Asror Aliqulov: "Mash’al"ga yangi qon quyilyapti"

  • 11.06.2019 12:41
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol

So‘nggi paytlarda «Mash’al» jamoasida bosh murabbiy o‘zgarishi haqidagi xabarlar avj olgandi. Buning natijasida 10 yil davomida klubda ishlagan rossiyalik mutaxassis Aleksandr Xomyakov jonajon jamoasi bilan xayrlashdi va u «Andijon» bosh murabbiyiga aylandi. Muborakliklar esa Aleksandr Andreevichning o‘rniga qaysi murabbiyni tayinlash borasida ortiqcha qiyinchilikka duch kelishmadi. Boisi, yanvar oyida «Mash’al»da ish boshlagan va bosh murabbiyga yordam berib kelayotgan Asror Aliqulov Xomyakovning o‘rnini egalladi.

40 yoshli Asror Chorievichning murabbiylikni boshlaganiga hali ko‘p vaqt bo‘lgani yo‘q. U bunga qadar G‘uzorning «Sho‘rtan» klubida, avvaliga o‘rinbosarlar jamoasini, keyin esa asosiy jamoani boshqardi. Lekin Aliqulovning u erdagi faoliyati uzoqqa cho‘zilmagandi. Shundan keyin murabbiylik o‘quv-kurslarida o‘qidi va bugungi kunda «A» litsenziyasiga ega hisoblanadi. Shu yilning yanvar oyida esa «Mash’al»dan tushgan taklifni qabul qilib, Muborakda ish boshlagandi. Yana bir qiziq jihati shundaki, Aliqulov futbolchilik faoliyatini aynan «Mash’al»da boshlagan.

- Asror Chorievich, Aleksandr Xomyakov «Mash’al» bilan xayrlashganidan keyin uning o‘rniga sizni bosh murabbiy etib tayinlashdi. Bu vazifani bajarishga tayyor edingizmi?

- Murabbiy har qanday holatda ham hamma narsaga tayyor bo‘lishi kerak. Aleksandr Andreevichga Superliganing bir qator jamoalari qiziqish bildirishayotganidan xabarimiz bor edi. Chunki u bilan har kuni birga ishlardik va shu bois voqealar rivojidan xabardor bo‘lib turgandik. Bir jamoada 10 yil ishlash ham katta muddat. Albatta, uni ham Superligada ishlagisi kelardi va bu narsa Xomyakovda sezilib turardi. Natijada o‘ziga kelib tushgan takliflardan o‘zi uchun eng ma’qulini tanladi. «Andijon» jamoasida ishlayotgan murabbiylar ilgari «Mash’al»da ishlab ketishgan. Balki shu narsa ham uning andijonliklarning taklifini qabul qilishga undagan bo‘lsa ajab emas. Endi «Mash’al»ga foydam tegishi uchun bor kuchimni ishga solaman.

- 10 yil davomida Xomyakov «Mash’al»ga o‘zining taktik uslublarini singdira olgandi. Hamma uning boshchiligidagi jamoaning o‘yin chizgisini bilardi. Siz esa Aleksandr Andreevichning o‘rnini egallagan murabbiy sifatida ayting-chi, uning ishlab chiqqan tizimi bo‘yicha ishni davom ettiraverasizmi yoki hammasini boshidan boshlamoqchimisiz?

- Bu yil «Mash’al»ga yangi qon quyilyapti desak ham bo‘ladi. O‘tgan yilgi tarkibdan aksariyati Superliga klublariga berib yuborildi. Ularning o‘rni esa asosan yoshlar bilan to‘ldirildi. Xomyakov necha yildan beri klubda ishlagan bo‘lsa, jamoaga uning taktik uslublari singib ketgan. Agar hammasini birdaniga o‘zgartirmoqchi bo‘lsak, unda klubga zarar etkazib qo‘yishimiz mumkin. Albatta, o‘zimga yarasha yangi g‘oyalarim bor. Ammo buni tezda emas, asta-sekin amalga tatbiq etib boramiz.

Asror Aliqulov222

- Xomyakov o‘ziga yarasha tajribali mutaxassis va u «Mash’al»ga ko‘p narsa bera oldi. Lekin undan keyin jamoada ishni davom ettirishingiz debyutant sifatida sizga qo‘shimcha og‘irlik tug‘dirmaydimi?

