“Arsenal”: Juda qattiq tarsaki edik!
Angliya Premier-ligasining 32-turida chempionat peshqadami “Arsenal” o‘z maydonida “Bornmut”dan 1:2 hisobida mag‘lubiyatga uchrab, qimmatli uch ochkodan mahrum bo‘ldi. “Kanonirlar” raqibga nafaqat hisobda, balki o‘yin bo‘yicha ham yutqazdi.
“Arsenal” bosh murabbiyi Mikel Arteta Bornmutga qarshi mag‘lubiyatni jamoasi uchun “yuzga urilgan katta zarba”, deb atadi.
Premier-liganing hal qiluvchi pallasida “Arsenal”ning yetakchiligi tobora beqaror ko‘rinish olmoqda va Arteta ushbu o‘yin “kanonirlar” uchun mutlaqo omadsiz o‘tganini tan olishga majbur bo‘ldi.
- Bu juda xafa qiladi. Bu yuzga urilgan katta zarba. Endi savol – biz bunga qanday javob beramiz?
“Bornmut”ga haqini berish kerak, chunki ular bejizga 11 o‘yindan beri yutqazmayapti. Ularda ko‘p jihatlar joyida. Biz esa birinchi bo‘limda o‘yinni o‘qish va to‘pni qaytarib olishni eplolmadik.
Raqib birinchi imkoniyatidanoq foydalaniib, jarima maydonimizga kirdi. Rikoshet, himoyadagi yomon harakat va bu golga olib keldi.
Buni ruhiy jihatdan yengish kerak edi. Biz o‘yinimizni tiklashga va ularga bosim o‘tkazishga harakat qildik, penalti dan gol urdik, keyin boshqacha o‘yin bo‘lishini kutgandik.Ammo bugun biz juda ko‘p tushunarsiz harakatlar qildik.
Shu paytgacha juda barqaror edik. Bu futbol, bunday holatlar bo‘lib turadi, ba’zan raqibning imkoniyatdan qanday foydalanganini tan olish kerak. Ular necha marta zarba berganini bilmayman, lekin o‘z imkoniyatlaridan maksimal darajada foydalandi, biz esa bugun o‘z darajamizdan ancha past o‘ynadik.
Futbolchilar juda qattiq alamda, shunday ham bo‘lishi kerak. Buni matonat bilan qabul qilish kerak, keyin esa ikki yo‘l bor: yo o‘rningdan turib kurashni davom ettirasan, yoki chiqib ketasan. Hozir aynan shu talab qilinyapti.
Bu juda muhim hafta, ko‘p narsa hal bo‘ladi. Biz hali ham ikki musobaqada yaxshi holatdamiz, lekin albatta yanada kuchayishimiz kerak, - dedi Mikel Arteta.
Fikrlar