanishmiz. Taxminan 1,5 yil muqaddam Madridda uchrashganmiz. Hali O‘zbekistonda bo‘lmagan. Baribir bu holat qiziq tuyuldi. “Real”da ishlaydi va bunday tadbirlar uning klub elchisi sifatidagi vazifalaridan bittasi. Mana shunday loyihalar bo‘yicha turli mamlakatlarda ochilish marosimlarida ishtirok etib keladi, - deydi Xoliqov.

arbeloa1

Shuningdek, Zokirjon Xoliqov so‘zida davom etar ekan, Sports.uz muxbiriga Arbeloaning Bekobodda qanday tadbirlar kutayotganiga ham oydinlik kiritdi.

- Xabaringiz bo‘lsa, Bekobodda futbol akademiyasidan tashqari “Metallurg” klubiga tegishli bo‘lgan xususiy maktabi ham ochilgan. “El Golazo”da ta’lim oladigan barcha bolalar o‘sha maktabda o‘qiydilar. U erda yotoqxona bilan ta’minlanadilar. Maktab ta’mirdan to‘liq chiqarilgan. 5 oktyabr kuni bo‘ladigan ochilish marosimi hamda Arbeloa bilan matbuot anjumani o‘sha maktab binosida uyushtiriladi. Undan so‘ng, akademiya binosiga tashrif buyuriladi. Keyin “Metallurg” stadionida Arbeloa va “Real”dan tashrif buyurgan texnik direktor Luis Manuel ishtirokida akademiya tarbiyalanuvchilari uchun “master-klass” bo‘ladi.

Akademiya uchun o‘quvchilar saralab olindi. Yangi loyiha esa boshlanish arafasida turibdi. Mutaxassislarning bu loyihadan umidi katta. Shunga yarasha ta’lim berish usuli ham o‘zgacha bo‘lishi kutilmoqda. “El Golazo” rahbari shunday dedi:

zokir

- To‘g‘risini aytsam, har bir yosh toifasida ikki xil jamoa bo‘ladi. “A” guruhida iqtidorlilar jamoasi bo‘lib, ular grant asosida o‘qishga kirganlar. “V” guruhimizda shartnoma asosida o‘qiladi. “Real”dan kelgan texnik direktor bolalarni o‘zi ko‘rikdan o‘tkazib, saralab olyapti. “Real” klubining yillik dasturi asosida ish olib borilyapti. Mashg‘ulotlarga bo‘lgan yondashuv tubdan o‘zgartirildi. Ispan futboli metodikasining yangi yo‘nalishi bo‘yicha ish tashkillashtirilyapti. Albatta, bu yo‘nalishni to‘liq amalga tatbiq etish uchun biroz vaqt ketadi. Murabbiylarimizning moslashishi ham ma’lum vaqtni talab qiladi. Hozirda yangi qo‘llanilayotgan dastur to‘liq tushuntirib borilyapti. Mashg‘ulotlar jarayonini ispaniyalik mutaxassislar nazorat qilib borishyapti.

Bu loyihani moliyalashtirish to‘liq bosh homiyimiz – “Uzmetkombinat” orqali amalga oshirilmoqda. Shartnoma asosida o‘qiydiganlar oyiga 3 million so‘m to‘laydilar. Buning ichiga xususiy maktabda o‘qish, o‘zbek va rus tillaridan tashqari, qo‘shimcha ingliz bilan ispan tillarini o‘rganish, to‘rt mahal ovqat hamda yotoqxona bilan ta’minlash, qolaversa, “Real”ning dasturi asosida shug‘ullantirish o‘z ichiga kiradi, - deya fikrini yakunladi, Zokirjon Holiqov.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!