Asror G‘ofurov: Surxondaryolik bo‘lganim uchun "Surxon"ning taklifiga yo‘q deya olmadim

  • 19 iyul, 2019, 00:06
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 2
  • Futbol
CHERY AUTO

Ayni paytda klublarimiz yozgi yig‘inda tayyorgarlik ishlarini olib borishmoqda. 9 iyuldan esa transfer oynasi ochilgani bois barcha jamoalarda o‘zgarishlar boshlangan. Bunday paytda o‘yinchilarning keldi-ketdisi ham avj olmoqda. Ushbu mavsumni «Andijon» tarkibida boshlagan yarim himoyachi Asror G‘ofurov ham jamoasini yangilashga qaror qildi.

Tecno

Termizning «Surxon» klubi ushbu o‘yinchiga taklif bilan chiqqanidan keyin G‘ofurov qarorini o‘zgartirishga ahd qildi. Turkiyada bir necha yil faoliyat ko‘rsatgan futbolchi O‘zbekistonga qaytib yarim mavsumdan keyinoq jamoasini yangilashga ulgurdi.

- Biror-bir futbolchi u klubdan boshqa klubga o‘tadigan bo‘lsa, bu nimadir yoqqan yoki yoqmaganligi bilan bog‘liq emas, - deya gap boshladi, Asror G‘ofurov. - Nima uchun «Andijon»dan ketganimga kelsak, menga «Surxon» jamoasidan taklif bo‘ldi. Shu sababli jamoamni o‘zgartiryapman. Kuni kecha barcha muzokaralar hal bo‘ldi. Endilikda «Surxon»ning mashg‘ulotlarida ishtirok etyapman. Lekin «Andijon» ham meni osonlikcha qo‘yib yuborgisi kelmadi. Ammo termizliklardan taklif bo‘lganidan so‘ng yo‘q deya olmadim. Qolaversa, o‘zim ham surxondaryolikman. Umuman aytganda, «Andijon» bilan o‘rtamizda kelishmovchiliklar bo‘lgani yo‘q. Biz klub bilan do‘stona ravishda xayrlashdik. «Surxon» men haqimda «Andijon»ga taklif bilan chiqdi. Ikkala klub esa mening transferim borasida o‘zaro kelishib olishdi. Ammo qanday kelishgani menga qorong‘u. «Andijon» klubi rahbari bilan gaplashganimda, ishing hal bo‘ldi, «Surxon» bilan moliyaviy tomonlarini kelishib oldik, keyingi faoliyatingga omad tilayman deb rahmat aytdi. «Andijon» tarkibida 14 ta uchrashuvda ishtirok etdim. Andijon xalqiga o‘z minnatdorchiligimni bildirib qolaman. Ular meni doim qo‘llab-quvvatlashdi. O‘zingiz ham bilasiz, Turkiyadan qaytganimdan keyin O‘zbekistondagi birinchi jamoam «Andijon» bo‘ldi. Bu jamoadan umuman yomonlik ko‘rganim yo‘q. Aksincha, ulardan xursand bo‘ldim. Futbolda esa o‘yinchilarning u jamoadan, bu jamoaga ko‘chib o‘tishlari bor narsa. Balki mening «Surxon» bosh murabbiyi Baxtiyor Ashurmatovga qaysidir hislatlarim yoqib qolgandir.

«Andijon» birinchi davrani qoniqarli o‘tkaza olmaganini hamma yaxshi biladi. Shu sababli autsayderlardan biriga aylanib qoldi. Birinchi davrada ushbu jamoa tarkibida to‘p surgan va endilikda sobiq o‘yinchisiga aylangan Asror G‘ofurov esa «Andijon»ning muvaffaqiyatsiz ishtirokiga quyidagicha izoh berdi:

- Albatta, birinchi davra «Andijon» jamoasi uchun ko‘ngildagidek kechmadi. Agar o‘yinlarimizni tahlil qilib chiqadigan bo‘lsak, bizga faqat omad etishmaganligini aytishim mumkin. Chunki bir qator uchrashuvlarda yutib turgan paytimizda g‘alabalarni qo‘ldan chiqardik. Masalan, «Navbahor», «Qizilqum», «Dinamo» kabi jamoalarga qarshi uchrashuvlarda tayyor g‘alabalarni qo‘ldan chiqarib yubordik. Lekin jamoada hamma ishlar asta-sekin o‘z iziga tushadi. Yangi bosh murabbiy Aleksandr Xomyakov vaziyatdan chiqib ketishga harakat qilyapti. Futbolni esa hamma har xil ko‘radi. Masalan, mening o‘zimga yarasha futboldagi tushuncham bor, murabbiylarniki esa boshqacha. Shu bois ularning ham futbolga bo‘lgan qarashlarini hurmat qilaman. Ikkinchi davrada jamoaga omad tilayman va mavsumni yuqori o‘rinlardan birida yakunlashiga umid bildirib qolaman.