- Bu narsa mening ham xayolimdan o‘tgan. Bunday tajribali murabbiydan jamoani qabul qilish ham oson emas. Oxirgi paytlarda menda hayajon kuchli bo‘lyapti. Masalan, o‘tgan yili «Sho‘rtan»da ishlaganimda bunchalik hayajonni his qilmagandim. Xomyakovdan keyin jamoada ishlay olamanmi, «Mash’al»ning saviyasini yanada ko‘tarish imkoniyati qo‘limdan keladimi, degan savollar xayollarimda yuribdi. Menga ishonch bildirayotgan odamlarning ishonchlarini oqlay olamanmikin, deya ba’zida o‘ylanaman. Lekin men murabbiy sifatida o‘zimga ishonaman.

- Aleksandr Andreevichnning lavozimini egallashdan oldin o‘zi bilan ham gaplashib, tavsiyalarini oldingizmi?

- «Mash’al»ga yanvar oyida qo‘shilgan bo‘lsam, qisqa vaqt davomida Xomyakov bilan ishlab, o‘zim uchun ancha-muncha narsalarni o‘zlashtirib oldim. Har bir murabbiyning uslubi bor. Imkon darajasida Aleksandr Xomyakovdan o‘zim uchun kerakli narsalarni o‘rganishga harakat qildim. Lekin hali yana o‘rganishim mumkin bo‘lgan jihatlar ko‘p.

- Tarkib jihatdan ham yoshartirib yuborilgan. Bosh murabbiylikni egallaganingizdan keyin yangi maqsadlar qo‘yildimi? Aytmoqchimanki, Xomyakov ketgach, vazifalar o‘zgarmadimi?

- Yo‘q, hech nima o‘zgarmadi. Oldin klub oldiga qanday maqsad qo‘yilgan bo‘lsa, hozir ham o‘sha maqsad o‘z kuchida turibdi. Ha, tarkibimiz yoshlardan tashkil topgan. Ammo 21 yosh, bu ayni o‘ynaydigan vaqti. Har bir uchrashuvga faqat g‘alaba uchun tushamiz. «Mash’al»ning mavqeini tiklash va muxlislarni xursand qilish uchun tarkibimizdagi futbolchilar ham yosh bo‘lishiga qaramay, o‘z hissalarini qo‘shishlari kerak.

- «Mash’al» quyi divizionga tushirib yuborilganidan beri bu erda ikkinchi yil ishtirok etmoqda. Natijada tarkib butunlay o‘zgartirildi va yoshartirib yuborildi. Bu ham etmaganidek, 10 yillik murabbiy ham klubdan ketdi. Bunday jarayonlardan keyin esa ko‘pchilik «Mash’al»ning Superligaga qaytish imkoniyatlarini yanada past baholamoqdalar.

- To‘g‘ri, tarkib yoshartirilgani odamlarda «Mash’al»ning Superligaga qaytishni istamayapti va imkoniyatlari past degan fikrlarni keltirib chiqarishi mumkin. Ammo boya aytganimdek, har qanday holatda ham jamoaning maqsadi o‘zgarmaydi. Doimgidek, klub o‘zidan iqtidorli yoshlarni tarbiyalab futbolimiz uchun etkazib bermoqchi. Futbolchi futbol bilan shug‘ullanyaptimi, demak, uning qandaydir maqsadi bor. Nimadir yutish, g‘oliblikni qo‘lga kiritish yoki terma jamoada o‘ynash vahokazo. Aytmoqchimanki, bizning o‘yinchilarimizda ham maqsadlari katta. Biz ham Superligaga chiqish uchun oxirgi imkoniyatimiz qolgunicha kurashamiz. Rahbarlarimiz esa kundan-kunga sharoitlarni yaxshilab borishyapti. Ilhom Qurbonov ham har doim futbolchilar bilan birga va ular bilan gaplashyapti. Ularning fikrlari faqat futbolga qaratilgan, boshqa narsalarga bo‘linmasligi uchun ham rahbarlar hamma narsani qilishyapti. Bu borada «Mash’al»da katta ishlar amalga oshirilyapti.

- Asror Chorievich, siz bungacha ham yoshlar bilan ishlaganingizni yaxshi bilamiz. Bu yil esa «Mash’al»da ish boshladingiz va siz kelgach, bu erda ham tarkibda yoshartirish siyosati qo‘llanildi. Vaqti kelib esa siz jamoa bosh murabbiyiga aylandingiz. Go‘yoki, klubda qilinayotgan bunday ishlarning barchasi aslida siz uchun qilinayotgandek taassurot uyg‘otmoqda.  

