
Asror Aliqulov: "Himoyachilarimizga ko‘plab savollarimiz bor"
Muborakning "Mash’al" klubi Toshkentda “Paxtakor”ga qarshi uchrashuv o‘z darvozasidan javobsiz beshta to‘p o‘tkazib yubordi.
Mazkur uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanida mehmonlar bosh murabbiyi Asror Aliqulov o‘z fikrlarini aytdi.
- Birinchi navbatda “Paxtakor”ni yirik hisobdagi g‘alabasi bilan tabriklayman. Bu ularning chempionatdagi birinchi g‘alabasi, bizning esa birinchi yirik mag‘lubiyatimiz. Muxlislar oldida uzr so‘raymiz. Kiyinish xonasida ushlanib qolganimizdan va kuttirib qo‘yganimiz uchun uzr. Himoyadagi kamchiliklarimiz, futbolchilarimiz saviyasi, tezlik borasida, tez fikrlash va jismoniy kurashlarda to‘liq “Paxtakor” yutdi. Ko‘p imkoniyat berib yubordik. 2:0 dan keyin ham futbolchilarimizni hujum qilishga undadik. Ko‘p xatolar bo‘ldi va “Paxtakor” bizni jazoladi.
- Toshkentga kelayotgan ko‘p jamoalar “Paxtakor” salobati tufaylimi maydonga cho‘chib tushishadi. Shu narsadan xalos bo‘lgan jamoagina “Paxtakor”ga munosib qarshilik ko‘rsata oladi. Bugun futbolchi ruhiy jihatdan uchrashuvga tayyormidi yoki aynan ilk daqiqalarda ruhiy ustunlik boy berilgani hisobiga vaziyat shunday tus oldimi?
- Bu to‘g‘ri fakt. Birinchi o‘yinda ham ruhiy hayajon sezildi. Bugun ruhiy tomonlama, futbolchilarni o‘zlariga ishonchsizligi, noto‘g‘ri qarorlar, keraksiz joylarda to‘p yo‘qotish va “Paxtakor”ning pressingidan chiqib ketish holatlarida juda sekin fikrladik. Futbolchilarda Superligada o‘yin amaliyoti yo‘qligini ham sabab qilish mumkin. O‘yingacha harakat qildik, lekin o‘yinda chindan ruhiy holat yaqqol sezilib qoldi. Hamma ustunlik “Paxtakor”ning qo‘lida edi.
- Salifuni erta almashtirdingiz. Qishda ham uni hali o‘yinlarga 100 foiz tayyor emas degandingiz. Salifu ko‘p jabhada ulgurmagani uchun uni almashtirdingiz, degan fikr paydo bo‘ldi. U haqida fikringiz qanday? Tiklanishga qancha vaqt ketadi va keyingi turda rotanitsya sifatida o‘rnida boshqa o‘yinchini ko‘ramizmi?
- Rotatsiya bor. O‘tgan yili pro ligada harakat qilgan futbolchimiz va Dilshod Rahmatullaev ham bor. Salifuga keladigan bo‘lsak, unda jismoniy holatida, ozgina vazn tomonlama muammolari bor. Bu borada ishlayapmiz. Vazni bor, tezligi baland emas. Shu bois ham bugun “Paxtakor”ning tezkor futbolchilari fonida u bo‘shliqlarni yopishga ulgura olmayapti. Uni biroz jarohati tufayli zaxiraga oldik.
- Keyingi o‘yinlarda ham raqibni mana shunday kuchli bosimi bo‘lgan taqdirda jamoada qanday taktik o‘zgarishlar bo‘ladi? Murabbiylar shtabida bu borada qandaydir rejalar bormi?
- Ha, ko‘rib chiqamiz. Keyingi raqib boshqa. Ko‘ryapsiz, bu yil ko‘pincha mehmonda o‘ynashga majburmiz. “Andijon” bilan bahsimiz bor. Ushbu raqib o‘yinlariga qarab taktika tanlaymiz. O‘ylaymanki, bugungi uchrashuvdan kelib chiqib, himoya chizig‘imizga ham ko‘plab savollarimiz bor. Hamma himoyachilarimiz birgina Sergeevga yakka kurashlarda 100 foiz yutqazishdi. Bu degani oddiy holatlarda ham Sergeev ustun bo‘ldi. Himoyadagi futbolchilarimiz Superliga saviyasiga, bosimga, bunday kurashlarga tayyor emasligi ko‘rinib qoldi.
Fikrlar