
Asad Do‘rmonov: Boy tarixga ega bo‘lgan "Neftchi"ning pro-ligada qatnashishi yarashmaydi
Farg‘onaning «Neftchi» klubi o‘tgan yili Superligada muvaffaqiyatsizlikka yuz tutgandi va bu yil pro-ligada ishtirok etdi. Boshida ko‘pchilik bu jamoani yana tezda mavqeini tiklab kuchlilar safiga qaytsa kerak deb o‘ylashgandi. Lekin amalda bunday bo‘lib chiqmadi. «Neftchi» hattoki uchlikka ham kira olmadi va yakunda 5-o‘rinni egalladi. Albatta, tarkib yoshartirildi, bir qator o‘zgarishlar bo‘ldi. Bosh murabbiylik vazifasini esa klubning sobiq futbolchisi Asad Do‘rmonov bajardi. Shu bois kuni kecha ushbu mutaxassis bilan bog‘lanib, klubga taalluqli bir qator savollar bilan murojaat qildik.
- Dastlab yakuniga etgan mavsum haqida to‘xtalib o‘tsangiz. «Neftchi»ning ishtiroki borasida nima deya olasiz?
- Chempionat boshida yo‘q joyda ochkolarni yo‘qotdik. «Xorazm», «Istiqlol», «Oq-tepa» kabi jamoalar bilan o‘yinlarda «Neftchi» omadsizlikka yuz tutdi. Bu ham etmaganidek, jamoamiz tarkibida ancha-muncha o‘zgarishlar bo‘lgandi. O‘tgan yili o‘ynagan o‘yinchilar Superligada o‘ynashni xohlashgani uchun boshqa klublarga ketishdi. Ular pro-ligada to‘p surishni istashmadi. Natijada bungacha o‘rinbosarlar jamoamizda harakat qilib kelgan yigitlarni asosiy tarkibga o‘tkazdik. Ularda esa baribir pro-ligada qatnashish uchun o‘ziga yarasha tajriba ham bo‘lishi kerak edi. O‘ylashimcha, boshida bizga aynan mana shu jihat etishmadi. Safimizdagi yoshlar murosasiz uchrashuvlarni hali ko‘rishmagandi. «Neftchi» shunday jamoaki, xoh uyda yoki safarda bo‘lsin, doim g‘alaba uchun maydonga tushadi. Ikkinchi davraga kelib esa futbolchilar o‘z o‘yinlariga ancha qo‘shishdi. Ayniqsa, ruhiy tomonlama kuchayishga erishishdi. Har safar futbolchilarimizga «Neftchi» doim g‘alabadan boshqa natijani o‘ylamasligi haqida aytib keldik. To‘g‘risi, ikkinchi davrada yigitlarimizning o‘yinlari bir muncha yaxshilanganligini ko‘rib xursand bo‘ldik. Birinchi davra bilan solishtirganda ancha-muncha farq sezilib turdi. Bu holat statistikada ham bilinib turdi. Safarda va uyda ancha-muncha g‘alabalarga erishdik. Muhimi, o‘yinchilarda o‘zlariga bo‘lgan ishonch paydo bo‘ldi. Lekin futbolda baribir jo‘jani kuzda sanaymiz degan gap bor. Shu narsa bizga etishmadi. O‘ylashimcha, bu mavsumda futbolchilarimiz pro-ligada to‘p surib o‘zlari uchun tajriba orttirishdi. «Xorazm», «Istiqlol», «Mash’al», «Sho‘rtan», «Oq-tepa» kabi jamoalar anchadan beri pro-ligada o‘ynashyapti. Bunday jamoalarda esa pro-liganing tajribasi bor. Ular qanday o‘ynash kerakligini bilishadi. Biz esa yigitlarimizni ko‘proq ruhiy taraflama kuchaytirishga harakat qildik. Bu esa natijalarda ham o‘z aksini ko‘rsatdi deb o‘ylayman. Endi ularga kelasi mavsumda ancha osonroq bo‘ladi.
- «Neftchi» bu yil pro-ligada ilk bor ishtirok etdi. To‘g‘risi, jamoa quyi ligaga tushganida yana bir yilning o‘zidayoq maqsad jiddiy bo‘ladi va Superligaga qaytsa kerak deb o‘ylagandik. Lekin yakuniy jadvalga qaraydigan bo‘lsak, «Neftchi» yuqori o‘rindagi jamoalarga etarlicha raqobat tug‘dirishi qiyin kechdi. Natijada 5-o‘rin bilan cheklandi. Aytmoqchimanki, «Neftchi»ning oldiga rostdan ham Superligaga qaytish vazifasi qo‘yilganmidi?
