"Ayrim o‘yinchilarning talabini bajara olmadik. Bu ochiq gap" - Ro‘ziqul Berdiev ishtirokida qiziqarli matbuot anjumani

  • 2 mart, 2024, 00:00
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 2
  • Futbol
BEPUL PROPAN

“Nasaf” klubi chempionatning dastlabki turini o‘z uyida “Olimpik” jamoasiga qarshi o‘tkazib 2:0 hisobida ustun keldi. Uchrashuvdan keyin “Nasaf” bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiev matbuot anjumanida jurnalistlarning bir qator qiziqtirgan savollariga javob qaytardi.

- G‘alaba bilan tabriklaymiz. Avvalo, uchrashuv borasidagi fikrlaringiz.

-Tabrik uchun rahmat. Men ham muxlislarni tabriklayman. Yigitlarga minnatdorchilik bildirdik. Bugungi uchrashuvni yaxshi, hujumkor boshladik. Birinchi bo‘lim o‘rtalariga kelib o‘yinimizda ozgina pasayish bo‘ldi. Buni “Olimpik” jamoasini to‘pni yaxshi nazorat qilgani bilan bog‘lasak bo‘ladi. Chunki “Olimpik” ko‘proq shu narsaga e’tibor qaratdi va qarshi hujumlarga. Biz ikkinchi bo‘limda ba’zi-bir o‘zgarishlarni qildik. Ushbu o‘zgarishlar g‘alabamizga asosiy sabablardan bo‘ldi, deb o‘ylayman. Kerak paytda himoyalandik va kerak paytda hujumga e’tibor qaratdik. Lekin asosiysi, bugun ob-havoni holatini hisobga olib standart vaziyatlarda yaxshiroq harakat qilishimiz kerak edi. Bo‘ydor o‘yinchilarimiz bor edi, ammo bu biz kutgandek yaxshi amalga oshmadi. Asosiysi, g‘alabaga erishdik.

-  Islom Kenjaboev va Oybek Bozorovni qachon safga qaytishi ma’lum bo‘lganmi?

- Bozorovni jarohati birinchi o‘yin bilan bog‘liq bo‘ldi. Elkasidan jarohat oldi va engil operatsiya o‘tkazdi. O‘ylaymanki, ikki haftalarda qaytadi. O‘zi esa tezroq qaytishga juda shoshilyapti. Rejamiz bo‘yicha ikki hafta ketadi, balki 2-3-turlarni ham o‘tkazib yuborar. Kenjaboevga kelsak, shifokorlarni bizga aytishicha, u hech qanday mashg‘ulotsiz bir oy jarohatini davolashi kerak edi. O‘sha muddat o‘tyapti. O‘ylaymanki, Kenjaboev yaqin oralarda qaytadi. Sherzod Nasrullaev terma jamoada jarohat oldi va bizga qaytib kelganidan keyin ham yana bo‘ldi. Jarohatini tuzatishga harakat qilyapti. Ko‘rinib turibdiki, ularni yo‘qligi sababli ayrim o‘zgarishlarni qilishga majbur bo‘lyapmiz va o‘yinimizga ta’sir ko‘rsatyapti. Shunga qaramay, har bir bahsga imkoniyatimizdan kelib chiqib bor o‘yinchilarimizdan foydalanishga harakat qilyapmiz.

Berdiev

- Da Silva ikkala golga ham assistentlik qildi. Uni ikkinchi taymda tushirdingiz. O‘yin boshidan tushirishingiz mumkinmidi?

- Da Silvani ikki kun oldin bu o‘yinga asosiy tarkibga kiritish rejamizda bor edi. Nima uchun ikki kun oldin? Kecha qor yoqqani uchun va bugun kurashlarga boy o‘yin edi va texnikaga tayanadigan futbolchilar zarur bo‘lmagani bois uni zaxirada qoldirgandik. Ko‘rdinglar, u yaratuvchan, o‘zi ham yaratadi. O‘yinimizga ko‘nikib boryapti. O‘ylaymanki, hali jamoamizga ko‘p yordami tegadi.

- Mavsum avvalidagi uchrashuvda viloyat hokimi ko‘pchilik “Nasaf” chempion bo‘lishini xohlayotgani haqida gapirdi. Umuman, bu yil qanday vazifa qo‘yildi va “Nasaf”ni chempion bo‘lishi uchun barcha jabhada hamma narsa etarlimi?

- Oldimizga aniq vazifa qo‘yildi. Har yili yuqori o‘rinlar uchun kurashganmizu, lekin cho‘ntagimizda oltin medal yo‘qligi uchun shu narsa asosiy maqsad bo‘lib turibdi. Rahbariyat bu haqida gapiryapti. O‘zimizning ham maqsadimiz shu. Har yilgi o‘yinlarimiz, natijalarimiz ko‘rsatayotgandiki, bizga ozgina nimadir etishmayotgandi. Kim chempion bo‘lishi faqatgina mavsum oxirida hal bo‘ladi. Lekin biz harakat qilishimiz lozim. Bunga imkoniyatimiz bor, tarkibimiz yaxshi. Ammo oldin aytganimdek, tarkib yaxshi bo‘lgani bilan mehnat qilmasangiz hech nimaga erishib bo‘lmaydi. Shuning uchun hammasini birlashtirishimiz, o‘yinimizni yaxshilashimiz kerak. Albatta, bu narsa ba’zi futbolchilarimizga bosim yuklayotgan bo‘lishi mumkin. Lekin, o‘ylaymanki, jamoamizda barcha bunga ruhan tayyor. OChLdagi o‘yinimizda ham potentsialimiz ancha yuqori ekanini ko‘rsatdik. Agar Oybek, Sherzod va Islom bo‘lganida balki OChLda ham natijamiz bundan-da, yaxshiroq bo‘lardi. Chunki o‘sha uchrashuvlarda zaxiradan futbolchilar tushishganida o‘yinni kuchaytira olishmadi. Bu ham o‘yinimizga ta’sir qildi. Aynan Bozorov, Kenjaboev kabilar o‘sha uchrashuvda juda zarur edi, qarshi hujumlarda. Bor imkoniyatimizdan foydalanamiz.   