To‘g‘ri, har kimning futbolga qarashi bor. G‘ofurovning bildirgan fikrlaridan keyin balki u «Andijon» ustozi Aleksandr Xomyakovning uslubiga mos tushmadimikin, degan savol ham tug‘ildi. Lekin futbolchi vaziyat bunday bo‘lmaganini ta’kidladi.

- Xomyakovning taktikasiga moslasha olmadim demoqchi emasman. Boya aytib o‘tganimdek, aslida andijonliklar mening ketishimni xohlashmagandi. Meni o‘zlari qo‘yib yuborishgani yo‘q. Rahbariyat yana birgalikda hamkorlik qilish istagida ekanliklarini ma’lum qilishgandi. Lekin ikkala klub kelishib olganidan keyin mening «Surxon»ga o‘tishim aniq bo‘ldi. Hozirda «Andijon» qiyin ahvolga tushib qoldi. Klub 13-o‘rinda boryapti. Buning asosiy aybdori esa biz futbolchilarmiz. Chunki maydonda biz o‘ynaymiz. Bu borada harakat qilmadik emas, qo‘limizdan kelganicha kurashdik va nimadir qilishga urindik. Lekin har doim jamoaga nimadir etishmay qolardi. Chetdan qaraganlarning hammasi bilib turgandi, «Andijon»ga nimadir etishmayapti. Vaholanki, natija yaxshi bo‘lishi uchun hamma harakat qilyapti. Endi klub o‘sha etishmayotgan nimadirni hal qilishi lozim. Hali hech narsa yo‘qotilgani yo‘q va oldinda ikkinchi davra bahslari bor. Qolaversa, andijonliklar ikkinchi davrada o‘z maydonida 7-8 ta o‘yin o‘tkazadi. Jamoa esa bundan foydalanib qolishi kerak. Eng asosiysi, ularga omad kulib boqishini tilab qolaman. Baribir vodiyliklar futbolga tashna va uni juda sevishadi. Ikkinchi davrada «Andijon» yo‘qotilgan ochkolar o‘rnini to‘ldira oladi deb umid qilaman. Har holda jamoada yaxshi futbolchilar bor. Iqtidorli o‘yinchilar paydo bo‘lyapti. Ikkinchi davrada ular katta sahnaga chiqishadi deb o‘ylayman, - deydi Asror.

Endi G‘ofurovning barcha o‘y-xayollari «Surxon» bilan bog‘liq bo‘ladi. Bosh murabbiy Baxtiyor Ashurmatov esa ikkinchi davra uchun tarkibni sezilarli darajada kuchaytirishga harakat qilmoqda. Maqsad esa jiddiy ko‘rinmoqda. Shuning uchun ham selektsiyaga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Endi «Surxon» jamoasining bir bo‘lagiga aylangan Asror G‘ofurovning faoliyatida yangi sahifa ochildi.

- «Surxon» klubining reja va maqsadlari jiddiy. Ular kuchli uchlikka kirish uchun kurashishyapti. Baxtiyor Ashurmatov bilan hammasini gaplashib oldik. Maqsadiga erishish yo‘lida yordam berishim muhimligini ta’kidladi. O‘z oldiga katta-katta vazifalarni qo‘ygan klubda to‘p surish juda qiziqarli va yoqimli. Bu yo‘lda esa men «Surxon»ga qo‘limdan kelganicha yordam berishga harakat qilaman. Aslida ham ular meni shu maqsadda taklif qilishdi. Ashurmatovning o‘yin uslubiga aynan men kabi o‘yinchilar kerakligini aytdi. Bosh murabbiy «Surxon»ni kuchli klubga aylantirish uchun har tomonlama qattiq mehnat qilayotgani ko‘rinib turibdi. Baxtiyor Ashurmatov bilan birinchi marta ishlashim. To‘g‘risi, bu o‘zim uchun ham qiziqarli tuyulyapti. Baribir men uchun yangi murabbiy, yangi jamoa va yangi muhit. Bularga ko‘nikishim va o‘rganishim uchun vaqt kerak.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Murod Panjiev
19/07/2019 09:52
Уз элингда уз сурхонингда жон куйдириб уйна укам мухлисларни мехрини козонишинга тилакдошман.ОЛГА СУРХОНИМ!
&
Surxon turon
19/07/2019 06:37
Тӯғири қарор сурхондарёлик фудболчиларни йиғгани чунки астойдил ӯйнайди Анварга омад