
Asror Aliqulov: "Bu g‘alaba futbolchilarga kuch quvvat va o‘zlariga ishonchni beradi"
“Mash’al” klubi “So‘g‘diyona”ga qarshi bellashuvda 1:0 hisobida g‘alaba qozonib, Superligadagi ilk muvaffaqiyatini qo‘lga kiritdi.
Uchrashuvdan so‘ng muborakliklar bosh murabbiyi Asror Aliqulov quyidagicha fikr bildirdi:
“Avvalambor, barchani ulug‘ ayyom – Ramazon Hayiti bilan tabriklayman. “So‘g‘diyona” ikkita mag‘lubiyatdan keyin o‘z uyida muxlislari oldida katta kuchni g‘alabaga sarflashini bilardik. Biz ham bosim uyushtirishga harakat qildik. Chuqur himoyaga o‘tmoqchi emasdik.
Qaysidir holatda bajara oldik va yana qaysidir holatda qila olmadik, deyish mumkin. Bu g‘alaba futbolchilarga kuch quvvat va o‘zlariga ishonchni beradi.
Tarkibimizda ko‘p futbolchilarda Superliga hayajoni, saviyasi va o‘z kuchiga ishonmasligi ko‘zga tashlanib turibdi. “Mash’al”ga befarq bo‘lmagan barcha muxlislarimizni g‘alaba bilan tabriklayman”.
Fikrlar