- Ko‘pchilik “Nasaf”ni tarkibini “quturgan” deb atashmoqda. Tarkibdan qanchalik ko‘nglingiz to‘ldi? O‘zingiz o‘ylagan futbolchilarni olib kela oldingizmi?

- Yo‘q, men “quturgan” degan gaplarga qo‘shilmayman. Bizdagi o‘yinchilar bir o‘zi hal qiladigan emas. Bir o‘zi hal qiladigan futbolchilarni olib kelishga imkoniyatimiz ham yo‘q. Shu bois jamoaviy o‘yinga e’tibor qaratishimiz kerak. Nimaga erishgan bo‘lsak, hammasiga jamoaviy o‘yin orqali erishganmiz. To‘g‘risini aytaman, ayrim terma jamoa futbolchilarini ham taklif qilgandik. O‘zimizga yaqin, bilgan o‘yinchilarni. Biroq ularni ololmadik. Ba’zilari boshqa jamoaga ketdi, ba’zilari kelmadi. Yana ayrimlarini aytgan talabini qilib bera olmadik ham. Bu ochiq gap. Lekin biz bundan-da, ko‘proq o‘yinchilarni taklif qilgandik. Ayrim transferlar amalga oshmadi. Bu yil birinchi davragacha tarkibimizdagi mavjud o‘yinchilardan foydalanamiz.  

- O‘sha taklif qilingan futbolchilar kimlar edi? Hech bo‘lmaganda bittasini jamoatchilikka ayting...

- Yashiradigan joyi yo‘q, buni hamma bilardi – Odil Hamrobekovni xohladik. O‘ziga ham aloqaga chiqdik. Farruh Sayfievni ham istagandik. Hammasini aytib o‘tirmaylik, nimadir bo‘ldi va ular boshqa klublarni tanladi. Sizga ikkitasini aytdim, bundan tashqari boshqa futbolchilar ham bor edi. O‘zimga yaqin bo‘lgan futbolchilarni aytdim, boshqalarni aytmay qo‘ya qolay. Chunki ular hozir meni gapimdan xafa bo‘lishmaydi (kuladi).

Berdiev1

- Doim yangi va yosh o‘yinchilarni kashf etib kelgansiz. Bu yil qaysi futbolchini kashf qilish rejada bor?

- Sizlarga bir narsani aytay: oxirgi yillarda Zafarmurod, Alibek, bu yil Murodni ham jalb qilyapmiz. To‘g‘risi, katta o‘yinchilarni olganimiz uchun yoshlarga biroz e’tiborimiz kamaygandi. Oldimizdagi maqsad OChLdagi ishtirok, Kuboklarni yutish va chempionlik edi. Shu sababli kattaroq o‘yinchilarga urg‘u bergandik. Bilasizmi, nimani aytishim kerak: o‘rinbosarlar tarkibiga o‘zim boshchiligimda 2005 va 2006 yillarda tug‘ilgan yigitlarni ko‘proq o‘ynatishga urg‘u beryapmiz. Akademiyamizdan 2006 yillardagi bolalardan 10 ga yaqinini o‘rinbosarlar jamoamizga taklif qildik. O‘shalarni ko‘pchilik ertangi o‘yinlarimizda ham qatnashishadi. Tarkibimiz hozirda kattaroq futbolchilardan iborat bo‘lsa, yoshlar jamoamizni yanada yoshartiryapmiz. Bu ham kerakli narsa.

- “Nasaf” navbatdagi turni Toshkentda “Paxtakor” bilan o‘tkazadi. Har ikkala jamoaning imkoniyatlarini qanday baholaysiz?

- “Paxtakor” har qanday holatda va har qanday tarkib bilan ham “Paxtakor”! Chempion jamoa. Safarda o‘ynaymiz, bu oson bo‘lmaydi. Biroq oxirgi yillarda “Paxtakor” bilan o‘yinlardagi ko‘rsatgichimiz yomon bo‘lmayapti. Bu uchrashuvda ham ijobiy natija uchun maksimal kurashamiz. Muhim uchrashuvlardan biri bo‘ladi.

- Murod Rahmatov 6-raqamda o‘ynayapti. Uni ushbu raqamni tanlashida sizni tashabbusingiz qay darajada? Bir paytlar siz ham 6-raqamda to‘p surgansiz.

- Oldin ham so‘rashardi. Ba’zi-bir futbolchilarni o‘zi shu raqamda o‘ynashga tashabbus ko‘rsatishadi. Masalan, Aziz G‘aniev shu raqamda o‘ynashni so‘ragan. Unga olaver, yoqsa o‘ynayver deganman. Hozir shu raqam bo‘sh ekan Murod ham oldi, o‘ynayapti. 6 mening raqamim demayman. Kim xohlasa va munosib bo‘lsa, o‘ynayversin.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Ulja Toliyev
02/03/2024 12:07
Сайфиев кемагани яхши булибди
&
SportsNasaf
02/03/2024 00:28
Yashang Ro'ziqul aka,biz Nasaf va sizga ishonamiz,hakamlarsiz chempion bo'lamiz.
Bekzod va Jalolxon 50/50 olib Silva,Marusich tandemini nishonlayotgan bo'lsa kerak)