
Artyom Filiposyan: "Terma jamoamiz bilan bog‘liq ko‘p intervyularni o‘qiyapman, bizda faqat darvozabon bilan himoyachilar o‘ynaydimi?
Bugungi kunda O‘zbekiston milliy terma jamoasidagi o‘zgarishlar va Shvetsiyaga qarshi o‘yin haqida ko‘plab mutaxassislar fikr bildirmoqdalar.
Ilgari bosh jamoamiz uchun to‘p surgan o‘yinchilarning ham bu masaladagi munosabatini bilish qiziq. Shu maqsadda Tailand chempionatida to‘p surayotgan va termamiz tarkibida ko‘plab o‘yinlarda qatnashgan tajribali himoyachi Artyom Filiposyan ham bugungi bosh jamoamiz haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
- O‘zbekiston milliy terma jamoasi yangi bosh murabbiy boshchiligida dastlabki o‘yinni o‘tkazdi. Raqib jiddiy edi. Shvetsiya bilan birinchi marta to‘qnash keldik. Ushbu o‘yin haqida nimalarni ayta olasiz?
- O‘yinning turli epizodlarini ko‘rdim. Uchrashuvda Shvetsiya yaqqol favorit edi, buni hamma bilardi. Ular bekorga Ispaniyani yutgani yo‘q. Ammo futbolchilarimiz ularga qarshi yaxshi o‘yin ko‘rsatishdi, o‘zlarini yo‘qotib qo‘ymadi. Katanetsning dastlabki o‘yini Shvetsiyaga qarshi bo‘ldi va murabbiy uchun yaxshi o‘tdi, deb o‘ylayman. To‘g‘ri, natija birinchi o‘rinda turadi. Mening fikrimcha, uchrashuv qoniqarli kechdi va yigitlar iliq taassurot qoldirdilar. Shvetsiyaga o‘xshagan jamoalar bilan ko‘proq o‘ynasak, biz ham kuchli bo‘lib boramiz.
- Srechko Katanets haqida fikringiz qanday? Vaziyatga real qaraylik, yangi mutaxassis bilan nimalarga erisha olishimiz mumkin?
- Hozir o‘yin bo‘yicha biror narsa deyish qiyin. Katanets terma jamoamizga yaqinda keldi. Tanlovni kimlar tanlagan bo‘lsa, bu o‘shalarning qarori. Biz faqat muxlislik qilamiz, O‘zbekiston jahon chempionatiga chiqsa bo‘lgani. Bundan xalq xursand bo‘lsin. Umuman aytganda, Katanets borasida fikrim yaxshi. Iroq uning qo‘li ostida yaxshi o‘yin ko‘rsatayotgandi. Lekin hozir Katanetsga baho berishga erta.
- Terma jamoamiz Vadim Abramov bilan jahon chempionatining ikkinchi saralashidan o‘ta olmagani juda sharmandali holat bo‘ldi. Abramov qanchalik aybdor? Terma jamoadagi tartib ham izdan chiqib ketgandi, deb o‘ylaysizmi?
- Abramovni ishiga men baho bermayman. Bunda faqatgina murabbiyni aybdor qilib ko‘rsatish kerak emas. Axir maydonda futbolchilar ham o‘ynadi-ku. O‘zbekiston uchun har bir o‘yinchi jonini berib o‘ynashi kerak. Terma jamoa doim birinchi o‘rinda.
- Abramov oxirgi paytlarda bir qator OAV vakillariga intervyular berdi. Ayniqsa, uning ibodat va futbolchilarning e’tiqodi haqida aytgan gaplari ham jiddiy tanqidlarga sabab bo‘ldi. Bunga munosabatingizni bilmoqchiman.
- Bilasizmi, men birovning ishiga aralashmayman. O‘zimning fikrim bo‘yicha aytadigan bo‘lsam, hamma joyda, Evropada ham bu yaxshi holat. Agar futbolchilar ro‘za tutsa va namoz o‘qisa yaxshi-ku. Bunday futbolchilar ko‘p, masalan, Saloh, Mane va boshqalar.
- Sizningcha, saralashdagi muvaffaqiyatsizligimizni sababi nima bilan bog‘liq edi?
- Hamma biladi, o‘sha olti ochko olib tashlanmaganida O‘zbekiston keyingi bosqichga chiqqan bo‘lardi. Fikrim shunday.
- Endi murabbiylar almashinuvi evaziga terma jamoaga yangi qon quyilyapti. Terma jamoada o‘ynagan futbolchi sifatida asosiy muammoimiz nimada deb o‘ylaysiz?
- Birinchi o‘rinda chempionatimiz kuchli bo‘lishi kerak, bu shart! Hozir terma jamoamizda sharoitlar yaxshi. Mana, Shvetsiya bilan o‘ynadik. Yana shunga o‘xshagan yaxshi o‘yinlar bo‘ladi, nasib. Men yana qaytaraman: faqatgina murabbiyning o‘zigagina bog‘liq emas. Yigitlar ham birlashib, jonini berishi va xohishi kuchli bo‘lishi kerak.
- Shvetsiya bilan o‘yin uchun tarkibni Ravshan Haydarov yig‘di. Tarkib bo‘yicha qanday kamchiligimiz bor?
- Tarkibni kim tanlaganini bilmayman. Hozirgi o‘yinchilarni chaqirishdimi, demak to‘g‘ri qaror. Terma jamoa barcha o‘yinchilar uchun ochiq. Faqat chaqirilgan futbolchilar o‘zini oqlashi kerak, deb o‘ylayman. Chunki har doim bunday imkoniyat bo‘lavermaydi. Men terma jamoa bilan bog‘liq ko‘p intervyularni o‘qiyapman. Hamma bizda darvozabon va himoyachilar bo‘sh deb aytyapti. O‘yinda faqat darvozabon bilan himoyachilar o‘ynaydimi? Maydonda hamma bir-biriga yordam berishi kerak. Bizda yaxshi futbolchilar ko‘p, faqat birgalikda bo‘lishimiz muhim. Har bir o‘yinni yutish uchun katta xohish va istak bilan o‘ynashimiz shart.
- Odil Ahmedov Katanets jamoasiga qanchalik zarur edi? Yoki uni vaqtida ketdi, deb o‘ylaysizmi?
- Bilasiz, men Odil Ahmedov bilan ozmi-ko‘pmi, birga o‘ynaganman. U mehnatkash futbolchi. Men bir narsani aytib o‘tmoqchiman, Odil terma jamoamiz uchun ko‘p mehnat qildi. Odil hali terma jamoamizga yana yordam bera olardi. Ammo qarorni o‘zi tanladi, demak, to‘g‘ri. Odil Ahmedovga o‘xshagan futbolchi hali beri chiqmasa kerak. Men uning o‘ynaydigan pozitsiyasi bo‘yicha misol keltirdim. Odilni ishlariga omad tilayman.
Fikrlar