- Yo‘q, reja bunday bo‘lmagan. Menga o‘sha paytda «Mash’al»dan tashqari yana boshqa takliflar ham bor edi. Tarkib yoshartirilishining yana bir sabablaridan biri, klubning yillik smetasi ham qisqargandi. Yoshi kattaroq futbolchilar baribir Superligada va kuchliroq klublarda o‘ynashni istashadi. «Mash’al» esa ularga boshqa jamoalarda o‘zlarini ko‘rsatish uchun imkoniyat berdi. Ularning o‘rni esa klub yoshlaridan tuzildi. Shu bilan birga yuqorida ta’kidlaganimdek, «Mash’al»ning maqsadi o‘zgarmadi. Biz shu yoshlar bilan Superligaga chiqishga urinib ko‘ramiz.

- Aslida voqealar rivoji sizni bosh murabbiylikka etaklashini kutganmidingiz?

- To‘g‘risini aytsam, kutmagandim. Xomyakovning ketishi ham aslida kutilgan voqea edi deya olmayman. Ammo oxirgi paytlarda Superligada «Andijon»ning ishlari yurishmayotgandi. «Buxoro»da esa bosh murabbiy ketgandi. Aytmoqchimanki, shundan keyin Xomyakovning ketishi kutilayotgan jarayon bo‘lib qolgandi. Xomyakov esa O‘zbekistonda taktik tomondan kuchli murabbiy deya nom qozongan. Shunday ekan, uning nomzodi boshqa jamoalar tomonidan ko‘rib chiqilishi ham aniq edi.

- Bungacha siz «Sho‘rtan» yoshlarini boshqargansiz va asosiy jamoasiga ham ustozlik qilgansiz. «Mash’al» esa murabbiylik faoliyatingizda ikkinchi ish joyingizga aylandi. Muborakliklar ustoziga aylangach, shaxsiy maqsad va rejalaringiz ham o‘zgarib boryaptimi?

- Futbolda talabchanlik birinchi o‘rinda. O‘yinchilarimizning o‘ziga bo‘lgan ishonchi va talabchanligini oshirish biz uchun muhim. Biz imkon qadar qisqa muddatda o‘yinchilarimizni tayyorlashga harakat qilyapmiz. Chunki jamoamizdagi yigitlarning kelajagi bor. Buning uchun esa avvalo futbolchilarimizning va jamoamizning saviyasini ko‘tarishimiz kerak.

- Sizni yaxshi bilamiz va insoniylik nuqtai nazaridan ham sizda samimiylik doim ustun turadi. Ta’bir joiz bo‘lsa, yumshoq xarakterga egasiz. Ammo murabbiylikka qadam qo‘yganingizdan keyin bu siz uchun yangi  sinov va yangi qadam. Ayniqsa, bosh murabbiylikka o‘tganingizdan so‘ng ma’lum darajadagi xarakteringizni o‘zgartirishingiz kerak bo‘ladi. Murabbiydan esa qattiqqo‘llik talab etiladi.

- To‘g‘ri aytyapsiz. Maydonda futbol o‘ynagan paytlarimda ham imkon darajasida yonimdagilarga yordam qo‘lini cho‘zishga odatlanganman. Lekin endi men bosh murabbiyman. Chindan ham bunda siz qattiqqo‘l bo‘lishingiz kerak. Tartib-intizom birinchi o‘rinda turadi. Agar shu narsa bo‘lmasa, siz ko‘p narsani yo‘qotishingiz mumkin. Tan olaman, hali murabbiylikda ko‘p vaqt ishlamaganman va bu borada menda etarlicha tajriba yo‘q. Ammo ishlash jarayonida men uchun katta amaliyot va malaka bo‘ladi. Qo‘l ostingizdagi har bir o‘yinchi bilan esa murabbiy albatta til topishishi kerak. Qattiqqo‘llikni ham me’yorida ushlab tura olishi lozim. Agar murabbiy o‘z manfaatini ustun qo‘ysa yoki uni futbolchilari hurmat qilmay qo‘ysa, bunday jamoani ushlab turish juda qiyin bo‘ladi. Bunday vaziyatda ko‘pni ko‘rgan insonlar bilan maslahatlashib ish ko‘ryapmiz. Jamoa ichida bo‘layotgan ishlarni faqat murabbiy biladi, chetdan hech kim bilmasligi lozim. Futbolchilik paytimdan beri menga bildirilayotgan ishonchlarni oqlash uchun jon-jaxdim bilan kurashardim va shu xislat menda hali ham bor. Shunday ekan, hozir ham menga ishonayotgan insonlarning ishonchini oqlashim kerak.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!