- Bo‘lmasam-chi! «Neftchi» shunday jamoaki, hamma vaqt o‘z oldiga maksimal vazifa qo‘yadi. Biz jamoamiz bilan o‘zaro kelishgan holda yana Superligaga qaytish kerakligi borasida oldimizga maqsad qo‘ygandik. Futbolda esa doim ham o‘ylagan maqsadlaringiz amalga oshavermaydi. Qaysidir paytlarda esa omadimiz ham kelmadi. Ayniqsa, birinchi davrada bo‘sh o‘ynadik. Ikkinchi davraga kelib o‘yinimiz o‘zgardi. Bizda doim maksimal vazifa bor. «Neftchi» Superligada o‘ynashi kerak. Shuncha boy tarixi bor jamoaga pro-ligada qatnashish yarashmaydi. Biz albatta masadimizga erishishga harakat qilamiz. Mayli, bu yil bo‘lmadimi, kelasi mavsumda yana o‘sha maqsadimiz sari kurashamiz. Baribir natija ko‘rsatishimiz kerak.
- Pro-ligani va ayniqsa «Neftchi»ni kuzatar ekanmiz, chetdan qaraganda bu jamoa xuddi hech kimga kerak emasdek taassurot qoldirdi. Buning ustiga klubda moliyaviy muammolar ham ko‘pligi haqida eshitgandik. Bu borada nima degan bo‘lardingiz?
- Istalgan klubda muammo bor. Biz bunday narsalarga qaramaymiz. Birinchi o‘rinda biz o‘yin va futbol haqida o‘ylaymiz. «Neftchi» qaysidir o‘rinni o‘ylab kurashmaydi, faqat maksimal natija uchun o‘ynaydi. Biz shunday yo‘sinda ishladik. Tan olaman, bizda o‘ziga yarasha muammolar bo‘ldi. Ammo boya aytganimdek, birinchi navbatda o‘z o‘yinimiz va o‘zimiz oldimizga qo‘ygan maqsadimiz haqida o‘yladik. Muammo katta bo‘ladimi yoki kichikmi, har qanday jamoada bo‘ladi. Superliga klublarida ham mana shunday muammolar bor. Lekin biz bunday holatlarni bir chetga surib qo‘ydik. Asosan jamoa uchun qayg‘urdik. O‘z o‘yinimiz bilan muxlislarimizni xursand qilmoqchi bo‘ldik. To‘g‘ri, «Mash’al» har tomonlama ancha kuchli jamoa.
- «Mash’al» haqqoniy ravishda Superligaga chiqdi, shundaymi?
- Albatta, haqqoniy chiqishdi. Ularda hammasi joy-joyida. Biz birinchi o‘rinda nima haqida o‘yladik? O‘yin va natija uchun ishladik. Afsuski, bu safar o‘xshamadi. Endi kelasi yili yana urinib ko‘ramiz. Futbolchilarimizda endi o‘ziga yarasha tajriba paydo bo‘ldi. Baribir vaqti kelib «Neftchi» Superligada o‘ynaydi.
- Ko‘pchilik pro-ligadagi format o‘zini oqlamaganligi haqida fikr bildirishdi. Bundan tashqari, saviya va sifat borasida ham kamchiliklar ko‘zga tashlanib turdi. Siz ham bunday fikrlarga qo‘shilasizmi?
- To‘g‘ri, Superliganing pro-ligadan har tomonlama farqi bor. Bu yil jamoamiz ilk bor pro-ligada o‘ynadi va uning havosi, muhitini ko‘rdik. Jamoani yana kuchaytirish va tayyorlash kerak. Pro-ligadan Superligaga chiqish uchun munosib darajada bo‘lishimiz lozim.
- «Neftchi»ning Superligaga chiqa olmagani yana muxlislarni ranjitgani aniq va ularda yana bir bor ishonchsizlikni oshirgan bo‘lsa ham ajab emas. Oxirgi yillarda esa bu holat klubning mavqeiga ham salbiy ta’sir qilmoqda…
- To‘g‘ri, muxlislar ham g‘alabalarni xohlashadi, ularni tushunamiz. Lekin hayot shunaqa. Baribir muxlis o‘z nomi bilan muxlis bo‘lishi kerak. Hamma vaqt jamoaga muxlislik qilishlari kerak. Bu – futbol. Kim o‘ylabdi deysiz, «Neftchi»da shunaqa kunlar bo‘ladi deb. Nasib qilsa, vaqti kelib jamoa yana porlaydi. Pro-liga o‘yinlarida jamoamizning o‘yinlariga kelib qo‘llab-quvvatlab turgan ishqibozlarimizga rahmat. To‘g‘ri, ular unchalik ko‘p bo‘lmadi, shunga qaramay, kelganlarga minnatdorchilik bildiraman. «Neftchi» Superligaga chiqishi va yana jamoa oldingi davrlariga qaytishi kerak.
- Keyingi rejalaringiz qanday? Klubdagi ishingizni davom ettirasizmi?
- Hozir hech nima deya olmayman, ayni paytda ta’tildamiz. Yangi yilgacha hammasini hal qilamiz.
Fikrlar